Maqolalar 12/04/2025 Bolalarga qo‘pollik qilgan pedagog va tarbiyachilarga ta’lim tizimida ishlash taqiqlanishi mumkin

O‘zbekistonda ta’lim va sog‘liqni saqlash xodimlarini ham bolaning ta’lim-tarbiyasiga mas’ul shaxs etib belgilash rejalashtirilmoqda. Ular bir yil ichida bolaga nisbatan takroran salbiy xatti-harakat qilsa maxsus reyestrga kiritiladi va bola faoliyati bilan shug‘ullanuvchi tashkilotlarga ishga kirishi taqiqlanadi. 

Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks hamda “Pedagoglar maqomi to‘g‘risida”gi qonunga o‘zgartirishlar va qo‘shimchalar kiritish loyihasi ishlab chiqilgan. Bu haqda Ijtimoiy himoya milliy agentligi boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari Laylo Fayzimurodova “Gazeta.uz” muxbiri bilan suhbatda ma’lum qilgan. 

Uning aytishicha, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 47-moddasiga kiritilayotgan o‘zgartirishga ko‘ra, voyaga yetmagan bolalarni tarbiyalash va ularga ta’lim berishga nafaqat ota-ona, balki ta’lim va sog‘liqni saqlash muassasalari xodimlari, ya’ni pedagoglar, tarbiyachilar, shifokor va hamshiralar ham mas’ul shaxs sifatida belgilanmoqda.

“Chunki ular bevosita voyaga yetmaganlar bilan ishlaydi va bolalar ularning ayrim vaqtda qaramog‘ida bo‘ladi. Agar ta’lim va sog‘liqni saqlash sohalari xodimlari Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 47-moddasi bilan javobgarlikka tortilsa, bir yil ichida takroran bolaga nisbatan salbiy xatti-harakatni davom ettirsa, «Pedagoglar maqomi to‘g‘risida”gi qonunga taklif etilayotgan o‘zgartirishga ko‘ra, muassasadagi faoliyati to‘xtatiladi», — degan Laylo Fayzimurodova.

Shuningdek, ushbu shaxs bolaning sog‘lig‘iga ziyon yetkazgani sababli reyestrga kiritiladi va bola faoliyati bilan shug‘ullanuvchi tashkilot hamda idoralar (bog‘cha, maktab, shifoxona va hokazo)ga ishga kirishi taqiqlanadi.

Qayd etilishicha, qonun loyihasi idoraviy kelishuvdan o‘tib, Ijtimoiy himoya milliy agentligi tomonidan Vazirlar Mahkamasiga kiritilgan.

#Maqola  
So'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Bizning Telegram-kanalimizga obuna bo'ling