25-may kuni bo‘lib o‘tadigan “So‘nggi qo‘ng‘iroq” tadbirlarida maktablarda vals tushishni taqiqlash bo‘yicha topshiriq yuborilmagan. Bu haqda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi axborot xizmati ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, 25-may sanasiga yaqin vazirlik tomonidan umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida o‘quv yilini yakunlash va “So‘nggi qo‘ng‘iroq” tadbirlarini yuqori saviyada tartibli o‘tkazish hamda o‘quvchilar xavfsizligini ta’minlash maqsadida tegishli tavsiyalar hamda tadbirlarni o‘tkazish bo‘yicha namunaviy ssenariylar tayyorlanib, ta’lim tashkilotlariga yetkaziladi.
Unga ko‘ra, “So‘nggi qo‘ng‘iroq” tadbirlarini ota-onalar, sobiq bitiruvchilar va keng jamoatchilik ishtirokida o‘tkazish, maktablarda tashkil etilgan “Turon” maktab teatri hamda “Iqtidor” ansambllari a’zolari tomonidan tayyorlangan o‘quvchilarning turli sahna ko‘rinishlari va badiiy kompozitsiyalarni namoyish etish tavsiya qilinadi.
“Mazkur tavsiyalarda vazirlik tomonidan maktablarda “So‘nggi qo‘ng‘iroq” tadbirlari davomida o‘quvchilarning valsga tushishlarini taqiqlash bo‘yicha alohida topshiriq yoki ko‘rsatma berilmagan”, — deyiladi vazirlik axborotida.
Ammo ayrim ota-onalar tomonidan maktab ma’muriyatlariga “So‘nggi qo‘ng‘iroq” tadbirlarida farzandlarining ta’lim olishiga umuman aloqasi bo‘lmagan raqs (vals)ga tushishlariga qarshiliklar bo‘lib, e’tirozlar bildirilmoqda.
“Bu qaysidir tor doiradagi guruhlar yoki yoshlar tomonidan o‘ylab topilgan “an’ana” tufayli ayrim umumta’lim maktablarida asosiy maqsadi bilim olish bo‘lgan bitiruvchi sinf o‘quvchilari “So‘nggi qo‘ng‘iroq” tadbirlarida 2−3 oy oldindan vals tushish uchun turli raqs to‘garaklariga qatnab, vals tushishni o‘rganayotganligi yoki o‘sha tadbir uchun alohida qimmatbaho liboslar tiktirish uchun buyurtmalar berilayotganligi o‘z navbatida ko‘plab ota-onalarning haqli noroziligiga sabab bo‘lmoqda. Darhaqiqat, maktab-bu ta’lim maskani, o‘quv yilining yakunlariga bag‘ishlab o‘tkaziladigan tadbir — bu eng avvalo ma’rifat bayrami, ta’lim bergan ustozlarga ehtirom ko‘rsatish bayrami hisoblanadi”, — deydi mutaxassislar.
“Mazkur tadbirga bitiruvchi sinf o‘quvchilarining vals tushishining hech bir mantiqan bog‘liqligi yo‘q. Shuning uchun maktab rahbariyati tomonidan ota-onalarning haqli e’tirozlarini inobatga olgan holda “So‘nggi qo‘ng‘iroq” tadbirlarida ta’limga aloqasi bo‘lmagan o‘o‘quvchilarningalsga tushish “an’ana”lariga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha tadbir ssenariylariga tegishli taqiqlovchi talablar kiritilishi mumkin”, — deya qo‘shimcha qilingan vazirlik xabarida.
“So‘nggi qo‘ng‘iroq”ga oid qanday tavsiyalar ishlab chiqilgan?
