Maqolalar 17/12/2024 Yillik mehnat ta'tili qanday hisoblanadi?

Yillik mehnat ta’tiliga nimalar kiradi?

Barcha xodimlarga, shu jumladan o‘rindoshlik asosida ishlayotgan xodimlarga, dam olish va ish qobiliyatini tiklash uchun ish joyi (lavozimi) va o‘rtacha ish haqi saqlangan holda yillik mehnat ta’tillari beriladi. Xodimlarga 15 ish kunidan kam bo‘lmagan 48 ish kunidan ko‘p bo‘lmagan muddat bilan yillik mehnat ta’tili beriladi.
Yillik mehnat ta’tillar asosiy, uzaytirilgan hamda qo‘shimcha ta’tillardan iborat bo‘lishi mumkin. Yillik asosiy ta’tillarning eng kam muddati 15 kun hisoblanadi.
Quyidagilarga xodimlarga yoshi va sog‘lig‘i holatini hisobga olib, yillik uzaytirilgan asosiy ta’til beriladi:
18 yoshga to‘lmagan shaxslarga — 30 kalendar kun;
ishlayotgan І va II guruh nogironlariga 30 kalendar kun.
• Ayrim toifadagi xodimlarga ularning mehnat vazifalarining o‘ziga xos jihatlari va xususiyatlarini hamda boshqa holatlarni e’tiborga olib, qonun hujjatlariga muvofiq uzaytirilgan ta’tillar belgilanadi.
Yillik qo‘shimcha ta’tillar:
• mehnat sharoiti nokulay va o‘ziga xos bo‘lgan ishlarda band bo‘lgan (mehnat jarayonida sog‘lig‘iga fizikaviy, kimyoviy, biologik va ishlab chiqarishning boshqa zararli omillari ta’sir etadigan) xodimlarga,
og‘ir va noqulay tabiiy-iqlim sharoitlarida ish bajarayotgan xodimlarga va mehnat to‘g‘risidagi qonun hujjatlarida, mehnat shartnomasida nazarda tutilgan boshqa xodimlarga beriladi.

Yillik tatillarning muddati kanday xisoblanadi?

Ko‘plab tashkilotlarda yillik mehnat ta’tillarini hisoblashda adashishadi. Vaholanki, ta’tillarning muddati qanday ish kuni (5 yoki 6 kunlik ish kuni) bo‘lishidan qat’iy nazar, 6 kunlik ish haftasi yuzasidan kalendar bo‘yicha ish kunlari bilan hisoblab chiqariladi. Ta’til davriga to‘g‘ri kelib qolgan va bayram (ishlanmaydigan) kunlar deb hisoblanadigan bayram kunlari ta’til muddatini belgilashda hisobga olinmaydi.
Yillik ta’tilning umumiy muddati asosiy ta’til yoki uzaytirilgan ta’til+qo‘shimcha ta’til tarzida hisoblab chiqariladi.
Shu bilan birga, har bir yil uchun chiqariladigan Prezidentning yillik qo‘shimcha dam olish kunlarini begilash to‘g‘risidagi farmonlariga ko‘ra, farmonda nazarda tutilgan qo‘shimcha dam olish kunlari soni yillik mehnat ta’tilining umumiy sonidan chegirib tashlab beriladi. Bunda xodimning tegishli ish yiliga nechta qo‘shimcha dam olish kuni to‘g‘ri kelsa, shuncha kun yillik mehnat ta’tilidan olib tashlanadi.
Ishlangan vaqtga mutanosib ravishda yillik ta’tillar qanday hisoblanadi?
Ta’tillar muddatini ishlangan vaqtga mutanosib ravishda hisoblab chiqarishda ularning muddati har bir to‘liq ta’til miqdorini 12 ga bo‘lib, so‘ng to‘liq ishlangan oylar soniga ko‘paytirish yo‘li bilan aniqlanadi. Bunda 15 kalendar kunga teng va undan ko‘p bo‘lgan kunlar bir oy deb yaxlitlanadi, 15 kalendar kundan kami esa chiqarib tashlanadi.

Yillik asosiy ta’til birinchi ish yili uchun 6 oydan keyin beriladi
Ish yili kalendar yilidan farqli ravishda mehnat shartnomasiga binoan ish boshlangan kundan e’tiboran hisoblanadi.
Yillik asosiy ta’til ikkinchi va undan keyingi ish yillari uchun kalendar yil boshlangunga qadar ish beruvchi tomonidan kasaba uyushmasi qo‘mitasi yoki xodimlarning boshqa vakillik organi bilan kelishib tasdiqlanadigan ta’tillar jadvaliga muvofiq ish yilining istalgan vaqtida beriladi.
Xodim ish beruvchi bilan kelishib ta’tillar jadvalidagi vaqtni o‘zgartirishi mumkin. Xodim ta’til boshlanishidan kamida 15 kun oldin xabardor qilinishi kerak. Ta’til ish yili tugagunga qadar berilishi lozim.

Yillik ta’tillarni qismlarga bo‘lish va haq to‘lash tartibi

Xodimning xohishiga ko‘ra uning yozma arizasi asosida ta’til bir qismi 12 ish kunidan kam bo‘lmagan miqdorda qismlarga bo‘lib berilishi mumkin. Ishlab chiqarish tusidagi sabablarga ko‘ra joriy yilda ta’tilni to‘liq berish imkoni bo‘lmagan alohida hollarda, xodimning roziligi bilan ta’tilning o‘n ikki ish kunidan ortiq bo‘lgan qismi keyingi ish yiliga ko‘chirilishi mumkin, shu yili undan albatta foydalanilmog‘i lozim.
Yillik ta’tillar davri uchun xodimga o‘rtacha ish haqidan kam bo‘lmagan miqdorda haq to‘lanadi. Ta’til uchun haq to‘lash eng kamida ta’til boshlanmasidan oldingi oxirgi ish kunidan kechikmay amalga oshiriladi.
Maktablar, oliy va o‘rta maxsus, kasb-hunar o‘quv yurtlari, kadrlarning malakasini oshirish, ularni tayyorlash va qayta tayyorlash institutlari va kurslarining muallimlar tarkibiga birinchi ish yilida yillik ta’til ularning mazkur o‘quv yurtiga ishga kirgan vaqtidan qat’i nazar haqiqiy ishlagan vaqtiga mutanosib ravishda haq to‘lagan holda yozgi ta’til davrida to‘liq beriladi.

So'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Bizning Telegram-kanalimizga obuna bo'ling