Yangiliklar 15/03/2025 O‘zlashtirish ko‘rsatkichiga qarab talabalarga grantlarni qayta taqsimlash tartibi tasdiqlandi

   Hukumatning tegishli qarori bilan (№149, 10.03.2025) Oliy ta’lim tashkilotlarida talabalarga grantlarni taqdim etish va qayta taqsimlash tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.

   Nizomga ko‘ra, ta’lim grantiga talabgorlardan joriy o‘quv yilida o‘zlashtirish ko‘rsatkichi bo‘yicha GPA ko‘rsatkichi 3,5 va undan yuqori bo‘lishi talab etiladi. O‘zlashtirishi ushbu ko‘rsatkichdan past bo‘lgan talabalarning ta’lim grantini tabaqalashtirilgan tarzda qayta taqsimlashda ishtirok etishiga ruxsat etilmaydi va ta’lim granti o‘rni vakant qoladi.

   Ta’lim grantiga talabgorlar uchun oliy ta’lim tashkilotining rasmiy veb-saytida onlayn ro‘yxatdan o‘tish va erishgan yutuqlarini asoslovchi hujjatlarni yuklash imkoniyati yaratiladi.

   Ta’lim grantiga talabgorlarning o‘zlashtirish ko‘rsatkichlari mutanosib tarzda 80 ballik mezonda baholanadi, bunda GPA ko‘rsatkichini “16” soniga ko‘paytirish orqali aniqlanadi.

   Ta’lim grantiga talabgorlarning ijtimoiy faollik ko‘rsatkichi 20 ballik mezonda baholanadi, bunda baholash mezoniga asosan hisoblangan natijani “5” soniga bo‘lish orqali aniqlanadi.

   Belgilangan ta’lim granti o‘rinlari doirasida tanlov chegarasida bir xil natija ko‘rsatgan talabgorlarning akademik o‘zlashtirish ko‘rsatkichiga ustuvorlik beriladi. Agar o‘zlashtirish ko‘rsatkichida ham bir xil natija aniqlangan holatda mazkur talabgorlar uchun o‘zlashtirilgan semestrlarda o‘tilgan mutaxassislik fanlaridan test sinovlari o‘tkaziladi.

   Oliy ta’lim tashkiloti kengashining qaroriga asosan ta’lim grantini oluvchi talabalar ro‘yxati har yili 25-avgustga qadar oliy ta’lim tashkilotining rasmiy veb-saytida e’lon qilinadi.

   Xullas, joriy yildan boshlab kontraktdagi talaba yaxshi o‘qisa, grantga o‘tadi, grantdagilarning o‘zlashtirish ko‘rsatkichi past bo‘lsa, kontraktga tushadi.

   Grantdagi talabaning GPA ko‘rsatkichi 3,5 dan past bo‘lsa, avtomat ravishda kontraktga tushadi. Lekin 3,5 dan baland bo‘lsa, granti 100% davom etadi, degani emas. Bunda u har yili qaytadan tanlovda qatnashadi. Agar kontraktda o‘qiydigan ko‘pchilik talabaning natijalari yaxshi bo‘lsa, GPA 3,5 dan baland bo‘lgan grantdagi talabalar ham kontraktga tushib qolishi mumkin.

   Grant uchun tanlovda GPA 3,5 dan baland bo‘lgan istalgan talaba qatnashishi mumkin. Bunda nafaqat o‘zlashtirish ko‘rsatkichiga qaraladi, balki ijtimoiy faollik ham inobatga olinadi.

#Ta'lim telekanali   #Yangiliklar  
So'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Bizning Telegram-kanalimizga obuna bo'ling