Foto: stux / Pixabay
Hind okeanidagi orol davlat Mavrikiyda o‘quvchilar kutilmaganda darsdan ozod bo‘ldi. Mamlakat Ta’lim vazirligi 13-oktyabr kuni ayrim hududlardagi maktablar vaqtincha yopilganini ma’lum qildi. Bu haqda Reuters agentligi xabar berdi.
Qarorga tungi tartibsizliklar sabab bo‘lgan. Ular politsiya xodimi 27 yoshli Elodi Tomasga o‘q uzgani ortidan boshlangan. Mahalliy OAV ma’lumotiga ko‘ra, Elodi 9-oktyabr kechasi poytaxtdan janubdagi turar joy dahasida furgonda uyiga qaytayotganida yaralangan. Sog‘liqni saqlash vaziri Anil Bachuning aytishicha, uning tanasidan o‘qni olib tashlash bo‘yicha jarrohlik amaliyoti muvaffaqiyatli o‘tgan.
Politsiya serjantiga nisbatan dastlabki ayblov e’lon qilingan, ammo hodisaning sabablari oshkor etilmagan. Politsiya izoh bermagan, biroq surishtiruv boshlangani bildirilgan.
12-oktyabr kechasi ayrim hududlarda namoyishchilar avtomobil shinalarini yoqib, yo‘llarni to‘sib qo‘ygan, shu bois u yerlarga politsiya kuchlari safarbar etilgan. Bosh vazir idorasi vaziyat barqarorlashganini va davlat xizmatlari odatdagidek ishlayotganini ma’lum qildi.
Shunga qaramay, Ta’lim vazirligi maktablar qachon qayta ochilishini aytmadi va bu borada keyinroq qo‘shimcha ma’lumot berilishini bildirdi. Ta’kidlash joizki, Mavrikiyda bunday ommaviy tartibsizliklar kamdan kam uchraydi.
Avvalroq Malayziyada ham maktablar yopilgani xabar qilingandi. U yerda sabab — havoning ifloslanishi: qo‘shni Indoneziyadagi o‘rmon yong‘inlari tufayli Malayziyaning 37 ta hududida havo sifati zararli deb baholangan.
Bunday holatlar xavfsizlik yoki sog‘liqqa tahdid paydo bo‘lganda ta’lim muassasalari birinchilardan bo‘lib choralar ko‘rishini, o‘quvchilar hayoti esa ustuvor ekanini yana bir bor ko‘rsatadi.
Manba: Daryo.uz
#Yangiliklar #Maktab