Yangiliklar 08/05/2025 Prezident ta’lim sifatini ta’minlashga doir farmonni imzoladi. Eng muhim o‘zgarishlar

Prezident farmoni bilan Prezident Administratsiyasi huzuridagi Ta’lim sifatini ta’minlash milliy agentligi faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.

“Ta’lim sohasidagi loyihalar markazi” loyiha ofisi negizida tashkil etilayotgan agentlik 62 shtat birligidan iborat bo‘ladi. Ya’ni bunda loyiha ofisi yopiladi va uning o‘rniga agentlik ochiladi.

Yangi idora mustaqil davlat boshqaruv organi hisoblanadi va ta’limda sifat nazoratini amalga oshiradi. Buning uchun u ta’lim tashkilotlarini maxsus va kompleks davlat akkreditatsiyasidan o‘tkazadi hamda ularning reytingini yuritadi. Biroq u nodavlat ta’lim tashkilotlari uchun litsenziya berish huquqiga ega bo‘lmaydi. Litsenziya berish huquqi avvalgidek Oliy ta’lim vazirligi zimmasida qoladi.

Bundan tashqari, Milliy malaka tizimini rivojlantirish instituti ham ushbu agentlik tizimiga o‘tkaziladi.

Ta’lim sifatini ta’minlash milliy agentligi direktori Prezident tomonidan tayinlanadi va ozod qilinadi. Uning maqomi Prezident maslahatchisi o‘rinbosariga tenglashtiriladi.

Farmonda keltirilishicha, agentlik ta’lim tashkilotlari bitiruvchilarining zamonaviy mehnat bozori talablariga mosligini o‘rganish maqsadida Umummilliy ish beruvchilar so‘rovnomasini o‘tkazadi.

Shuningdek, Prezidentning e’lon qilingan ushbu farmonida 2025/2026-o‘quv yilidan boshlab ta’limning sirtqi shakliga qabul tugatilishi belgilandi. Bu shuni anglatadiki, joriy yilda boshlanadigan qabul jarayonlarida sirtqi ta’lim shakli uchun kvota berilmaydi.

Bu talab davlat oliygohlari uchun ham, nodavlat (xususiy) oliygohlar uchun ham birdek amal qiladi. Ularning hech biri sirtqiga hujjat qabul qilmaydi.

Bunday tartib hozirda sirtqi ta’lim shaklida o‘qiyotganlarga taalluqli emas. Ular ta’lim jarayonini sirtqi shaklida davom ettiraveradi.

Hujjatga binoan, sirtqi shaklining o‘rniga (kunduzgi ta’limdan boshqa) muqobil ta’lim shakllari bo‘yicha qabul kvotalari bosqichma-bosqich oshirib boriladi.

Ta’kidlanishicha, maqbullashtirilgan kunduzgi ta’lim shakli (part-time education) bo‘yicha o‘qitishga ham ruxsat beriladi.

Oliygohlarda muqobil ta’lim shakllari bo‘yicha umumiy qabul kvotasini kunduzgi ta’lim shakli qabul natijasining 50 foizidan oshirishga yo‘l qo‘yilmaydi. Ya’ni kunduzgiga 100 kishi qabul qilinsa, muqobil ta’lim shakliga 50 kishidan ortiq talaba olishga ruxsat berilmaydi.

Magistratura bosqichida muqobil ta’lim shaklida o‘qitishga yo‘lga qo‘yiladi.

#Yangiliklar  
So'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Bizning Telegram-kanalimizga obuna bo'ling