O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan OTM lar ichida Buyuk Britaniyaning Bangor, Sanderlend hamda Tissayd universitetlari ta’lim dasturini yo‘lga qo‘yib, shu darajadagi diplomlar beradiganlari sanoqli. Shulardan biri esa Toshkentdagi Singapur menejmentni rivojlantirish instituti hisoblanadi. Universitet turizm va biznes yo‘nalishida respublikada yetakchi kadrlarni tayyorlab beradi.
Universitet tarixi
2007-yil yanvar oyida, O‘zbekiston Respublikasining birinchi Prezidenti I.Karimov Singapur Respublikasining Prezidenti Janobi Oliylari S.R.Natanning taklifiga binoan davlat tashrifi bilan Singapurga boradi. Tashrif chog‘ida O‘zbekiston-Singapur hamkorligini kengaytirish masalalari, tomonlarni qiziqtirgan xalqaro ahamiyatga molik dolzarb muammolar muhokama qilinadi.
Keyinchalik, tomonlar to‘g‘ridan-to‘g‘ri O‘zbekiston Respublikasi hududida o‘quv dasturlarini yaratish va shu sohani rivojlantirishga e’tibor qaratishdi. Shundan so‘ng TSMRI (Toshkentdagi Singapur Menejmentni Rivojlantirish Instituti) O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2007-yil 5-sentabrdagi qabul qilingan PQ-691-sonli qaroriga muvofiq tashkil etilgan.
Bugungi kunda TSMRI O‘zbekiston va boshqa mamlakatlar fuqarolari uchun Tadbirkorlik va menejment, Biznes va marketing, Bank va moliya, Buxgalteriya va moliya, Biznesda hisob-kitob, Xalqaro mehmondo‘stlikni boshqarish kabi sohalarida akademik dasturlar orqali Buyuk Britaniya universitetlari bilan hamkorlik qilgan holda professional rivojlanish imkoniyatini talabalarga bermoqda.
TSMRI bakalavr va magistratura dasturlarini taqdim etadi. Ushbu dasturlar yakunida talabalarga topshiriladigan sertifikatlar O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, shuningdek, xalqaro miqyosda tan olingan. Hozirgi kunda O‘zbekistonning barcha viloyatlaridan, shu bilan birga Janubiy Koreya, Ukraina, Afg‘oniston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Qozog‘istondan kelgan 3500 nafardan ortiq talaba TSMRI da tahsil olib kelmoqda.
2015-yil aprel oyida TSMRI Xalqaro Standartlashtirish Tashkiloti tomonidan berilgan ISO 9001: 2008 sertifikatiga ega bo‘lgan, mamlakat miqyosida xalqaro sifat sertifikatini olgan birinchi oliy o‘quv yurti hisoblanadi.
Hozirda 5,2 gektardan ortiq maydonni egallagan TSMRI da zamonaviy o‘quv va ma’ruza xonalari, kompyuter laboratoriyalari, mehmonxona amaliyot laboratoriyasi, tennis korti, yopiq suzish havzasi, yopiq basketbol va voleybol maydonlari, futbol, trenajyor zali va yugurish uchun mo‘ljallangan yo‘lak mavjud. Shuningdek, Toshkentdagi Singapur Menejmentni Rivojlantirish Instituti hududida O‘zbekistonning turli hududlari va chet eldan kelgan talabalar uchun moslashtirilgan 140 ta o‘rniga ega bo‘lgan, talabalar turar joyi ham mavjud.
Yotoqxona ma’muriyati tomonidan qat’iy qonun-qoidalar o‘rnatilgan va unga ko‘ra talabalar qat’iy tartib-intizomga rioya qilishlari shart. Yotoqxona hududida 24 soatlik xavfsizlik xizmati mavjud. Norezidentlar va shaxsni tasdiqlovchi hujjatga ega bo‘lmagan shaxslar yotoqxonaga kirishlari qat’iyan man etiladi.
Hozirgi kunda, TSMRI da 200 ga yaqin xodim ishlaydi. Mahalliy mutaxassislar bilan bir qatorda, TSMRI o‘z talabalari uchun eng yaxshi o‘quv tajribasini ta’minlash maqsadida taniqli iste’dodlarni jalb qilishga intiladi. shu jumladan Singapur, Amerika, Turkiya, Buyuk Britaniya, Eron, Ispaniya, Janubiy Koreya va boshqa ko‘plab yuqori malakali professor-o‘qituvchilar ham mavjud.
Shuningdek, oliygohda talabalarga ajratilgan grantlar va imtiyozlardan samarali foydalanish mumkin. Ijtimoiy faol talabalar 4 yillik shartnoma uchun to‘lovni qo‘lga kiritishlari, o‘qish bilan birga ish faoliyatini ham olib borishlari mumkin.
To‘plovchi Ma’mura To‘rayeva
#Oliygohlar