Dissertatsiya matni A4 formatdagi standart qog‘oz varag‘ining ikki tomonida joylashishi va qoida tariqasida, 1,5 qator oralig‘ida (“polutorniy”) yozilishi lozim. Har bir bet: yuqoridan va pastdan 2 sm; chapdan 3 sm; o‘ngdan 1,5 sm hoshiyaga ega; xatboshi 1,27 sm ga teng va bir xilda bo‘lishi lozim.
Matnni kompyuter vositasida bosib chiqarishda “Times New Roman” 14 o‘lchamli shriftda “Misrosoft Word” matn redaktoridan foydalanish tavsiya qilinadi.
Betlar titul varag‘idan boshlab oxirgi varaqgacha izchil ketma-ketlikda raqamlanadi. Betning tartib raqami varaqning pastki o‘ng burchagida 2 raqamidan boshlab yoziladi. Titul varag‘iga 1 raqami qo‘yilmaydi.
Dissertatsiyaning mundarijasi, kirish qismi, har bir bobi, xulosa, foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxati va boshqa tarkibiy qismlari yangi betdan rasmiylashtiriladi.
Dissertatsiya tarkibiy qismlarining bosh sarlavhalari (“Mundarija”, “Kirish”, “Xulosa”, “Foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxati” va boshqalar) bosh harflarda yoziladi.
Boblar rim raqamlari bilan raqamlanadi va sarlavhalarga ega bo‘ladi. Paragraflar “§” belgisi bilan belgilanadi, arab raqamlari bilan raqamlanadi va sarlavhalarga ega bo‘ladi.
Boblar va paragraflar sarlavhalarining yuqori va pastki qismidan 12 o‘lchamli (“pt”) oraliq qoldirilishi kerak.
Dissertatsiya matnida foydalanilgan adabiyotlardan olingan materialga havola satr osti eslatmalarda keltiriladi yoki uning foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxatidagi tartib raqami va shu adabiyotga iqtibos material joylashgan bet qavs ichida, dissertatsiya matnining o‘zida alohida ko‘rsatiladi (masalan: [1; 25 — 26-b.]).
Manba: https://t.me/doktorantlarofficial/1729
#Ta'lim telekanali #Tartib qoida