Yangiliklar 19/10/2026 Asosiy olimpiadaning tuman (shahar) bosqichiga 50 ming nafar o‘quvchi ro‘yxatdan o‘tdi

Asosiy olimpiadaning tuman (shahar) bosqichi o‘quvchilar uchun bilimini sinash imkoniyatini yana bir bor taqdim etmoqda. Bu bosqichga yurtimiz bo‘ylab 50 ming nafar o‘quvchi ro‘yxatdan o‘tgan. Jarayonlar 27-oktabrgacha davom etadi.

Qaysi fanlar bo‘yicha o‘tkaziladi?

Olimpiada ikki guruh fanlari bo‘yicha tashkil etiladi:

  • 1-guruh: fizika, kimyo, biologiya, matematika, informatika va axborot texnologiyalari. Test uchun 1 soat 30 daqiqa ajratiladi.
  • 2-guruh: tarix, geografiya, Davlat va huquq asoslari, Ona tili va adabiyot, shuningdek o‘zbek, qoraqalpoq, rus, ingliz, nemis, fransuz, tojik va qozoq tillari. Test uchun 1 soat ajratiladi.

G‘oliblar qanday aniqlanadi?

Test natijalariga ko‘ra, har bir fan bo‘yicha 3 nafardan g‘oliblar aniqlanadi. Ular olimpiadaning hududiy bosqichida ishtirok etish uchun yo‘llanma oladi.

Tarix, Davlat va huquq asoslari hamda geografiya bo‘yicha topshiriqlar ishtirokchining ta’lim tiliga mos ravishda o‘zbek yoki rus tilida beriladi. 2-guruhning boshqa fanlari tarjimasiz taqdim etiladi.

Olimpiadaga nimalar olib kirish mumkin?

Ishtirokchilar auditoriyaga faqat shaxsni tasdiqlovchi hujjat, maktabning maxsus ma’lumotnomasi va ruchka bilan kirishlari lozim.

Telefon, ko‘chirma yozuv (shpargalka), ilmiy kalkulyatorlar va gadjetlar olib kirish qat’iyan taqiqlanadi.

Olimpiada o‘quvchilar uchun bilimini mustaqil sinab ko‘rish va yuqori bosqichga yo‘l ochish imkoniyatidir. Ota-onalar va o‘qituvchilar farzandlarga kerakli hujjatlar va qoidalar haqida oldindan tushuntirish berishi foydali bo‘ladi.

Manba: Oliy ta'lim, fan va innovatsiyalar vazirligi

#Oʻquvchi   #Olimpiada   #Maktab  
So'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Bizning Telegram-kanalimizga obuna bo'ling