So‘nggi yillarda texnologik taraqqiyot insoniyat hayotining barcha jabhalarini tubdan o‘zgartirmoqda. Raqamli transformatsiya, sun’iy intellekt (AI), avtomatlashtirish va katta hajmdagi ma’lumotlar (big data) asosida shakllanayotgan yangi davr nafaqat kundalik faoliyatni, balki mehnat bozorining tuzilmasini ham butunlay yangilab bormoqda. Endilikda ishchi kuchiga bo‘lgan talab faqat an’anaviy bilimlar va kasbiy malakalar bilan emas, balki moslashuvchanlik, raqamli savodxonlik va ijodkorlik kabi yangi ko‘nikmalar bilan belgilanyapti.
Sun’iy intellekt va raqamlashtirish jarayoni jadallashib borgani sari bir qancha kasblar va ish o‘rinlari keskin qisqarmoqda, shu bilan birga yangi ish joylari yaratilyapti va zamonaviy kasblarga bo‘lgan talab mehnat bozorida ortmoqda. “World Economic Forum” tomonidan o‘tkazilgan “Kelajak kasblari – 2025” tadqiqoti natijalariga ko‘ra, 2030-yilgacha 170 million yangi ish o‘rinlari yaratilishi va 92 milliondan ortiq ish o‘rinlari qisqarishi kutilmoqda. Bundan tashqari, tadqiqotga ko‘ra, 1 milliondan ziyod ish o‘rinlari keyingi 5 yilda o‘zgarishsiz qoladi.
Xo‘sh, keyingi besh yil ichida qaysi kasblarda qisqarish va qaysi kasblarda talab ortishi kuzatiladi?
Talab eng tez o‘sadigan kasblar:
Sun’iy intellekt va mashinaviy o‘qitish mutaxassislari – avtomatlashtirish va sun’iy intellekt texnologiyalarining rivojlanishi turli sohalarni tubdan o‘zgartirmoqda, bu esa ushbu yo‘nalishda faoliyat yurituvchi mutaxassislarga bo‘lgan talabni keskin oshirmoqda. Ular algoritmlarni ishlab chiqish, aqlli tizimlarni loyihalash va avtomatlashtirish jarayonlarini takomillashtirishda muhim rol o‘ynaydi. Bu soha yaqin yillarda sezilarli darajada ish o‘rinlari yaratadi.
Katta ma’lumotlar (Big Data) bo‘yicha mutaxassislar – dunyo bo‘yicha ma’lumotlar hajmi keskin ortib borayotgan bir paytda, katta hajmdagi ma’lumotlarni boshqarish, tahlil qilish va ulardan amaliy xulosalar chiqarish bo‘yicha mutaxassislar tobora ko‘proq zarur bo‘lmoqda. Har qanday sohadagi kompaniyalar qaror qabul qilishni takomillashtirish va samaradorlikni oshirish uchun Big Data mutaxassislariga tayanadi.
Kiberxavfsizlik bo‘yicha mutaxassislar – kiberhujumlar soni ortib borayotgani sababli, axborot xavfsizligini ta’minlash dolzarb masalaga aylanmoqda. Ma’lumotlar va tarmoqlarni zararli tahdidlardan himoya qilish har qanday tashkilot uchun muhim vazifa hisoblanadi. Shu sababli, kiberxavfsizlik sohasi oldingi yillarda keskin o‘sishga ega bo‘ladi.
Moliyaviy texnologiyalar (FinTech) muhandislari – moliya sohasining raqamli transformatsiyasi tufayli FinTech muhandislariga bo‘lgan ehtiyoj ortib bormoqda. Ular raqamli to‘lov tizimlari, blokcheyn, kriptovalyutalar va onlayn bank xizmatlari uchun texnologiyalar ishlab chiqadilar. Raqamli moliyaviy xizmatlardan foydalanish kengaygani sari, ushbu soha mutaxassislariga bo‘lgan talab ham oshadi.
