Oliygohlar 18/10/2026 Toshkentda xalqaro moda akademiyasi tashkil etilmoqda

O‘zbekistonda moda va yengil sanoat sohasi uchun yangi oliy ta’lim muassasasi tashkil etilmoqda. Tegishli qaror 2026-yil 16-oktyabrda Prezident tomonidan imzolangan (PQ–378-son). Qarorga ko‘ra, Toshkent xalqaro moda akademiyasi davlat oliy ta’lim tashkiloti sifatida faoliyat yuritadi va Yengil sanoatni rivojlantirish agentligi tizimiga kiradi.

Akademiya Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat instituti hamda Parij xalqaro moda akademiyasi o‘rtasidagi qo‘shma ta’lim dasturi asosida tashkil etiladi. O‘quv jarayoni 2026/2027 o‘quv yilidan boshlanadi, talabalar esa amaldagi qonunchilikka muvofiq qabul qilinadi.

Qanday yo‘nalishlar ochiladi?

Akademiyada moda dizayni, kiyim-kechak va to‘qimachilik mahsulotlarini loyihalash, milliy brendlarni rivojlantirish hamda zamonaviy ishlab chiqarish texnologiyalari bo‘yicha kadrlar tayyorlanadi. Bakalavriat va magistratura mutaxassisliklari bo‘yicha ham ta’lim yo‘lga qo‘yiladi.

Amaliyot va dual ta’lim

  • 2026/2027 o‘quv yilidan boshlab talabalar uchun ishlab chiqarish korxonalarida amaliy ko‘nikmalarni shakllantirish imkoniyatlari yaratiladi;
  • 2027/2028 o‘quv yiligacha dual ta’lim tizimini joriy etish nazarda tutilgan;
  • talabalarning malakali mutaxassis va olimlar rahbarligida ilmiy ishlar tayyorlashi qo‘llab-quvvatlanadi.

Shuningdek, xorijiy oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot tashkilotlari bilan hamkorlik kengaytiriladi, professor-o‘qituvchilar va talabalar akademik mobilligi rivojlantiriladi. 2027-yildan boshlab oliy ta’limdan keyingi ta’lim institutlari faoliyatini yo‘lga qo‘yish choralari ko‘riladi.

Qarorda akademiyaning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, zamonaviy o‘quv va ilmiy laboratoriyalar tashkil etish vazifalari ham belgilangan. Hujjatda ta’kidlanishicha, bu tashabbus yengil sanoat uchun zamonaviy mutaxassislar tayyorlash va milliy mahsulotlarning xalqaro bozordagi raqobatbardoshligini oshirishga xizmat qiladi.

Manba: Oliy ta'lim, fan va innovatsiyalar vazirligi

#Yangiliklar   #Oliygohlar  
So'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Bizning Telegram-kanalimizga obuna bo'ling