Qishki sessiya jarayonlari davom etmoqda. Uning doirasidagi imtihonlar, yakuniy nazorat ishlari, uyqusiz tunlar…
«Shurikning sarguzashtlari» filmidagi mashhur imtihon sahnasiga o‘xshash holatlarni ayni kunlarda deyarli har bir oliy ta’lim muassasalarida uchratishingiz mumkin. Talabalarni bu paytda hech narsa qiziqtirmaydi, ularning fikri imtihonlardan o‘tib olish.

Endilikda mas’uliyat ikki karra ortadi. «Semestrlarni a’lo baholarga tugat va grant egasi bo‘l» qabilidagi o‘y xayollar talabani yanada chuqur bilim olishga, o‘z-ustida tinmay ishlashga undaydi. Axir shunday ham bo‘lishi kerak emasmi? Talabani maqsadi faqat va faqat bilim olish, tanlagan mutaxassisligini puxta egallash.
Xo‘sh, bugun OTMlarda sessiya qanday o‘tmoqda? Bu borada talaba – yoshlar va o‘qituvchilar fikrlari bilan qiziqdik.
Yulduz Abdullayeva: Qarshi davlat universiteti talabasi:
– Umuman bo‘sh joyni o‘zi yo‘q! 6 oyda o‘qilmagan ma’ruza-yu, seminarlar 1 haftada o‘qiladi, yozilmagan daftarlar to‘ldiriladi, bu fursatdan unumli foydalanib ba’zi uddaburon talabalar mo‘maygina pul ham ishlab olishadi! Shu bilan barchasini tayyorlab, Ustoz yoniga bosh egib, «Domlajon…» deb keladi. Domla qaraydi, darsga to‘liq kelmagan, daftari bo‘lmagan, darslarda javob bermaganlarga «Baho qo‘ymayman» deydi. O‘qib mavzuni topshirishini aytadi. Talaba borib o‘qiydi, qaytib kelib yana topshiradi, yana qaytaradi, chunki shuncha narsani qanday bir-ikki kunda o‘zlashtirish mumkin?! Xullas yaxshiyam shu sessiya bor ekan talabalar yil davomida o‘qimaganini uch-to‘rt kun davomida o‘qiydi.

Chirchiq davlat pedagogika universiteti talabasi – Munira Baltabayeva:
– Har semestr yakunida imtihon olish yo‘lga qo‘yilgan. Lekin ba’zi ta’lim muassasalarida yakuniy nazoratlar talabalarni qiynash uchun joriy qilingan deb o‘ylayman. Aslida, sinovlar ma’lum vaqt davomida o‘tilgan mavzular yuzasidan o‘tkazilishi kerak. Biroq shunday ustozlar borki, yakuniy nazoratlar mohiyatini tushunib yetmaydi, o‘tilmagan va keraksiz mavzularda topshiriqlar beradi. Qo‘shimcha fanlar qo‘yilishi talabani o‘qishdan chalg‘itadi. Belgilangan ixtisoslik bo‘yicha ko‘proq amaliyot jarayonlari tashkil etilishi ham o‘rinli bo‘ladi. Nazariy darslarda olingan bilimlar amaliyotda mustahkamlanmasa, natijaga erishish qiyin.
Asila Bahodirovna O‘zbekiston Milliy universiteti talabasi:
Hozirgi vaqtda universitetimizda sessiya, ya’ni yakuniy imtihon jarayonlari bo‘lib o‘tmoqda. Bu biz talabalar uchun semestr boshida o‘tilgan narsalarni takrorlab olishimiz uchun bir sabab bo‘lmoqda desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Sessiya jarayonlari shaffof tarzda olib borilmoqda va talabalarga o‘z bilimlariga to‘g‘ri keladigan baholar qo‘yilmoqda.

Sevinch Tolibjonova: Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti talabasi:
Bugungi kunda yakuniy nazoratlar shaffof tarzda olib borilmoqda. Yakuniy nazoratlar uchun juda qattiq tayyorlanyapmiz. Universitet rahbariyati tomonidan biz yoshlarni o‘ylagan holda yakuniy nazoratlar oralig‘idagi vaqt yetarli tarzda tashkillashtirilgan. Biz bundan juda xursandmiz.

Rohilabonu G‘o‘chchiyeva: Jahon tillari universiteti magistranti:
Imtihonlar qizg‘in pallada. Hozircha beshga yopdim, yana ikkita fanim qoldi. Oxirgi o‘zgarishlarni eshitib ochig‘i xursand bo‘ldim, endi imtihon o‘yin emasligini ayrim grantga o‘qishga kirvolib, bitirsam bo‘ldi deydigan talabalar uchun o‘z ustida ishlash payti kelganini bildiradi. Endi imtihonlar murakkablashadi, baho olish ham oson bo‘lmasa kerak.

Sessiya talabalar ko‘nglida «tashvish», uyg‘onadigan vaqt. Sessiyaga ham bir zumda ko‘z ochib yumguncha yakuniy nazoratlar bilan o‘tib ketadi.
Barcha talabalardan faqat imtihonga emas, ustoz jon kuydirib tushuntiradigan darslarga ham shunday diqqat bilan tayyorgarlik ko‘rishlari maqsadga muvofiq bo‘ladi. Unutmang, siz bu dargohga imtihon topshirish uchun emas, ilm olib, mutaxassis bo‘lish uchun kelgansiz!
To‘plovchi Ma’mura To‘rayeva
#Maqola