Yangiliklar 27/02/2025 TDIU dotsenti Michigan universitetidan 40 ming dollarlik grantni qo‘lga kiritdi

     Toshkent davlat iqtisodiyot universitetining “Soliq va soliqqa tortish” kafedrasi dotsenti Dildora Abdusattarova  Times Higher Education (THE) reytingida 23-o‘rinni egallagan Michigan universitetida 2025-2027-yillarda olib boriladigan ilmiy tadqiqotlar uchun mo‘ljallangan 40 000 dollarlik grantni qo‘lga kiritdi. 

    Michigan universitetining Ta’lim fakulteti tomonidan taqdim etilgan mazkur grant bilan taqdirlangan tadqiqotchilar ilmiy va amaliy tajribalar asosida ilg‘or ilmiy loyihalarda ishtirok etish imkoniyatiga ega bo‘ladilar. Bu grant TDIU dotsenti Dildora Abdusattarova uchun nafaqat ilmiy ishlanmalarini rivojlantirishga, balki global ta’lim va tadqiqot hamkorliklarida o‘zining malakasini yana-da oshirishga katta imkoniyat yaratadi.

–  Michigan universiteti, shubhasiz, dunyoning yetakchi ilmiy muassasalaridan biridir va u yerdagi ilmiy tadqiqotlar bilan yaqindan tanishish, ular bilan hamkorlik qilish men uchun katta imkoniyat. Grant nafaqat ilmiy ishlanmalarimni rivojlantirishga yordam beradi, balki yangi metodologiyalarni o‘rganish va ilg‘or ilmiy loyihalarda ishtirok etishga zamin yaratadi. Boshqa olimlar bilan fikr almashish, tajriba orttirish hamda global ilmiy hamjamiyatga qo‘shilish imkonini beradi. Bu, o‘z navbatida, Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida ta’lim berishda ham, talabalarimga ilg‘or bilimlar berishda ham o‘z ta’sirini ko‘rsatadi, – deydi Dildora Abdusattarova.

     Ta’kidlash joizki, ushbu natija universitetning global ilmiy maydonda akademik darajasini yanada yuqorilashida muhim ahamiyat kasb etadi.

#Yangiliklar  
So'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Bizning Telegram-kanalimizga obuna bo'ling