Foto: Daryo.uz
Ta’lim sifatini ta’minlash milliy agentligi oliy ta’lim muassasalarining milliy reytingini yuritish nizomiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritishni taklif qilmoqda. Loyihaga ko‘ra, reytingda yaxshi natija ko‘rsatgan OTMlar rag‘batlantiriladi. Mablag‘lardan qanday foydalanish haqidagi qarorni esa oliygohlarning o‘zi qabul qiladi.
Hujjat loyihasiga ko‘ra, yakuniy reyting natijalari e’lon qilingan kundan boshlab 15 ish kuni ichida mablag‘lar tegishli muassasa g‘aznasiga o‘tkaziladi. Agentlik reyting natijalarini har yili 1-noyabrgacha yakunlashi rejalashtirilgan.
Loyihada baholash mezonlari ham o‘zgartirilmoqda. Xususan, ish beruvchilar orasida bitiruvchilar nufuzini baholash ko‘rsatkichi barcha toifadagi oliygohlar uchun 5 ball etib belgilangan. Bitiruvchi sifati indeksi amaliy fanlar va tibbiyot yo‘nalishlarida 20 ballik, ijtimoiy-gumanitar fanlarda 25 ballik, iqtisodiyot va sport yo‘nalishlarida esa 40 ballik shkala bo‘yicha baholanadi. Ta’lim va boshqaruv faoliyatini raqamlashtirish bo‘yicha har bir toifada 5 ballik tizim qo‘llaniladi.
Milliy reytingga kamida uch yil faoliyat yuritgan va bakalavr bitiruvchilariga ega OTMlar kiritiladi. Harbiy va harbiylashtirilgan oliy ta’lim muassasalari bundan mustasno. Oliygohlar hisobot yilidan keyingi yilning 1-iyunigacha ma’lumotlarni maxsus platformaga kiritishi kerak bo‘ladi.
Indeks bitiruvchilarning ishga joylashishi, mehnat bozoridagi raqobatbardoshligi va ish haqi kabi natijalarni baholaydi. Ma’lumotlar soliq, bandlik va ijtimoiy himoya organlarining axborot tizimlaridan olinadi. Natijalarga ko‘ra OTMlar uch guruhga bo‘linadi: eng yuqori natija ko‘rsatgan 30 foiz «yashil», keyingi 30 foiz «sariq», qolgan 40 foiz «qizil» guruhga kiradi. Eng yaxshi 20 ta oliygohning har biriga davlat byudjetidan 500 million so‘m ajratilishi belgilangan.
Indeks natijalari har yili 1-oktyabrgacha e’lon qilinadi. Dastlab natijalar oliygohlarga taqdim etilib, aniqlangan xatolarni tuzatish imkoniyati beriladi. Shu bilan birga, 2025-yil iyuldan 2026-yil iyunigacha bo‘lgan davrdagi o‘rganishlarga ko‘ra, OTM bitiruvchilarining o‘rtacha rasmiy oylik daromadi 4,9 million so‘mni tashkil etgan. Eslatib o‘tamiz, hujjat hozircha loyiha bosqichida.
Manba: Daryo.uz
#Oliygohlar #Tartib qoida #Bitiruvchilar uchun