Xabaringiz bor 15-apreldan 16-mayga qadar respublikaning barcha hududlarida pedagoglar attestatsiyasi o’tkazilmoqda. Vazir Hilola Umarova o’zining telegramdagi rasmiy sahifasida test sinovlari yakunlangandan keyin ovozli chat tashkillashtirish taklifini bildirib, attestatsiya yuzasidan pedagoglarning fikrlarini eshitish taklifini bergan edi. Shuningdek, Hilola Umarova attestatsiyada 100 foizlik natija qayd etgan pedagoglarni ham e’lon qildi.
Ammo, bir qancha pedagoglar attestatsiya jarayonlaridan norozi ekanliklarini, shuningdek, savollar juda qiyin tushayotganligini bildirishmoqda. Shuningdek, geografiya fani o’qituvchilari rasmlar sifati pastligi, savollar qiyinligidan shikoyat qilishgan edi.
Shu boisdan bevosita pedagoglar attestatsiyasiga mas’ul bo‘lgan va jarayonni muntazam ravishda nazorat qilib borayotgan vazirlikning Pedagog kadrlarga malaka toifalarini berish jarayonini tashkil etish boshqarmasi boshlig‘i Sardor Raximboyev esa o’zining telegramdagi sahifasida ko‘pchilikning e’tirozlariga sabab bo‘layotgan ayrim test savollarini tahlil qilib bermoqda.
Bugun esa ijtimoiy tarmoqlarda attestatsiya oid savollarning X variantlari tarqalgani hamda turli noqonuniy harakatlar bo’layotgani haqidagi xabarlar tarqaldi. Quyidagi videoda esa, pedagog bir vaqtning o’zida ham test jarayonidagi videoda ko’rinib turgani, ham tashqarida turgani iddao qilingan.

Holat yuzasidan vazirlik matbuot xizmatidan ma’lumot olishga harakat qildik. Vazirlikning ma’lum qilishicha, bunday xabarlar hech qanday asosga ega emas va yolg’on. Chunki, attestatsiyada beriladigan savollar har ikki soatda yangilab boriladi, ularning X variantlari chiqib ketishi yoki tarqalishi imkonsiz.
Videodagi holatga esa vazirlik quyidagicha ma’lumot berdi:
Ijtimoiy tarmoqlarda Samarqandda malaka sinovlarida qatnashib chiqqan nomzodning onlayn efirda hali ichkarida turganligi kuzatilgani haqida video tarqaldi.
Aslida mana shunday holatlarga barham berish uchun ham jarayon shaffof tarzda toʻgʻridan-toʻgʻri efirga berib turiladi.
Birinchi holatda, videoni ko‘rib chiqilganda, unda uzilish va qotishlar bo‘lgani aniq ko‘rinadi. Toifa sinovlari o‘tkaziladigan bino ichidagi kuzatuv kameralarining onlayn efiri https://cams.uzedu.uz veb-sayti orqali amalga oshiriladi.
Biroq, bu sayt RTSP protokolini qo‘llab-quvvatlamagani uchun, video oqim maxsus kodirovka orqali uzatiladi.
Ushbu onlayn translyatsiya tizimida har 15 soniyada yangilanadigan video kadrlar saqlanadi. Sayt kompyuter brauzerida ochilgach, ko‘rsatilayotgan barcha kadrlar kesh xotirada (ya’ni vaqtinchalik xotirada) saqlanib qoladi.
Agar internet aloqasi uzilsa, brauzer avtomatik ravishda oxirgi uzilmasdan avval ko‘rsatilgan kadrlarni ko‘rsatishda davom etadi.
Bu muammoni bartaraf etish uchun sahifani oddiygina yangilash (refresh qilish) yetarli bo‘ladi. Yuqoridagi holatda esa, interaktiv panelda internet aloqasi uzilgan va natijada eski, ya’ni uzilishdan oldingi kadrlar ekranga chiqqan.
Ilova qilingan rasmdan koʻrinib turibdiki, ushbu nomzod 52 ball toʻplab attestatsiyadan oʻta olmagan. Shuningdek, nomzodning test jarayonida olingan rasmlari va u sinovdan ketgandan keyingi holatni ko‘rishingiz mumkin (butun jarayonning to‘liq vidoesi ham mavjud va u 1 yil davomida saqlanadi).
Shuningdek, Andijon viloyatida o’tkazilgan attestatsiya sinovlarida boshqa bir nomzodning telefondan foydalanayotganligi kuzatilgan va o’sha kuni, ya’ni 19-aprel kuni natijalari bekor qilinib, chetlashtirilgan.

Maʼlumotlarga koʻra, bugungi kunga qadar respublika boʻyicha aloqa qurilmalaridan yoki boshqa vositalardan foydalangan jami 24 nafar nomzod test sinovlaridan chetlashtirilgan.
#Yangiliklar