Har bir millatning kuch-qudratini uning qanchalik salohiyatga ega ekanligini, o‘sha millatning adabiyoti belgilab beradi. Zero, Abdulla Qahhor aytganidek haqiqatdan ham adabiyot atomdan kuchli.
Bundan bir necha yillar ilgari millatning dard-alamini, uning iztiroblarini madh etgan ijodkorlarni xalqimiz haligacha millat ma’rifatparvarlari sifatida yaxshi ko‘rishadi.
Hurlikka intilgan Cho‘lpon, Qodiriy, Behbudiy, Avloniylar bilan hali-hanuz ko‘ksimizni kerib maqtanamiz. XIX asrda aynan jadidchilik namoyandalari izidan ergashgan, ulardek millat kelajagi uchun yonib ijod qilgan, so‘z san’atining haqiqiy ustalari bo‘lgan Shavkat Rahmon, Rauf Parfi, Abdulla Orif, Ekin Vohidov, G‘afur G‘ulom kabi qator shoirlar qaysidir ma’noda adabiyotning darg‘alari edi.
O‘tgan yillarda jamoatchilik orasida o‘zbek adabiyotini yengil asarlar egallab olganligi-yu, yoshlardagi so‘zga mas’uliyatsizlik haqida adabiyotshunoslar tomonidan xo‘b va ko‘p aytildi.
Aynan o‘tgan yillarda o‘zining “Ko‘k bo‘ri” she’ri bilan barchaning e’tiboriga tushgan yosh shoir ijodi ko‘plab jamoatchilik vakillarining bir talay muhokamalariga sabab bo‘lgan edi. Joriy yilning 12-dekabr kuni Yoshlar ishlari agentligi tomonidan tashkil etilgan “Mutolaada she’riyat” loyihasining navbatdagi mehmoni “Qo‘rboshilar qo‘shig‘i” nomli she’riy dasturi bilan ishtirok etgan, umidli yosh shoir Najmiddin Ermatov bo‘ldi.
Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasida tashkil etilgan tadbir muxlislar va ziyolilar bilan to‘ldi. Yosh ijodkorning haqiqiy muxlislari tadbirni boshdan oxirigacha tik turib kuzatishdi.
Sahnada mardlarcha she’r o‘qigan shoir yelkasida yuk bor edi. U yuk millatni uyg‘otmoq yuki edi. Shoir mardlarcha shunday deydi:
“Kechang zavolga to‘ldi hamma tosh otib bo‘ldi
Sening bor nasibangni beklaring topib bo‘ldi
Bugundan-ku ayrilding ertangni sotib bo‘ldi
Yo‘l ko‘rsatar mayog‘ing o‘chganga o‘xshayotir...”
Sahnada shoirning qalbida xalqqa, millatga bo‘lgan mehri, dunyo o‘yinlariga bosh ko‘targan mardona ruhi barchani uyg‘oqlikka chorladi.Dunyo tashvishlariga berilib o‘zligini unutgan insonlarni shoir shunday ifodalaydi.
“Bizga berilgan zamon,
Suzmakka sayoz keldi.
Erk deb urug‘ qadadik,
Tinmasdan ayoz keldi.
Til qantariq keldi va
Tori uzuk soz keldi.
Umrimiz shunday o‘tsa,
Yashash bekordir, jo‘ra...”
Shoir oz bo‘lsa-da oldidagi maqsadini ado etdi, o‘zining o‘tkir so‘zlari bilan qaysidir ma’noda uyquga cho‘mayotgan xalqni va adabiyotni haqiqatga tik boqib uyg‘otdi. Shoirning his-tuyg‘ulari bilan sug‘orilgan va qalbdan chiqqan sadolari, uning sahnada oqqan ko‘z yoshlari bekorga ketmadi deb o‘ylaymiz. Siz kutgan, men kutgan, butun millat kutgan adabiyot uyg‘ondi...
Sahnalashtirilgan she’rlar mahoratli aktyor Erkin Bozorov ijrosida yanada ta’sirli chiqdi. Rassom Erkin Orolning “Ko‘k bo‘ri” nomli kartinasi o‘sha yerda chizilib auksionga qo‘yildi. Kartinani yosh shoira Mehrinoz Abbosova 1000 AQSH dollarga sotib oldi va Milliy kutubxonaga sovg‘a qildi.
Aynan shu kartina bahosining yuqori darajaga ko‘tarilishidan ham xalqimizdagi san’atga bo‘lgan mehrini ko‘rishimiz mumkin.
Ma'mura To'rayeva
#Maqola #Oʻquvchi