Tarixiy ma’lumotlarda “Rim tengdoshi”, “Sharqning pariji” deb nomlangan Buxoroyi sharif jahonda dunyoviy va diniy ilmlarning markazlaridan biri sifatida mashhur bo‘lib kelgan.
Buxoroda oliy darajadagi o‘quv yurtining tashkil topish tarixi Masjidi Jome, Forjaq, G‘arbiya, Ulug‘bek, Mir Arab, Abdulazizxon, Nodir devonbegi, Ko‘kaldosh singari madrasalar tarixi bilan bog‘liqdir. 1920-yilgacha Buxoroda 127 madrasa faoliyat ko‘rsatgan. Bu madrasalarda Ismoil al-Buxoriy, Abu Ali ibn Sino, Abu Bakr Narshaxiy, Abduxoliq G‘ijduvoniy, Bahouddin Naqshband, Xoja Ismat Buxoriy, A.Donish, S.Ayniy, A.Fitrat singari buyuk buxoriylar qatorida Sharqning Ro‘dakiy, Zamaxshariy, Umar Xayyom, Maxtumquli, B.Kerboboyev, Muqimiy singari fozil farzandlari ham tahsil olganlar.
1922-yilda Buxoro Xalq Jumhuriyati qarori bilan Buxoro va Chorjo‘yda xalq maorifi instituti ochildi. Bu – zamonaviy oliy o‘quv yurti tashkil etish yo‘lidagi dastlabki harakat edi. F.Xo‘jayev va A.Fitrat shu institut negizida dorilfunun tashkil etish g‘oyasi bilan chiqdilar, ammo BXJning tugatilishi bilan bu g‘oya amalga oshmay qoldi. 1930-yilga kelib esa Buxoro pedagogika instituti ochildi. Institutning oyoqqa turishida A.Fitrat, Miyonbuzruk Solihov, Muso Saidjonov, B.Cho‘ponzoda, I.Kojin, F.Trudakov, P.Korolenko, N.Merkulovich, V.Abdullayev, G.Yusupov kabi olimlarning xizmatlari katta bo‘ldi. Ikkinchi jahon urushi yillarida bir qator o‘qituvchilar va 47 talaba ko‘ngillilar qatorida urushga ketdi. Bu murakkab davrda talabalarni o‘qishga ko‘proq jalb etish maqsadida Qarshi, G‘ijduvon va Shofirkonda filiallar ochildi. Hozirgi paytda mustaqil O‘zbekistonning yetakchi oliy o‘quv yurtlari darajasiga ko‘tarilgan Xorazm, Qarshi va Termiz davlat universitetlari ilk bor filial sifatida BuxDPI tarkibida ish boshlagan edi.
BuxDPI urushdan keyingi yillarda respublikaning yetakchi ilm maskanlaridan biri sifatida shuhrat topdi. Prezidentning 1992-yil 28-fevraldagi PF-356 sonli Farmoni hamda Vazirlar Mahkamasining 1992-yil 11-martdagi 125-sonli Qaroriga asosan unga universitet maqomi berildi.
Hozirgi kunda universitetda 9509 talaba tahsil oladi. Bo‘lajak mutaxassislarga 751 nafar professor-o‘qituvchilar fan asoslarini o‘rgatib kelmoqdalar.
Universitetda quyidagi fakultetlar faoliyat olib boradi:
Hozirda Buxoro davlat universitetida 6 ta fakultet, 26 ta kafedra bo‘lib, ularda 35 ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha talabalar ta’lim olmoqda. Shu bilan birga, mavjud 21 ixtisoslik bo‘yicha katta ilmiy xodim-izlanuvchilik institutida 22 nafar katta ilmiy xodim-izlanuvchi o‘z tadqiqotlarini olib bormoqda.
Bugungi kunda universitet huzurida 4 ta akademik litsey, gimnaziya, biznes maktabi, 6 ta til o‘rganish markazi, elektron kutubxona va axborot-resurs markazi, test markazi faoliyat ko‘rsatmoqda.
Buxoro davlat universitetida 7 ta xorijiy oliy ta’lim muassasasi bilan hamkorlikda 11 ta (4 ta bakalavr, 7 ta magistratura) qo‘shma ta’lim dasturlari mavjud.
Buxoro Davlat universitetida 7 ta talabalar turar joyi binolari mavjud bo‘lib, ularda jami 2508 ta o‘rin talabalar yashashi uchun mo‘ljallangan. 1-6- binolar sig‘imi 340 o‘rindan bo‘lib, jami 2020 o‘rindan, 7-bino sig‘imi 488 o‘rindan iborat. Nogiron talabalar uchun alohida har bir binoda 3 o‘rinli xona ajratilgan. TTJ binolarida jami 64 ta oshxona mavjud bo‘lib, 128 dona elektr plita va har bir oshxonada 1 donadan jami 64 dona muzlatkich o‘rnatilgan. 8 ta kir yuvish xonasida 13 dona zamonaviy kir yuvish mashinalari o‘rnatilgan. 12 ta dazmollash xonasida 72 dona dazmol mavjud. Binolarning har bir qavatida hojatxona va yuvinish xonasi (dush) tashkil etilgan va faoliyat olib bormoqda. Talabalar turar joyi foyesida 33 ta zamonaviy kompyuter qo‘yilgan va internet tarmog‘iga ulangan. Binolarning har bir qavatida bittadan hamda fayllarda jami 30 ta televizor qo‘yilgan. TTJ binolarining har bir qavatida ma’naviyat xonalari tashkil etilgan.
Buxoro davlat universiteti quyidagi ijtimoiy tarmoqlarda faol faoliyat olib boradi:
Agar sizda qo‘shimcha savol va takliflar bo‘lsa, quyidagi manzilga va raqamlarga murojaat qilishingiz mumkin:
Bizni kuzatishda davom eting Ta’lim telekanali ta’limdagi eng so‘nggi yangiliklarni har doim siz bilan bo‘lishishga tayyor!
Ma’mura To‘rayeva tayyorladi
#Oliygohlar