Sog‘liqni saqlash sohasidagi mutaxassislar – jahon aholisining qarib borayotgani va tibbiyot sohasidagi yutuqlar tufayli shifokorlar, hamshiralar va tibbiy texnik xodimlarga, ayniqsa, geriatrik va onkologik yo‘nalishlarda yuqori ehtiyoj saqlanib qoladi. Bu kasblar kelgusi o‘n yillikda inson salomatligini saqlashda muhim rol o‘ynaydi.
UI/UX dizaynerlar – raqamli platformalar hayotimizning ajralmas qismiga aylangani sababli, foydalanuvchi interfeysi va tajribasi (UI/UX) dizaynerlariga talab oshib bormoqda. Ular veb-saytlar, mobil ilovalar va boshqa raqamli mahsulotlar uchun intuitiv, qulay interfeyslar ishlab chiqadi va foydalanuvchilar uchun yoqimli tajriba yaratishga hissa qo‘shadi.
Robototexnika muhandislari – sanoatning ishlab chiqarishdan tortib tibbiyotgacha bo‘lgan ko‘plab sohalarida avtomatlashtirish va robotlardan foydalanish ortib borar ekan, robototexnika bo‘yicha muhandislarga ehtiyoj ham oshadi. Ular turli sohalarda xavfsizlik va samaradorlikni oshiruvchi robotlarni loyihalash, qurish va texnik xizmat ko‘rsatish bilan shug‘ullanadi.
Eng tez qisqarayotgan kasblar:
G‘aznachilar (kassirlar) – o‘z-o‘ziga xizmat ko‘rsatish tizimlari, avtomatlashtirilgan to‘lov yechimlari va elektron tijoratning ommalashuvi an’anaviy kassir bo‘lgan ehtiyojni kamaytirmoqda. Chakana savdodagi avtomatlashtirish ishlari bu kasbni bosqichma-bosqich ahamiyatsiz qilib boradi.
Telemarketologlar – iste’molchilarning sovuq qo‘ng‘iroqlarga va avtomatlashtirilgan chaqiruvlarga nisbatan salbiy munosabati tufayli telemarketing sohasi inqirozga uchramoqda. Sun’iy intellekt va avtomatlashtirish texnologiyalarining rivojlanishi inson telemarketologlarni chatbotlar va mijozlar bilan samarali muloqot qiluvchi avtomatik tizimlar bilan almashtirmoqda.
Sayohat agentlari – expedia, Booking.com va Airbnb kabi onlayn bron qilish platformalarining keng qo‘llanilishi an’anaviy sayohat agentlariga bo‘lgan talabni keskin kamaytirdi. Ba’zi maxsus xizmatlar hali mavjud bo‘lsa-da, umumiy holatda sayohat bo‘yicha maslahat berish va buyurtma qilish xizmatlariga bo‘lgan ehtiyoj sezilarli darajada kamaymoqda.
Pochta xodimlari – raqamli kommunikatsiya vositalari va elektron tijorat logistikasi rivojlanishi an’anaviy pochta xizmatlariga bo‘lgan ehtiyojni qisqartirmoqda. Elektron pochta, onlayn xabar almashish va raqamli hisob-kitoblar maktublar hajmini sezilarli darajada kamaytirdi, bu esa pochta sohasida ishlovchi xodimlar sonining qisqarishiga olib kelmoqda.
Ishlab chiqarishdagi oddiy ishchilar – ishlab chiqarishda avtomatlashtirish va robototexnika inson mehnatini tobora ko‘proq almashtirmoqda. Ko‘plab takrorlanuvchi vazifalar endilikda mashinalar tomonidan bajarilayotgani sababli, ishlab chiqarishning ayrim bosqichlarida inson kuchiga ehtiyoj kamaymoqda.
Bosma jurnalistlar – raqamli axborot vositalarining jadal rivojlanishi bosma jurnalistika sohasining qisqarishiga olib keldi. Iste’molchilar hozirda yangilik va ma’lumotlar uchun onlayn platformalar, ijtimoiy tarmoqlar va bloglarga murojaat qilmoqdalar, bu esa an’anaviy gazeta va jurnallarning hajmini kamaytirib, bosma jurnalistlarga bo‘lgan ehtiyojni ham pasaytirmoqda.
