Yangiliklar 08/02/2025 3,5 ming kambag‘al oilalar farzandlari OTMlarga grant asosida qabul qilinadi

   O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini “Atrof-muhitni asrash va “yashil iqtisodiyot” yilida amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risidagi farmoni e’lon qilindi.

  Unga ko‘ra, Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim o‘zgarishini o‘rganish universiteti ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi kabi ta’lim yo‘nalishlari va mutaxassisliklari bo‘yicha yetakchi oliy ta’lim tashkiloti etib belgilandi. Universitetda “sirkulyar iqtisodiyot” ta’lim yo‘nalishida kadrlar tayyorlash amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi.

   Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim o‘zgarishini o‘rganish universitetiga biriktiriladigan “yashil texnikumlar” faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.

  Tabiiy fanlar, muhandislik-texnika, iqtisodiyot va moliya yo‘nalishlaridagi davlat oliy ta’lim tashkilotlarida “Atrof-muhitni muhofaza qilish va yashil rivojlanish” fani va o‘quv dasturlari kiritiladi.

  Oliy ta’limda grant o‘rinlarini bosqichma-bosqich oshirish hisobiga aniq va tabiiy fanlar, muhandislik-texnika, xizmatlar, tibbiyot kabi sohalarda davlat buyurtmasi 25 mingtaga yetkaziladi.

   “El-yurt umidi” jamg‘armasi tomonidan ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi ta’lim dasturlari asosida ta’lim olish uchun stipendiya tanloviga 20 tagacha kvota ajratib boriladi.

   Respublikaning har bir tumanida (shahrida) bosqichma-bosqich inklyuziv ta’lim talablariga javob beradigan kamida bittadan umumta’lim maktabi faoliyati tashkil etiladi.

   “Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturi doirasida 3,5 ming kambag‘al oilalar farzandlarini tayyorlab, oliy ta’lim tashkilotlariga belgilangan tartibda grant asosida qabul qilish ishlari tashkil etiladi.

#Yangiliklar  
So'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Bizning Telegram-kanalimizga obuna bo'ling
TA'LLUQLI YANGILIKLAR