Maqolalar 02/06/2025 El-yurt umidi jamg‘armasining stipendiyasida magistrlar uchun yosh senzi nega o‘zgartirildi?

Avvalgi Nizom  bo‘yicha ochiq stipendiya tanlovida quyidagilar ishtirok eta olmas edi:

a) bakalavriat ta’lim dasturlari bo‘yicha — 25 yoshdan katta bo‘lgan, avval o‘xshash ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha xorijda bakalavriatda ta’lim olganlar;

b) magistratura ta’lim dasturlari bo‘yicha — 20 yoshdan kichik va 45 yoshdan katta bo‘lgan, shuningdek, avval o‘xshash mutaxassislik bo‘yicha xorijda magistraturada ta’lim olganlar;

v) doktorantura ta’lim dasturlari bo‘yicha (shu jumladan aspirantura orqali falsafa doktori (PhD) yoki fan doktori (DSc) ilmiy darajasini olish uchun) — 22 yoshdan kichik va 45 yoshdan katta bo‘lgan, shuningdek, avval falsafa doktori (PhD), fan nomzodi yoki fan doktori (DSc) ilmiy darajasini xorijda olganlar;

g) tanlangan mutaxassislik bo‘yicha mehnat staji 2 yildan kam bo‘lganlar;

2025-yil 5-maydagi yangi Nizom bo‘yicha esa quyidagi shaxslarga ishtirok etish taqiqlandi:

a) bakalavriat ta’lim dasturi bo‘yicha 30 yoshdan katta bo‘lgan, shuningdek, avval o‘xshash mutaxassislik bo‘yicha xorijda bakalavriatda ta’lim olganlar;

b) magistratura ta’lim dasturi bo‘yicha — 22 yoshdan kichik va 40 yoshdan katta bo‘lgan, shuningdek, avval ayni yoki turdosh mutaxassislik bo‘yicha xorijda magistraturada ta’lim olganlar;

v) doktorantura ta’lim dasturi bo‘yicha (shu jumladan, aspirantura orqali falsafa doktori (PhD) yoki fan doktori (DSc) ilmiy darajasini olish uchun) — 25 yoshdan kichik va 45 yoshdan katta bo‘lgan, shuningdek, avval falsafa doktori (PhD), fan nomzodi yoki fan doktori (DSc) ilmiy darajasini xorijda olganlar, O‘zbekistonda fan doktori (DSc) ilmiy darajasini olganlar;

g) magistratura ta’lim dasturiga hujjat topshirishda 1 yildan kam, doktorantura ta’lim dasturiga esa 2 yildan kam mehnat stajiga ega bo‘lganlar;

Ko‘rib turganingizdek, bakalavr bosqichi uchun yaxshi yangilik qilingan, ya’ni avval 25 yoshdan katta bo‘lganlar qatnasha olmas edi, hozir 30 yoshgacha ruxsat berildi.

Ammo magistratura bosqichi uchun ham bo‘yidan, ham enidan chopishibdi. Ya’ni 22 yoshdan kichiklar va 40 yoshdan kattalar topshira olmaydigan qilishibdi. Avvalgi Nizomda 20 yoshdan kichik va 45 yoshdan kattalarga ruxsat yo‘q edi.

Hozir 21 yoshda bo‘lgan va nufuzli, kamida TOP-100 dagi oliygohlarning magistratura bosqichiga kirgan bir necha yoshlar menga murojaat qilib, El-yurt umidi jamg‘armasining stipendiyasiga hujjat topshira olmaganini aytishmoqda. Rad qilishning yagona sababi — ular 21 yoshda yoki hali 22 yoshga to‘liq to‘lmagan.

Men bu qarorni to‘g‘ri yoki noto‘g‘ri demoqchi emasman, chunki hozircha sabablarini bilmayman. Ochiq manbalarni qidirib ko‘rdim, ammo nega bunaqa o‘zgarish kiritilganiga izoh topa olmadim (balki bordir-u, men ko‘rmagandirman).

Shu o‘rinda mas’ullarga bir nechta savollarim bor edi:

Magistratura uchun stipendiyaga 21 yoshli O‘zbekiston fuqarosi topshira olmasligiga sabab nima? Uning aybi nimada? Bu qaror ortida qanday argumentlar yotibdi? Qanday ilmiy tadqiqot yoki izlanishlar bunday qarorga kelishga sabab bo‘ldi?

Va yana bir savol: 21 yoshlilar endi nima qilishi kerak? Ularga qanday yo‘l-yo‘riq, yordam va maslahatlar beriladi? Yoki shunchaki "yoshing to‘g‘ri kelmadi", deb ko‘ksidan itaramiz xolosmi?

#Maqola  
So'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Bizning Telegram-kanalimizga obuna bo'ling