Vazirlar Mahkamasining “Respublikada nodavlat ta’lim xizmatlari sifatini oshirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 403-sonli qarori qabul qilindi, deya xabar bermoqda
📄 Qaror bilan, nodavlat OTMlar faoliyatini litsenziyalashning qo‘shimcha shartlari sifatida quyidagilar belgilandi:
🔹 tashkil etilayotgan oliy ta’lim tashkilotining konsepsiyasi taqdim etiladi;
MAQSAD: ta’lim sohasiga kimlar kirib kelyapti, ularning qo‘lida malakali kadrlari bormi, uzoq muddatli istiqbolda qanday rejalarni o‘z oldiga maqsad qilgan, sifatni ta’minlash uchun nimalar qilishmoqchi, kabi savollarga javob olish.
🔹 nodavlat oliy ta’lim tashkilotining dastlabki ustav fondi (ustav kapitali) 2 mln AQSH dollari ekvivalentidan kam bo‘lmagan miqdorda shakllantiriladi (keyinchalik talabalar sonining ko‘payib borishiga mutanosib ravishda ustav fondi oshirib boriladi);
MAQSAD: talabalarga yetarli sharoit yaratish uchun dastlabki mablag‘lar tikilishini ta’minlash. Bunda ta’sischilar ustav fondidagi mablag‘larni moddiy-texnik bazasini shakllantirish, o‘quv dasturlari uchun zarur jihozlar va dasturiy ta’minotlarni sotib olishga sarflashi mumkin. Aslida uncha katta bo‘lmagan va barcha sharoitlarga ega oliygoh ochish uchun taxminan 10-15 mln AQSH dollari ketadi.
🔹 350 ming AQSH dollari ekvivalentidagi mablag‘lar tijorat banklaridagi depozitlarga zaxiraga joylashtiriladi;
MAQSAD: mabodo qaysidir xususiy oliygoh turli sabablarga ko‘ra (ta’sischilari o‘zaro kelisholmay qoldi yoki bankrot bo‘ldi, qoidalarni bajarmagani uchun litsenziyasi olib qo‘yildi va h.k.) yopilib ketsa, o‘sha yerda o‘qiyotgan talabalarning kontrakt pullarini qaytarib berish kafolatini ta’minlash.
🔹 tashkil etilayotgan OTMning bino va inshootlari maydoni 5 ming kv/metrdan kam bo‘lmasligi lozim. Bunda bino universitetning o‘z mulki bo‘lishi shart emas, kamida 5 yil muddatga tuzilgan ijara (tekin foydalanish) shartnomasi asosida ish boshlash ham mumkin;
MAQSAD: kamida institut maqomiga ega bo‘lish uchun talabalarni o‘qitadigan binosi yetarli darajada maydonga ega bo‘lishi kerak, xuddi o‘quv markazlariga o‘xshab 5-6 ta xona bilan oliygoh ochishmasin, deyishmoqda.
🔹 OTM tashkil etilgan vaqtdan boshlab dastlabki 5 yil davomida yillik sof foydasining kamida 80 foizi, keyingi yillarda esa kamida 50 foizi mazkur ta’lim tashkilotining asosiy faoliyatini rivojlantirishga yo‘naltiriladi.
MAQSAD: xususiy oliygohlarni faqat “soqqa ishlash” uchun ochishmasin, o‘zining topgan pulini ta’limga sarflashsin, deyishmoqda. Aslida ham universitetlar daromad oladigan maskanlar emas. Normal ishlaydigan va doim sifatga e’tibor beradigan universitetlar 30-40-yilda ham daromadga chiqa olmaydi, faqat zarar bilan chiqadi. Chunki ta’lim sohasi muntazam reinvestitsiya talab qiladi. 1 so‘m pul topsa, 2 so‘m qilib qaytarib, yana universitetga tikish kerak bo‘ladi. Masalan, talabalarning kontraktidan 1 mlrd so‘m pul tushdi, shuning 500 mln so‘mini yechib olib, uy sotib olay, deyilmaydi.
Ushbu qaror rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran 3 oy o‘tgach kuchga kiradi.
❗️Qaror kuchga kirgunga qadar litsenziya olgan tadbirkorlik subyektlari 2026-yil 1-yanvarga qadar o‘z faoliyatini yangi litsenziya talablari va shartlari asosida tashkil etishi lozim.
#Yangiliklar