Mushak distrofiyasi bilan og‘rigan janubiy koreyalik talaba o‘z dissertatsiyasini ko‘z harakati bilan yozib, magistrlik darajasini qo‘lga kiritdi.
Faqat ko‘z harakati va nutqidan tashqari butun tanasi falaj bo‘lib qolgan 37 yoshli Jang Ik Sun besh yoshida mushaklarni zaiflashtiradigan bedavo dardga chalingan, bu esa uning harakat qilish qobiliyatini asta-sekin yo‘qolishiga sabab bo‘lgan. Shunga qaramay, talaba o‘z ta’limini tinimsiz davom ettirgan.
Jang Ik Sun Janubiy Koreyaning o‘rta va yuqori sinflar uchun mo‘ljallangan maktab imtihonlarini muvaffaqiyatli topshirgach, Gvangju universitetining Ijtimoiy farovonlik fakultetida bakalavr darajasini olgan. 2019-yilda ushbu universitetning Ijtimoiy farovonlik bo‘yicha magistratura dasturiga o‘qishga kirib, 2021-yilda o‘qishni tamomlagan.
Gvanju universiteti 21-fevral kuni 2024-o‘quv yilining birinchi bitiruv marosimida Jang rasman magistrlik darajasini olganini tasdiqlagan. Talaba shuningdek, o‘z yutug‘i uchun akademik mukofot bilan taqdirlangan.
O‘qish har qadamda unga qiyinchilik tug‘dirardi. Qo‘lda yozolmagani sababli, elektron shakli bo‘lmagan kitoblarni raqamlashtirish uchun shaxsiy skaneriga tayangan.
“15 yil oldin ham qo‘limni stolga qo‘yib, yoza olishim mumkin edi. Endi esa bu ham imkonsiz” , – dedi u bitiruv marosimida.
Talaba ma’lumotlarni yodlashga ham qiynalgan, chunki o‘qiganlarini qayd qilib ololmasdi.
Jang kun davomida Kvanju mushak distrofiyasi assotsiatsiyasida ishlagan va mushak distrofiyasi deb nomlanuvchi 30 ga yaqin genetik mushak kasalliklari guruhiga ega odamlarni himoya qilgan. Kechasi aspirantura darslarida qatnashar, ko‘pincha unga ma’ruza materiallarini transkripsiya qiladigan yordamchining yordami bilan erta tonggacha o‘qirdi.
Uning eng katta qiyinchiliklari magistrlik dissertatsiyasini yozish paytida yuzaga kelgan. Ko‘z harakatlarini kursor buyruqlariga aylantiruvchi qurilma – ko‘zni kuzatuvchi sichqonchadan foydalanib, u har bir so‘zni, harfma-harf, ko‘zini yumib ochish orqali tergan.
Uning tadqiqotlari mushaklarda nuqsoni bo‘lgan odamlarning yashash huquqiga qaratilgan bo‘lib, yetarli darajada parvarish bo‘lmasligi oqibatlarini ifodalaydi. U kislorod apparatiga ulangan bemorlarning qisqa muddat yolg‘iz qolishi ham halokatli oqibatlarga olib kelgan holatlarni qayd etadi.
“Biz uchun faoliyatni qo‘llab-quvvatlash omon qolish masalasidir”, deya Janubiy Koreya hukumati og‘ir nogironlar uchun atigi olti soatlik g‘amxo‘rlik yordamini subsidiyalashi xavfli darajada yetarli emasligini tanqid qildi.