Maqolalar 14/12/2024 Nurli maskan bitiruvchilarining Oliy ta’limga qabul qilinish tartibi

Hayot bir tekisliklardan iborat emas. Insonga beriladigan sinovlar va qiyinchiliklarga odamlar ko‘pincha fojiadek qarashadi. Aslida har bir narsadan fojia yasash noto‘g‘ri, hayotni boricha qabul qilib uning qiyinchiliklariga mardona turgan insongina g‘olib hisoblanadi.Ko‘pchilikda imkoniyati cheklangan yoshlar Oliy ta’limga hujjat topshirishda qanday tartibda amalga oshiriladi degan savol bo‘lishi mumkin?

Bugun sizlarga Oliy ta’lim muassasalariga ko‘zi ojiz abituriyentlarni o‘qishga qabul qilish tartibi haqida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 20.06.2017-yildagi qaroriga asoslanib ma’lumot beramiz. Ko‘zi ojizlar toifasiga quyidagi abituriyentlar kiradi:

imkoniyati cheklangan shaxslar uchun ixtisoslashgan kasb-hunar kollejlari tomonidan ko‘zi ojizlar uchun berilgan diplomga ega shaxslar;

9-yillik ko‘zi ojizlar maxsus maktab internatida o‘qigan va 3-yillik o‘rta maxsus, kasb hunar ta’lim muassasasi diplomiga ega bo‘lgan shaxslar;

umumiy o‘rta ta’lim (11-sinf negizida) hujjati yoki akademik litsey (kasb-hunar kolleji) diplomiga ega bo‘lgan ko‘zi bo‘yicha 1-guruh nogironligi to‘g‘risida belgilangan tartibda berilgan shakldagi ma’lumotnomasiga ega bo‘lgan shaxslar.

Abituriyentlarni ro‘yxatdan o‘tkazish qabul komissiyalari tomonidan har yili 5-iyundan 25-iyungacha (shu kuni ham) bo‘lgan muddatda amalga oshiriladi. Ko‘zi ojiz abituriyentlar boshqa abituriyentlar qatori, oliy ta’limning bakalavriat bosqichiga hujjatlarni yagona portal my.gov.uz hamda Bilim va malakalarni baholash  agentligining my.uzbmb.uz sayti orqali  topshiradilar. Har ikkita xizmatdan foydalanib hujjatlarni topshirish, nogironligi bo‘lgan shaxslar xususan ko‘rish bo‘yicha nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun bepul hisoblanadi. Hujjatlarni topshirish jarayonida ko‘zi ojiz abituriyentlar nogironlikni tasdiqlovchi hujjatning seriyasi va raqamini saytga kiritishi kerak bo‘ladi. Oliy ta’lim muassasalari qabul komissiyalari ko‘zi ojiz abituriyentlar uchun kirish imtihonlari fanlari bo‘yicha maxsus tuzilgan jadvalga binoan maslahatlar tashkil etadilar. Ko‘zi ojiz abituriyentlar bilan tushuntirish ishlarini olib borish uchun oliy ta’lim muassasasi qabul komissiyasi tomonidan maxsus mas’ul xodim ajratiladi.

Har yili Oliy ta’lim fan va innovatsiyalar vazirligining rasmiy veb sayti edu.uz da oliy ta’lim muassasasiga yo‘nalishlar bo‘yicha kirish imtihonlarini qaysi fanlardan topshirishlari bo‘yicha fanlar majmuasi e’lon qilinadi. Fanlar majmuasi Vazirlar Mahkamasi huzurida tuziladigan davlat komissiyasi tomonidan tasdiqlanadi. Qonun hujjatlariga va fanlar majmuasiga asosan Oliy ta’lim muassasalari tomonidan, ko‘zi ojiz abituriyentlarni kirish imtihonlariga qabul qilish dasturi tuziladi va oliy ta’lim muassasasi uslubiy kengashi tomonidan tasdiqlanadi. Dasturda ko‘zi ojiz abituriyentlar uchun kirish imtihonida fanlar majmui asosida belgilangan fanlar, ko‘zi ojiz abituriyentlar bilimiga qo‘yiladigan talablar belgilanadi. Shuningdek dasturda kirish imtihonlarini tashkil etadigan komissiya va uning tarkibi, kirish imtihonlari natijalaridan norozi bo‘lgan abituriyentlar uchun, apellyatsiyaga topshirish tartibi belgilanadi.Oliy ta’lim muassasasiga hujjat topshirgan ko‘zi ojiz abituriyentlar haqidagi ma’lumotlar oliy ta’lim muassasasiga kelib tushgach, universitetlar abituriyent to‘g‘risidagi ma’lumotlarni o‘rganadi va u ko‘zi ojiz abituriyentlar toifasiga kirsa, universitetlar ushbu abituriyent bilan telefon orqali bog‘lanadi va kirish imtihonlari bo‘lib o‘tadigan vaqt haqida ma’lumot beradi.

