Maqolalar 21/04/2025 Ko‘pchilik o‘qituvchilarning neyropsixologiya sohasidagi bilimlari talab darajasida emas — tadqiqot

Avstraliyalik olimlar yosh bolalar bilan ishlaydigan 563 nafar pedagog orasida so‘rovnoma o‘tkazdi. Tadqiqot davomida ularning ko‘pchiligi neyromiflarga ishonishi ma’lum bo‘lgan. 

Avstraliyaning bir nechta universitet tadqiqotchilari kichik yoshdagi bolalarning o‘qituvchilari orasida keng ko‘lamli so‘rov o‘tkazdi. Ishtirokchilar ijtimoiy tarmoqlar va elektron pochta orqali topilgan. 

Respondentlarning taxminan 75 foizi bog‘chalarda, qolganlari maktablarda ishlagan. Ularning aksariyati (35,5 foizi) 20 yildan 40 yilgacha bo‘lgan kasbiy tajribaga ega edi. Uch yilgacha ishlagan o‘qituvchi va tarbiyachilar 4,9 foizni tashkil etgan. Ishtirokchilarga “Uxlayotganimizda miyamiz o‘chadi” kabi keng tarqalgan afsonalar haqidagi 14 ta fikrni va “Sog‘lom ovqatlanish bolalarda miya rivojlanishiga yordam berishning samarali usullaridan biri” kabi 13 ta haqiqiy fikrni noto‘g‘ri yoki to‘g‘ri deb baholash taklif qilingan.

Ba’zi miflarni ishtirokchilar yolg‘on deb to‘g‘ri baholagan. Respondentlarning 90 foizdan ortig‘i “Uxlayotganimizda miyamiz o‘chadi” va “Aqliy qobiliyat faqat irsiyat bilan belgilanadi va muhit yoki tajriba tufayli o‘zgarishi mumkin emas” degan fikrlarni mutlaqo noto‘g‘ri deb to‘g‘ri aniqlagan.

Biroq miflarning bir qismi noto‘g‘ri baholanganligi ma’lum bo‘lgan. Xususan, ishtirokchilarning atigi yetti foizi “vizuallar,” “audiallar” va “kinestetiklar” haqidagi nafaqat eskirgan, balki mutlaqo noto‘g‘ri nazariya hech qachon ishonchli eksperimental dalillar bilan tasdiqlanmaganligini bilishgan. Ularning atigi 15 foizi miyaning “mantiqiy” va “hissiy” yarim sharlari mavjud emasligini tushunishgan.

Neyropsixologiya bo‘yicha aniq bilimlarga ega bo‘lish va afsonalarni tanqidiy baholash qobiliyatini tadqiqotchilar neyrosavod deb atagan. O‘rtacha hisobda pedagoglar past baho olgan – 27 balldan 13,7 ball. Olimlar yosh, tajriba va boshqa omillar bilan bog‘liq statistik jihatdan sezilarli farqlarni topmagan. Ammo o‘z-o‘zini baholash ko‘rsatkichlari, ya’ni o‘z imkoniyatlariga ishonch va ularni amalga oshirishdan muvaffaqiyat kutish sezilarli darajada farq qilgan. 31 yildan 40 yilgacha ish tajribasiga ega bo‘lgan o‘qituvchilar o‘zlarini eng yuqori baholagan – 7,28, eng yoshlarda 5,65; 41 yil va undan ko‘p tajribali pedagoglar esa – 8,22. O‘qituvchi va tarbiyachilar o‘rtacha 10 balldan 6,66 ball olgan.

Olimlarning xulosalari Trends in Neuroscience and Education jurnalida chop etildi. Afsuski, “psixologik” afsonalarga faqat avstraliyalik o‘qituvchi va tarbiyachilargina ishonishmaydi. Ispaniyalik olimlar o‘nlab mamlakatlardagi 24 ta tadqiqotni tahlil qilib, ko‘pchilik o‘qituvchilarning neyropsixologiya sohasidagi bilimlari talab darajasida emasligini aniqlagan.

#Maqola  
So'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Bizning Telegram-kanalimizga obuna bo'ling