Yangiliklar 08/05/2025 Barcha ta’lim tashkilotlarida “Toza qo‘llar” dasturi amalga oshiriladi

Kecha Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida tibbiyot sohasidagi islohotlarning navbatdagi bosqichida turgan ustuvor vazifalar muhokamasiga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Unda yuqumli kasalliklarning 35-40 foizi oddiy gigiyena qoidalariga rioya qilmaslik oqibatida yuzaga kelayotgani ko‘rsatib o‘tildi. Shu munosabat bilan barcha maktab, bog‘cha, texnikum, oliygoh, poliklinika va shifoxonalarda “Toza qo‘llar” dasturi amalga oshiriladi. Unga ko‘ra:

— ta’lim va tibbiyot tashkilotlaridagi qo‘l yuvish joylari sanitar-gigiyena vositalari bilan to‘liq ta’minlanadi,

— sharoiti og‘ir bo‘lgan 126 ta maktabda hojatxonalar binoni ichida joylashtirilib, yangidan quriladi, 6 mingdan ziyod bog‘chaga geliokollektor olib beriladi;

— 4 ming 295 ta ijtimoiy muassasada suv baki va sisterna o‘rnatiladi.

Ushbu maqsadlar uchun shu yilning o‘zida byudjetdan 780 milliard so‘m ajratiladi. Har bir ijtimoiy soha muassasasi toza, ozoda bo‘lishi, unda odamlar uchun qulay sanitar-gigiyena sharoiti yaratilishi shartligi qayd etildi.

#Yangiliklar  
So'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Bizning Telegram-kanalimizga obuna bo'ling