Sertifikat natijalari qanday hisoblanadi?
Sertifikat test sinovi natijasi bo‘yicha eng yuqori ballning kamida 60 foizini to‘plagan shaxslarga 3 yil muddatga beriladi.
Test sinovi natijalari ular yakunlangan kundan boshlab yigirma ish kunidan kechikmay Davlat test markazining rasmiy veb-saytida e’lon qilinadi.
Sertifikatga ega bo‘lgan abituriyentga sertifikatdagi o‘zlashtirish (60 va undan yuqori) foiziga mos ravishda oliy ta’lim muassasasi bakalavriatiga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha test sinovlarida ushbu fandan belgilangan maksimal ballga nisbatan tabaqalashtirilgan (proporsional) ball beriladi.
Ya’ni sertifikat qaysi fandan olingan bo‘lsa, shu fanning fanlar majmuasidagi o‘rniga qarab mos ravishda maksimal ballning ma’lum foizi beriladi.
Masalan, matematika fanidan sertifikatga ega bo‘lgan abituriyentning sertifikatdagi o‘zlashtirishi 60 foiz, matematika fanining fanlar majmuasidagi o‘rni birinchi (har bir to‘g‘ri javob uchun 3,2 ball, 30 ta test topshirig‘iga maksimal 96 ball) bo‘lsa, uning 60 foizi 57,6 ballni tashkil etadi (3,2*30=96 ball, 96*60/100=57,6). Agar abituriyentning sertifikatdagi o‘zlashtirishi 80 foiz bo‘lsa, 76,8 ballni tashkil etadi (3,2*30=96 ball, 96*80/100=76,8).
Sertifikat test sinovidan ijobiy (60 va undan yuqori foiz) natijaga erishgan talabgorga test sinovi natijalari e’lon qilingan kundan boshlab bir hafta mobaynida elektron shaklda beriladi. Talabgor sertifikatni shaxsiy kabineti orqali yuklab olishi mumkin.
Sertifikat olish maqsadida test sinovida qatnashish uchun qanday ro‘yxatdan o‘tishimiz mumkin?
Talabgor sertifikat olish maqsadida test sinovida qatnashish uchun “Abituriyentlar ma’lumotlari va arizalarini ro‘yxatga olish tizimi" (my.dtm.uz sayti) orqali elektron ariza berib ro‘yxatdan o‘tishlari mumkin.
Ro‘yxatdan o‘tganligimni qanday bilishim mumkin?
Ro‘yxatdan o‘tish uchun zarur bo‘lgan hujjatlar kiritilganidan so‘ng talabgor uchun Davlat test markazining rasmiy veb-saytida shaxsiy kabinet yaratiladi.
Talabgor to‘lovni amalga oshirganidan so‘ng ro‘yxatdan o‘tgan va Davlat test markazi bilan ommaviy oferta shartnomasi tuzilgan hisoblanadi.
Ro‘yxatdan o‘tish uchun to‘lov qanday amalga oshiriladi?
To‘lov talabgor tomonidan bazaviy hisoblash miqdorining 1,5 baravari miqdorida amaldagi elektron to‘lov tizimlari orqali ariza berilgan kundan boshlab uch kun mobaynida amalga oshiriladi. To‘lov to‘g‘risidagi ma’lumotni talabgor o‘zining shaxsiy kabineti orqali bilishi mumkin.
Test sinovini o‘tkazish joyi va sanasini qanday bilishimiz mumkin?
Talabgor test sinovi o‘tkaziladigan sana va joy to‘g‘risidagi ma’lumotni o‘zining shaxsiy kabineti orqali olishi mumkin.
Test sinovi natijalarini qanday bilishimiz mumkin?
Test sinovlari natijalari ular yakunlangan kundan boshlab 20(yigirma) ish kunidan kechikmay Davlat test markazining rasmiy veb-saytida e’lon qilinadi.
Necha ball to‘plasam, sertifikat olishim mumkin bo‘ladi?
Sertifikat olish uchun test sinovi natijasi bo‘yicha eng yuqori ballning kamida 60 foizini to‘plash zarur.
Sertifikatning amal qilish muddati.
Sertifikat 3 yil muddatga beriladi.
Ijobiy natijaga erishsam, sertifikatni qanday olishim mumkin?
Sertifikat elektron shaklda beriladi. Talabgor sertifikatni shaxsiy kabineti orqali yuklab olishi mumkin bo‘ladi.
Test sinovi balidan qoniqmasam, qayta topshirishim mumkinmi?
Ha, albatta. Test sinovlari natijalari e’lon qilingandan so‘ng qayta ro‘yxatdan o‘tib, belgilangan muddatda test sinovlarida ishtirok etishingiz mumkin.
#Maqola