Pedagog xodimlarning farzandlari davlat oliy ta’lim tashkilotlarida to‘lov-kontrakt summasining 30 foizini davlat qoplab beradi. Ta’lim va ilm-fan vazirligi bu imtiyoz qanday tatbiq etilishi haqidagi asosiy savollarga javob berdi.
Chegirma pedagoglarning davlat OTMlarida tahsil olayotgan farzandlariga beriladi. Imtiyoz O‘zbekiston fuqarolariga, shuningdek, O‘zbekistonda doimiy yashovchi fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga ham tatbiq etiladi. Talaba bazaviy to‘lov-kontrakt asosida, bakalavriatning kunduzgi ta’lim shaklida o‘qishi shart. Yarim grant, yarim kontrakt asosida o‘qiyotganlar ham chegirma oladi. Super-kontrakt asosida o‘qiyotganlar esa imtiyozdan foydalana olmaydi, chunki 501-son qaror bilan tasdiqlangan Nizomga ko‘ra chegirma bazaviy kontraktga nisbatan belgilangan.
Kontrakt pulini oldindan to‘liq yoki qisman to‘lagan bo‘lsangiz ham chegirmadan foydalanish mumkin. Ariza berishdan oldin joriy o‘quv yiliga rasmiylashtirilgan kontrakt shartnomasi bo‘lishi kerak. Stipendiyali kontrakt bo‘lsa, 30 foiz stipendiyasiz kontrakt summasidan kelib chiqib hisoblanadi. Shartnoma umumiy summasi o‘zgarmaydi, lekin unga tegishli o‘zgartirish kiritiladi: talaba summaning 70 foizini to‘laydi, 30 foizi davlat byudjeti hisobidan qoplanadi.
Chegirma bir o‘quv yilida pedagogning har bir farzandi uchun bir marta qo‘llaniladi. Pedagogik lavozimlarning tasdiqlangan ro‘yxati 2026-yil 9-iyunda davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan 3849-sonli qaror bilan belgilangan.
Manba: Oliy ta'lim, fan va innovatsiyalar vazirligi
#Oʻqituvchi #Oliygohlar #Imtiyoz #Kontrakt #Kontrakt to‘lovi