Qishloq xo‘jaligi ishchilari – qishloq xo‘jaligida avtomatlashtirish jarayonlari bu sohani keskin o‘zgartirmoqda. Robototexnika, sun’iy intellekt asosidagi tizimlar va avtonom texnikalar ekin ekish, hosil yig‘ish va dala monitoringi kabi vazifalarni tobora ko‘proq bajarayotgani tufayli, ushbu sohada qo‘lda bajariladigan ishlarning hajmi qisqarmoqda.
2025 va 2030-yillar oralig‘ida mehnat bozori texnologik taraqqiyot tufayli shakllanib, sun’iy intellekt, katta ma’lumotlar, kiberxavfsizlik, moliyaviy texnologiyalar, sog‘liqni saqlash va ekologik barqarorlik sohalarida o‘sish kuzatiladi. Aksincha, kassirlik, telemarketing va bosma jurnalistikadagi ish o‘rinlari avtomatlashtirish joriy etilishi bilan qisqaradi. Raqobatbardosh bo‘lish uchun ishchilar texnologiyani qabul qilishi, yangi sohalarni doimiy ravishda o‘rganishi va qayta ko‘nikma hosil qilishi kerak.
“My perfect resume” platformasida mingdan ortiq amerikalik ishchilar o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rovnoma natijasiga ko‘ra, qatnashuvchilarning 80% dan ortig‘i yaqin yillar ichida o‘z ishini yo‘qotishi mumkinligidan xavotirda ekanini bildirgan. Turli sohalar va ish o‘rinlari keskin qisqarayotgan bir paytda qanday qilib o‘z karyerasini muvaffaqiyatli davom ettirishga oid maqola “Forbes” jurnalida chop etildi. Unga ko‘ra, shaxsiy brendni shakllantirish, strategik networking va daromadni diversifikatsiya qilish tavsiya etiladi.
2025-yilda kasbingizni kelajakka moslash uchun, mehnat bozori qanday o‘zgarayotganini tushunishingiz va o‘zingizni qanday tayyorlashingiz kerakligini bilishingiz muhim. Eng avvalo, ayni paytda va kelajakda talab katta bo‘lgan ko‘nikmalarni egallash zarur. Coursera va “World Economic Forum” kabi platformalarning hisobotlariga ko‘ra, sun’iy intellekt (AI), ma’lumotlar tahlili, foydalanuvchi tajribasini yaratish (UI/UX), tanqidiy fikrlash, raqamli marketing va liderlik ko‘nikmalari tobora muhim bo‘lib bormoqda.
Bundan tashqari, moliyaviy barqarorlik va kasbiy rivojlanish uchun sizda bir nechta variantlar bo‘lishi kerak. Bu, asosan, kelajakdagi iqtisodiy o‘zgarishlar, kompaniyalardagi qisqartirishlar yoki ishdan bo‘shatishlar kabi xavflarga qarshi kafolatdir. Bu bir nechta doimiy ishda ishlash degani emas, lekin qo‘shimcha daromad manbalarini shakllantirish, masalan, passiv daromad, oilaviy kichik biznes, freelancing yoki sevimli mashg‘ulotingizdan daromad olish bo‘lishi mumkin.
Texnologiyalar rivojlanishi, raqamlashtirish, sun’iy intellekt, ma’lumotlar oqimi va boshqa omillar ta’sirida mehnat bozori o‘zgarib bormoqda. Bu jarayonlarni doimiy kuzatib borish, moslashish va o‘z kuchli tomonlaringizni to‘g‘ri yo‘naltira olish, qo‘shimcha kerakli qobiliyat va ko‘nikmalarni rivojlantirish borish orqali mehnat bozorida o‘z o‘rningizni mustahkamlash mumkin.
#Maqola