“Shunday odamchalar to‘dalari paydo bo‘layaptiki, moddiy foydadan boshqa narsa ularning ko‘ziga ko‘rinmaydi. Ular uchun bundan boshqa o‘lchov birligi yo‘q! Men ba’zida o‘ylab qolaman: yana 15-20 yildan so‘ng ularga Beruniy, Ulug‘bek, Navoiy haqida gapirsang, “O‘tmishda o‘tgan bo‘lishsa o‘tishgandir, menga nima foydasi bor” deyishlari aniq. Men o‘n-o‘n besh yildan so‘ng deb andavalab gapirayotgandirman. Holbuki bu ko‘rgulik boshlanib bo‘lgan. Faxr tuyg‘usining o‘lishi yomon narsa, odamning ildizlarini quritadi”.
Eshqobil Shukurning yaqinda chiqqan maqolasidagi yuqoridagi so‘zlar kun sayin sizu-bizning haqiqatimizga aylanib bormoqda. Bugun jamiyatdagi odamlarimizni moddiy boyliklar izidan quvish bilan birga ma’naviy boyligini yo‘qotib bormoqda. Faqat millat uchun kuyib yonuvchi, ularning xotirasini abadiylashtirish, yetuk asarlarini zamon silsilasidan omon o‘tkazishga harakat qilayotgan ma’rifatparvar insonlarimiz ham atrofimizda uchrab turishi bizning qalbimizdagi so‘nib borayotgan olovning o‘chmasligi uchun doimo turtki bo‘lib, olovlatib turadi.

Shunday insonlardan biri hali yosh bo‘lishiga qaramay Navoiy ijodini anglashga urinib, kichik boshiga katta ishlar qilayotgan olim Akrom Malik hisoblanadi. Bugun, 4-fevral kuni “Hayrat ul-abror” dostoniga Akrom Malik yozgan sharh kitobi taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Tadbir “Ey do‘st! Kel, dunyo qayg‘ularidan, tiriklik va o‘lim g‘amidan bir nafas o‘zingni ozod qil!” nomli go‘zal jumlalar bilan boshlandi.
Taqdimotni professor, filologiya fanlari doktori Nurboy Jabborov ochib berdi va Navoiy ijodini “Durri yatim” ga qiyoslab, quyidagi misralarda Navoiy ijodining chuqur ma’nolarini ifodalab berdi.

Undan keyin so‘zga chiqqan “Hayrat ul-abror” dostoniga sharh kitobi muallifi Akrom Malik bu kitob va Navoiy ijodi haqida muxtasar ma’lumot berib o‘tdi.

Rejissyor Farohiddin Mas’ud tomonidan “Hayrat ul-abror”ning 10-maqolati asosida sahnalashtirilgan “Talab egalari” nomli spektakl Navoiy ijodining qay darajada yuksak ekanligini yana bir bor ko‘rsatib berdi.

Nafsni tarbiyalash va qalbni poklashda Hazrati Alisher Navoiyning qarashlari haqida Professor Abdumurod Tilavov ma’ruza qildi.

Kitobni o‘qib tugatganiga endi 3 kun bo‘lgan, Navoiy ijodiga befarq bo‘lmagan o‘zbek adabiyotshunosligining zabardast vakili, filologiya fanlari doktori, professor Suvon Meli “Hayrat ul-abror” sharhining xususiyatlari va o‘ziga xos jihatlari haqida gapiradi.

“Hayrat ul-abror” kabi asarlarga bugun qanchalik ehtiyoj bor. Chet elga faqat taqlid qilmasdan, aslida o‘zimizning tariximizni, adabiyotimizni chuqur o‘rganishimiz kerakligini aytib, tarixini bilmagan millat asta-sekin yo‘qolib borishi haqida Abror Muxtor Ali kuyinib gapirdi. Shuningdek, Navoiy ijodini qoralamoqchi bo‘lgan davrlar va shaxslar qoyani yiqitmoqchi bo‘lgan echkiga qiyoslandi.

Alisher Navoiy ijodida Qur’onning ta’siri haqida gapirgan Hasanxon Yahyo AbdulMajid: “Navoiyga she’r aytish pista chaqish bilan teng” deya Navoiy ijodini ta’rifladi.
Taqdimot yakunida Navoiy xotirasi uchun Qur’on tilovat qilindi va “Hayrat ul-abror” sharhi kitobi muallifi barcha qiziquvchilarga kitoblaridan ulashdi.
Ma’mura To‘rayeva tayyorladi
#Maqola