Nodavlat ta’lim muassasalari assotsiatsiyasi raisi Nuriymon Abulhasan YouTube’dagi “Vatandosh” TV kanaliga bergan intervyusida oliy ta’lim muassasalarini xususiy yoki davlatniki deb ajratilishini mantiqsizlik deb baholagan.
Nuriymon Abulhasan fikriga ko‘ra, O‘zbekistondagi OTMlariga litsenziyani beradigan tashkilot davlatniki emas, xususiy bo‘lishi kerak.
“Xususiy universitetlarga davlat tashkilotlari litsenziya berishi noto‘g‘ri. Bu mantiqsizlik. Chunki biz universitet ochishdan ko‘zlangan asosiy maqsadga e’tibor qaratishimiz kerak. U davlat tomonidan ochiladimi, xususiy ta’sischilar tomonidanmi, maqsad yetuk kadrlarni yetishtirish bo‘lishi lozim. Mana bu xususiy, narigi davlatniki deb gapirishimizning.
Masalan, Oksford, Garvard va boshqa yirik xalqaro universitetlar yuzlab, minglab yillardan beri faoliyat yuritadi. Ular nimasi bilan butun dunyoga tanildi? Davlat mablag‘lari shu darajaga yetib kelgani yo‘q. Bu darajaga olib chiqqan narsa, ilmiy salohiyat, izlanishlar va kashfiyotlar bo‘ldi. Shuning uchun ularni hamma taniydi. Biz 3-renessansni yaratamiz deyapmiz. Lekin uni shiorlar, balandparvoz gaplar bilan, qanaqadir bir ko‘chada yozilgan banner bilan qila olmaymiz”, – deydi Nuriymon Abdulhasan.
Nuriymon Abulhasan aytishicha, mamlakatdagi OTMlar erkin emas, ular Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi bosimi ostida, bu esa ta’lim sifatiga salbiy ta’sir qiladi.
“Maktab ta’limi va Oliy ta’lim vazirliklari mana shuncha maktab yoki universitet moddiy–texnik bazasini yangiladik, faloncha joy obodonlashtirildi, deb hisobotlar beradi. Majlislarida ishtirok etaman. Lekin shuncha bolaning fikri o‘zgardi, shuncha bola bilimli bo‘ldi, peshqadamga aylandi kabi ma’lumotlarni qachon hisobotga qo‘shamiz? Biz doim moddiy-texnik baza uchun ajratilgan mablag‘lar hisobotini eshitamiz.
Ilmiy salohiyatni chetga surib, binoga talab qo‘yaversak bo‘lmaydi. Binoni zo‘r qildi deylik, o‘qitayotgan talabalar miyasida o‘zgarish qila olmasak, ularni olamshumul kashfiyotchi qilib yetishtirmasak nima o‘zgaradi? Hozir hamma joyda sun’iy intellekt ishlayapti. Biz uni hali bolalarimizga tushuntira olmayotgan bo‘lsak, u hisobotlar kimga kerak? Universitetlar ichida raqobatni kuchaytirish zarur. Raqobat bino yoki sonlar bilan emas, miyalar bilan bo‘lishi kerak”, – deydi assotsiatsiya raisi.
Avvalroq Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov yoshlarning ko‘pchiligi diplom uchun o‘qishga kirishi, buning sababi davlat tashkilotlariga ishga qabul jarayonida bilim emas, diplom so‘ralishini aytgandi.
“Yoshlar hali ham diplom bo‘lsa bo‘ldi, degan fikrda yuribdi. Nima uchun shunday, nega diplomga qiziqamiz, deb o‘yladim. Chunki oldinlari, sovet tizimi paytida ishga qabul qilayotganda diplom so‘ralgan. Diplomga buxgalter deb yozilgan, lekin talabgor iqtisodchi bo‘lishi mumkin. Ish beruvchi yo‘q, menga buxgalter diplomi kerak, degan. Diplomingni ko‘rsat, degan. Sen shu sohani bilasanmi, buxgalteriyadan biliming bormi — uni hech kim tekshirib olmaydi. U diplom bo‘yicha qabul qiladi. Chunki qabul qilgan odamni ham tekshiruvchi organ xodim diplomiga mosmi, deb tekshirgan. Bilimi bormi, shunga mosmi, biror narsa hisob-kitob qilishni biladimi — bu hech kimga qiziq emas. Bizga faqat qiziq —diplomi bo‘lishi kerak. Hozir ham davlat tashkilotlarida bu tizim ishlaydi. Davlat tashkilotlarida malaka va bilimni baholaydigan tizim joriy qilmaguncha, diplomga bo‘lgan talab kuchayaveradi. Tashkilot biz diplom olib kelib bersakkina, ishga qabul qiladi”, – degan edi vazir Qo‘ng‘irotboy Sharipov.
Shu bilan birga, vazir O‘zbekistonda davlatga qarashli 20 ta OTMlari talabga javob bermasligi va ularni yopish rejalashtirilganini aytgan edi.
#Maqola