Maqolalar 14/04/2025 Attestatsiyadan o‘ta olmagan o‘qituvchini ishdan bo‘shattirib, uning darslarini olish mumkinmi?

Savol: Ikki marotaba pedagoglar attestatsiyasida (bir marta majburiy va bir marta navbatdan tashqari) ishtirok etgan, ammo ikkala holatda ham attestatsiya sinovlaridan o‘ta olmagan oliy ma’lumotli o‘qituvchini ishdan bo‘shatib, uning ish stavkasini hali oliy ta’limni tugatmagan (sirtqi ta’limda 5-kurs talabasi) o‘qituvchiga berish mumkinmi?

Javob: Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 17-sentyabrdagi 572-son qaroriga 1-ilova “Maktabgacha, umumiy o‘rta, o‘rta maxsus, professional va maktabdan tashqari ta’lim tashkilotlari pedagog kadrlarini attestatsiyadan o‘tkazish tartibi to‘g‘risida” nizom pedagog kadrlarini attestatsiyadan o‘tkazish tartibini belgilaydi.

Mazkur nizomning 44-bandiga ko‘ra, mutaxassis (oliy ma’lumotli o‘qituvchi) lavozimidagi pedagog kadrlar navbatdagi majburiy attestatsiyadan o‘ta olmagan taqdirda, ish beruvchi xodimning malakasi yetarli bo‘lmaganligi sababli u bilan tuzilgan mehnat shartnomasini mehnat to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda bekor qilish huquqiga ega.

Nizomning 44-1-bandiga ko‘ra, ish beruvchi mehnat shartnomasini bekor qilmagan taqdirda, navbatdagi majburiy attestatsiyadan o‘ta olmagan mutaxassis (oliy ma’lumotli o‘qituvchi) lavozimidagi pedagog kadr navbatdan tashqari attestatsiyaga ko‘pi bilan uch marta jalb etiladi.

Bunda uch martadan birortasida ham navbatdan tashqari attestatsiyadan o‘ta olmagan yoki uzrli sababsiz (kasallikka chalinishi oqibatida uzoq muddatli mehnatga qobiliyatsizlik hamda davlat yoki jamoat vazifalarini bajarganligidan tashqari hollarda) attestatsiyada ishtirok etmagan pedagog kadr bilan tuzilgan mehnat shartnomasi xodimning malakasi yetarli bo‘lmaganligi sababli bekor qilinadi.

Yuqoridagi vaziyatdan kelib chiqib aytadigan bo‘lsak, hozirda attestatsiyadan o‘tmagan o‘qituvchining dars taqsimoti bo‘yicha darajasi “Umumta’lim muassasalarida sinflarni komplektlash hamda tarifikatsiya ro‘yxatlarini shakllantirish tartibi to‘g‘risida”gi nizom (ro‘yxat raqami: 3271) talablari bo‘yicha oliy ma’lumotli toifasiz o‘qituvchi sifatida oliy ta’lim muassasalarining pedagogik yo‘nalish bo‘yicha bitiruvchisi bosqich talablaridan bir pog‘ona yuqorida turibdi.

Demak, ushbu vaziyatda attestatsiyadan o‘tolmagan jismoniy tarbiya fani o‘qituvchisi bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilinishi uchun u yana ikki marta navbatdan tashqari attestatsiyaga jalb qilinishi kerak bo‘ladi.

#Maqola  
So'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Bizning Telegram-kanalimizga obuna bo'ling