Vazirlik tomonidan “Umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida 2024−2025 o‘quv yilini yakunlash va “So‘nggi qo‘ng‘iroq” tadbirlarini o‘tkazish bo‘yicha tavsiyalar” ishlab chiqilgan. Bunda:
– Umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida tadbirni 2025-yilning 25-may kuni ertalab soat 8:00 dan 9:00 ga qadar tashkil etish;
– tadbirni tartibli o‘tkazish va o‘quvchilar xavfsizligini ta’minlash maqsadida ular sonidan kelib chiqqan holda ushbu tadbirga faqatgina 1-,4-, 9-, 11-sinf o‘quvchilarini jalb etish;
– tadbirning tartibli o‘tishini ta’minlash maqsadida mahalla faollari, ota-onalar va huquqni muhofaza qilish vakillari bilan hamkorlikda maktabning hovlisi, bog‘ida yoki soya-salqin ochiq maydonlarida o‘tkazish hamda maktab hududiga texnika vositalari va begona shaxslarning kiritilmasligini ta’minlash;
– tadbirlar o‘tkaziladigan joylarni talab darajasida jihozlash, gigiyena va tozalik talablariga muvofiq sharoitlar yaratish, yong‘in va texnika xavfsizligi qoidalariga amal qilingan holda o‘quvchilar xavfsizligini ta’minlash;
– maktab rahbariyati tomonidan tadbir ishtirokchilarini tabriklash jarayonida yurtimizda so‘nggi yillarda erishilgan yutuqlar, amalga oshirilgan keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlari, “Atrof-muhitni asrash va “yashil iqtisodiyot yili”da ta’lim tizimidagi islohotlar to‘g‘risida aniq raqam va dadillar keltirilgan holda ma’lumot berish;
– tadbirga faxriy o‘quvchilar, ota-onalar, kasaba uyushmasi, mahalla va hamkor tashkilotlar, shuningdek, o‘rnak bo‘ladigan maktabning sobiq bitiruvchilarini taklif etgan holda ular tomonidan bitiruvchilarga bayram tabrigi va tilaklarini bildirishlarini tashkil etish;
– tadbirda yil davomida namunali xulq va a’lo baholarga o‘qib, eng yuqori reyting ko‘rsatkichlariga erishgan iqtidorli bitiruvchilarni taqdirlash va rag‘batlantirish;
– maktab hayotida faol ishtirok etayotgan, shuningdek, odob-axloqi, intiluvchanligi bilan tengdoshlariga o‘rnak bo‘layotgan o‘quvchilarning ota-onalariga “Eng faol ota”, “Jonkuyar ona”, “Mas’uliyatli ota-ona”, “A’lochi o‘quvchi otasi”, “Bilimli qiz onasi” kabi nominatsiyalari bo‘yicha tashakkurnomalar berish tavsiyalari berilgan.
Nimalar taqiqlangan?
Vazirlik axborotida ta’kidlanishicha, “So‘nggi qo‘ng‘iroq” tadbirlari munosabati bilan quyidagi tadbirlarni tashkil etish qat’iyan taqiqlanadi:
– restoran va kafelar hamda xonadonlarda “Bitiruv oqshomlari” o‘tkazish uchun ota-onalardan pul yig‘ish;
– bitiruv tadbirlarida o‘quvchilaridan qimmatbaho sovg‘alar uchun pul yig‘ish, bitiruv kechalariga atab qimmat kiyimlar olish, restoranlarda o‘tkazish;
– “So‘nggi qo‘ng‘iroq” tadbirlarini, bosqichli nazorat imtihonlari va yakuniy davlat attestatsiyalarini o‘tkazishda, ta’lim muassasalarini yangi o‘quv yiliga tayyorlash borasida o‘quvchi va bitiruvchilar hamda ularning ota-onalaridan turli xil pul yig‘imlariga yo‘l qo‘ymaslik;
– o‘quvchilarning guruh-guruh bo‘lib xiyobonlar, istirohat bog‘lari, cho‘milish havzalariga borib, turli ko‘ngilsiz holatlarni keltirib chiqarishining oldini olish shart.
Eslatma! Agar o‘quvchilar vals tushish masalasida taqiqqa uchrasa, hukumat idorasining ishonch telefoni: 71 202 09 09 ga qo‘ng‘iroq qilishlari mumkin.
#Maqola