Foto: Harbiy xavfsizlik va mudofaa universiteti Axborot xizmati
Harbiy xizmatda bir lahzalik qaror ham butun vaziyatning keyingi rivojini belgilashi mumkin. Shu bois bugungi ofitserdan faqat bilim va tajriba emas, vaziyatni tez baholash, asosli qaror qabul qilish va uni aniq harakatga aylantira olish talab etiladi.
Harbiy xavfsizlik va mudofaa universitetida “Harbiy kasbiy tayyorgarlik” o‘quv kursining navbatdagi bitiruvchilariga sertifikatlar topshirildi. Kurslar universitet hamda uning tarkibidagi institut va fakultetlarda tashkil etilgan.
Uchuvchisiz uchish apparatlari, aloqa va boshqaruv tizimlari, radioelektron kurash vositalari kabi yo‘nalishlar jadal yangilanmoqda. Bu harbiy kadrlar tayyorgarligiga ham yangi talablar qo‘yadi: ofitser bir marta egallagan bilim bilan cheklanmay, kasbiy salohiyatini muntazam oshirib borishi zarur.

Kursda operativ-taktik bo‘g‘indagi ofitserlar ishtirok etdi. O‘quv dasturiga quyidagilar kiritilgan:
Mashg‘ulotlarni universitetning malakali professor-o‘qituvchilari va tajribali yo‘riqchilar olib bordi. Kurs boshida kirish testlari orqali tinglovchilarning tayyorgarlik darajasi aniqlanib, o‘quv jarayonining ustuvor yo‘nalishlari shunga qarab belgilandi.
Kurs sentyabrdan maygacha davom etadi, har bir o‘quv bosqichi 138 soatga mo‘ljallangan. Bosqich yakunida bilim va ko‘nikmalar baholanadi, talablarni muvaffaqiyatli bajarganlarga sertifikat beriladi.

“Bugungi harbiy vazifalarning murakkabligi ofitserdan bilimini muntazam yangilab, uni amaliy ko‘nikmaga aylantirishni talab etadi. Harbiy kasbiy tayyorgarlikning asosiy mezoni — o‘zlashtirilgan bilimning xizmatdagi natijasidir”, — deydi universitetning O‘quv va uslubiy ishlarni muvofiqlashtirish bo‘limi boshlig‘i podpolkovnik Ibrohim Xamdamov.
Kurs tinglovchisi podpolkovnik Sherzod G‘afurovning so‘zlariga ko‘ra, mashg‘ulotlar davomida harbiy xizmatchining mavjud tajribasi yangi bilim va yondashuvlar bilan boyitilib, murakkab vazifalarga tayyorligi mustahkamlandi. “Kurs davomida o‘zim uchun kerakli bilimlarga ega bo‘ldim”, — deydi u.
“Harbiy kasbiy tayyorgarlik” kurslarining ilk bor tizimli ravishda tashkil etilishi muhim yondashuvni ko‘rsatadi: zamonaviy armiyaga bilimli ofitserning o‘zi kifoya emas, o‘zgaruvchan sharoitda bilimini amaliyotga tatbiq eta oladigan mutaxassis kerak.

Manba: Harbiy xavfsizlik va mudofaa universiteti Axborot xizmati
#Oliygohlar