Agar bog‘lanish imkoniyati bo‘lmasa abituriyentga sms orqali xabar yuboriladi. Oliy ta’lim muassasalarida o‘qishga qabulni sifatli tashkil etish maqsadida oliy ta’lim muassasalarida qabul komissiyalari 26-iyulga qadar tashkil etiladi. Ko‘zi ojiz abituriyentlar kirish imtihonlarida ishtirok etishlari uchun o‘zlari bilan fuqarolik pasporti yoki tamomlagan o‘quv yurti ( kasb-hunar maktabi, umumiy o‘rta ta’lim maktabi) diplom asl nusxalarini olib kelishlari kerak. Biletlardagi savollar ko‘zi ojiz abituriyentlarga o‘qib beriladi va  biletlardagi savollarga tayyorlanishga vaqt beriladi. Abituriyent savollarni Brayl yozuvida yozib olishi mumkin. Savollarga javob berish og‘zaki tarzda o‘tkaziladi. Abituriyent savollarga javoblarni Brayl yozuvida yozib olishi va o‘qib berishi mumkin. Har bir abituriyentning savollarga javob berish jarayonlari video kameraga yozib olinadi. Bundan maqsad javoblarni tahlil qilish va baholash shuningdek apellyatsiyaga topshirgan abituriyentlarning javoblarini tahlil qilishdir. Kirish imtihonlari yakunlangach abituriyentlarga qo‘yilgan ballar asosida qabul komissiyasi ko‘zi ojiz abituriyentlarni oliy ta’limda o‘qishini tavsiya qiladi yoki tavsiya qilmaydi.

Mazkur toifaga kiradigan abituriyentlar va kirish imtihonlari natijalari haqidagi ma’lumotlar 27-iyulga qadar Davlat komissiyasiga va Davlat test markaziga topshiriladi. Kirish imtihonlaridan muvaffaqiyatli o‘tgan (ko‘p balli tizimda baholanganda—maksimal ballning 55 foizidan yuqori ball olgan, besh balli baholash tizimida baholanganda — “3”, “4” yoki “5” baho olgan) abituriyentlar Davlat komissiyasi qarori asosida tanlovsiz, alohida ajratilgan o‘rinlarga davlat grantlari asosida qabul qilinadilar.

 Ko‘zi ojiz abituriyentlar oliy ta’lim muassasasiga hujjat topshirganlarida bir qancha qulayliklar bilan muammolar ham mavjud. Ushbu toifaga kiruvchi abituriyentlarning hujjatlari oliy ta’lim muassasasiga kelib tushganda ta’lim muassasasiga ularning haqiqatdan ham ko‘zi ojizlar toifasiga kiruvchi ekanliklari haqida ma’lumotlar taqdim etilmayapti. Faqatgina, ularning nogironligi mavjudligi to‘g‘risida ma’lumotlar taqdim etilmoqda. Natijada, oliy ta’lim muassasasi barcha nogironligi bo‘lgan shaxslar bilan bog‘lanib, ular haqidagi ma’lumotlarni qayta shakllantirishga majbur bo‘lmoqda. Buning asosiy sababi – tibbiy ijtimoiy ekspert komissiyalari tomonidan yagona bazaga kiritilgan ma’lumotlarda faqat nogironlik guruhi aks ettirilgan nogironlik toifasi esa aks ettirilmaganligi hisoblanadi. Aksariyat ko‘zi ojiz abituriyentlarda onlayn hujjat topshirishda texnik qiyinchiliklar mavjud.  

Ular hujjatlarini topshirish jarayonida yaqinlaridan yordam so‘raydi yoki hujjat topshirib beruvchi pullik xizmat ko‘rsatish joylaridan foydalanadilar. Natijada noto‘g‘ri yoki nogironlik hujjatini kiritmagan holda hujjatlarni topshirish hollari yuzaga kelmoqda. Ko‘zi ojiz abituriyentlar onlayn hujjat topshirish jarayonida nogironlik guvohnomasidagi ma’lumotlarni kiritganda ushbu ma’lumotlar yagona tizimda yo‘qligi ma’lum bo‘lmoqda va ko‘zi ojiz abituriyentlar tibbiy ijtimoiy komissiyalarga murojaat qilmoqda va ular ma’lumotlarni qayta kiritgunlariga qadar ko‘zi ojiz abituriyentlarning vaqtlarini yo‘qotishiga  sabab bo‘lmoqda.

 

To‘plovchi Ma’mura To‘rayeva

 

 

 

 

#Ta'lim telekanali   #Abituriyent  
So'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Bizning Telegram-kanalimizga obuna bo'ling