Yangiliklar 14/07/2025 Bugundan test boshlanadi. Ko‘p berilayotgan savollarga javoblar

❓ Testga oq ko‘ylakda yoki shu kabi biror qat’iy formada kelish shartmi?

✅ JAVOB: yo‘q, shart emas. Kiyimga cheklov qo‘yilmagan. O‘zingizga qulay bo‘lgan rangdagi, uslubdagi (masalan, sportcha) kiyimda kelavering. Va yana salgina madaniyat doirasida shortikda, shippakda, maykada kelmaslikka ham farosatingiz yetadi, degan umiddamiz.

❓ Testga kirish uchun qanday hujjat olib borish kerak?

✅ JAVOB: Test sinovlariga kirish uchun faqat pasport (ID-karta) va qog‘ozga chop etilgan «Abituriyent ruxsatnomasi» bo‘lsa kifoya. Ruxsatnomani shaxsiy kabinetingizdan yoki my.uzbmb.uz/allow/bachelor-allow manzilidan yuklab olishingiz mumkin. Ruxsatnomani telefonda ko‘rsatish hisobmas, albatta qog‘ozga chop etish kerak.

❓Pasport yoki ID-kartaning elektron versiyasini ko‘rsatsa bo‘ladimi?

✅ JAVOB: Yo‘q, bo‘lmaydi. Albatta hujjatning originali yoningizda bo‘lishi kerak.

❓Testga qanaqa rangdagi ruchka olib borish kerak?

✅ JAVOB: Hech qanaqa! Test sinovlariga o‘zingiz bilan ruchka olib kelishingiz shart emas, olib kelganingiz bilan baribir qo‘yishmaydi. Ichkarida ruchka hamda suv beriladi.

❓Testga yegulik yoki suv olib kirishga ruxsat beriladimi?

✅ JAVOB: Yo‘q, ruxsat berilmaydi. Ichkarida suv tarqatiladi. Yegulikka kelsak, testda 1-2 soat oldin nimadir tanovul qilib olishingiz kerak. Va imkon qadar bu qorinni og‘ritmaydiganroq yegulik bo‘lsin. Och qorin bilan testga kirmang! Bu natijangizga salbiy ta’sir qilishi mumkin.

❓ Testga soat olib kirishga ruxsat beriladimi?

✅ JAVOB: Ha, beriladi. Faqat asosiy sharti soatingiz oddiy mexanik soat bo‘lishi kerak. Elektron hamda smart-soatlarga ruxsat berilmaydi.

❓ O‘qishga kira olmaganlarga to‘lagan pulini qaytarib beriladimi?

✅ JAVOB: yo‘q, qaytarib berilmaydi. Avvalgi yili bitirganlardan olingan 187 ming 500 so‘m — bu testga kirish uchun edi. O‘qishga kirolmaganlarga bu pul qaytarilmaydi.

#Yangiliklar  
So'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Bizning Telegram-kanalimizga obuna bo'ling