Toshkentda o‘quvchi o‘rinlari tanqisligi dolzarb muammoga aylanib bormoqda. 2025−2026 o‘quv yilida bu ko‘rsatkich 141 ming nafarga yetgan. Keyingi besh yilda poytaxtdagi o‘quvchilar soni yana 71 ming nafarga, ya’ni 14 foizga ko‘payishi kutilmoqda. Agar choralar ko‘rilmasa, 2030−2031 o‘quv yiliga kelib tanqislik 212 ming o‘ringa yetishi mumkin.
Shu sababli 2030-yilgacha respublika budjeti hisobidan 48 ming, mahalliy budjet hisobidan esa 78 ming yangi o‘quvchi o‘rni yaratish rejalashtirilgan. Jami 126 ming o‘rin tashkil etilsa, maktablardagi yuklama hozirgi 1,4 koeffitsiyentdan 2030-yilda 1,2 gacha pasayishi kutilmoqda.
2026−2027 o‘quv yili uchun umumiy maydoni 64,6 ming kvadrat metr, jami 38 ming o‘ringa mo‘ljallangan 24 ta yangi maktab loyihasi tayyorlangan. Bundan tashqari, amaldagi namunaviy loyihalarga 17 ta yangi imkoniyat qo‘shilmoqda: qo‘shimcha o‘quv maydonlari, kutubxonalar, sport va madaniy tadbirlar uchun zallar hamda o‘qituvchilar uchun qulay xonalar.
Yangi loyihalarda pandus va liftlar, inklyuziv ta’lim xonalari hamda tibbiy xonalar ham nazarda tutilgan. Harakat va suv datchiklaridan foydalanish elektr energiyasi sarfini 20 foizgacha, suv sarfini esa 10 foizgacha tejash imkonini beradi. Yer maydonidan samarali foydalanish uchun yer maydonini 50 foizga tejash va sport maydonlarini uch barobar kengaytirish rejalashtirilgan.
Yana bir muhim yangilik: xususiy ta’lim markazlari poytaxtdagi davlat maktablari bilan hamkorlik qiladi. Bu o‘quvchilarga maktabning o‘zida oliygohlarga kirishga tayyorlanish va yangi tillarni o‘rganish imkonini beradi.
Poytaxtda 3−7 yoshli bolalar soni 253 mingni tashkil etadi. Maktabgacha ta’lim bilan qamrov 79,2 foizga yetgan bo‘lsa-da, bog‘chalardagi o‘rinlar tanqisligi hali ham 65 ming atrofida. 2030-yilgacha respublika budjeti hisobidan 8 ming, mahalliy budjet hisobidan esa 32 ming qo‘shimcha o‘rin yaratiladi. Natijada qamrov darajasi 92 foizga yetkaziladi.
2026−2027 o‘quv yili uchun umumiy maydoni 32 ming kvadrat metr, jami 16 ming o‘ringa mo‘ljallangan 28 ta yangi bog‘cha loyihasi tayyorlangan. Loyihalarga sensor va logoped xonalari, psixologik-pedagogik yordam joylari, tibbiy blok hamda videokuzatuv tizimlari kiritilmoqda. Havo tozalagichlar va quyosh panellari ham rejalashtirilgan.
Agar reja to‘liq amalga oshsa, ota-onalar uchun eng katta muammolardan biri — farzandga joy topish qiyinchiligi kamayadi. Biroq bu rejalar qanchalik tez va sifatli bajarilishini kuzatib borish muhim.
Manba: Gazeta.uz
#Yangiliklar #Statistika #Maktab