O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 2-fevraldagi PQ-53-sonli qaroriga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamda O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va kambag‘allikni qisqartirish vazirligining qarori loyihasi jamoatchilik muhokamasiga havola etildi.
Unga ko‘ra, kasb-hunar ta’limi yo‘nalishiga mos kasb bo‘yicha ta’lim olgan 11-sinf bitiruvchilariga maktab direktori buyrug‘i asosida yakuniy imtihon topshirishga ruxsat beriladi.
Yakuniy imtihonni o‘tkazish sanasi va vaqti yakuniy attestatsiya komissiyasi raisi tomonidan tasdiqlanadi hamda imtihon boshlanishidan kamida o‘n besh kun oldin hududiy kasbiy mahorat markazi rasman xabardor qilinadi va umumiy o‘rta ta’lim maktabining kirish qismiga e’lon sifatida osib qo‘yiladi.
Yakuniy imtihonni baholash mezonlari va imtihon savollari Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan ishlab chiqilib, umumiy o‘rta ta’lim maktablariga yuboriladi.
Yakuniy imtihon natijalari imtihon yakunlangan kunning o‘zida e’lon qilinadi. Uzrli sabablarga ko‘ra imtihondan o‘ta olmagan o‘quvchilar Komissiya qarori asosida joriy yilning 1-iyuliga qadar qayta imtihon topshirishlari mumkin. Qayta topshirishdan ham o‘ta olmagan bitiruvchilarga sertifikat berilmaydi.
Bitiruvchilarga sertifikatlar maktab pedagogik kengashi qarori asosida elektron platforma orqali taqdim etiladi.
Sertifikatlar bitiruvchilarga har yili 25-iyunga qadar beriladi. Yakuniy imtihonni qayta topshirgan yoki muayyan sabablarga ko‘ra kechikib topshirgan bitiruvchilarga 1-iyulga qadar sertifikat berilishi mumkin. Bitiruvchilar ushbu sertifikatni elektron platformadan bepul yuklab olishlari mumkin. Platformadan yuklab olingan sertifikat yo‘qolgan yoki yaroqsiz holga kelgan taqdirda, uni platforma orqali qayta yuklab olish imkoniyati mavjud.
#Yangiliklar