14-fevralda Prezident Shavkat Mirziyoyev yoshlar bilan muloqot qildi. Davlatimiz rahbari so‘zining avvalida azm-u shijoatli, navqiron yoshlar bilan uchrashib turganidan mamnunligini bildirib, ularning timsolida Yangi O‘zbekistonning bugungi va ertangi bunyodkorlarini ko‘rayotganini ta’kidladi.
“Buyuk shoirimiz Erkin Vohidov aytganidek, yoshlik – bu qalbning oltin sozi. Bunga qo‘shimcha qilib, yoshlar – xalqimizning, Vatanimizning oltin fondi, desak to‘g‘ri bo‘ladi.
Aholimizning 60 foizini aynan yoshlar tashkil etishi ham bu fikrni tasdiqlaydi. Bugungi kunda biz mard va matonatli xalqimizga, serg‘ayrat yoshlarimizga ishonganimiz uchun o‘z oldimizga katta-katta maqsadlar qo‘ymoqdamiz, marrani baland olmoqdamiz.
Kelgusida Uchinchi Renessans poydevorini yaratadigan yangi Xorazmiylar, Beruniylar, Ibn Sinolar, Mirzo Ulug‘bek va Alisher Navoiylar qayerdan paydo bo‘ladi? Bu ulkan vazifalarni kim bajaradi?
Men qayta-qayta takrorlashdan charchamayman. Albatta, bu ezgu g‘oyalarni sizlar – bugungi Yangi O‘zbekiston yoshlari amalga oshirasizlar”, — dedi Prezident.
Muloqotda yoshlarimiz turli sohalardagi yutuqlari bilan tengdoshlariga o‘rnak bo‘layotgani ta’kidlandi. Hozirgi vaqtda dunyodagi “top” oliygohlarda 1,5 mingdan ziyod talabalarimiz tahsil olmoqda. Bu O‘zbekiston uchun tarixda kuzatilmagan voqelik.
“Endi barcha tizimdagi rahbarlar yoshlarning baralla ovozini eshitishga majbur. Yoshlar buyuk kelajagimizning asosiy bo‘g‘ini ekanligini tushunmagan rahbar bizning safimizda bo‘lishga haqqi yo‘q”, — dedi Prezident.
Muloqot davomida ilgari oliy ta’limda 1 ta o‘rin uchun kamida 10 nafar yigit-qiz kurash olib borgani, qisqa davrda oliygohlar soni 3 barobar oshirilgani, tizimda qamrov 42 foizga yetgani haqida ham ma’lumot berildi. Xotin-qizlarga kontrakti davlat tomonidan qoplab berilayotgani hisobiga esa talaba qizlar soni 11 karra ko‘paydi.
“Men bir hayotiy fikrni takrorlashdan charchamayman: bitta qizni o‘qitsak, butun oilani o‘qitgan bo‘lamiz. Oila bilimli, ma’rifatli bo‘lsa, butun jamiyat bilimli, ma’rifatli bo‘ladi. Bu boradagi ishlarni yanada jadal davom ettiramiz”, — dedi Prezident.
O‘tgan 25 yil ichida davlat hisobidan 800 nafar yoshlar xorijga o‘qishga yuborilgan bo‘lsa, birgina “El-yurt umidi” jamg‘armasi orqali so‘nggi 7 yil ichida 3 barobar ko‘p o‘g‘il-qizlarimiz bunday imkoniyatga ega bo‘ldi.
Endi, Yoshlar agentligi xorijda o‘qiyotgan har bir talabaga bosh-qosh bo‘lib, ehtiyojlarini aniqlashi, Vatanga qaytib, o‘z o‘rnini topishi, muvaffaqiyatli karera qilishi kabi masalalarda Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi bilan teng mas’ul bo‘lishi belgilandi.
Ilmiy darajali yosh olimlarimiz soni 2 karra oshib, 4 ming 357 nafarga yetdi. Ayniqsa, farzandlarimiz orasida chet tillarni o‘rganishga qiziqish keskin kuchaydi. Ana shu imkoniyatlardan foydalanib, yaqinda bilimdon va intiluvchan Parviz Tuksanov SAT imtihonidan eng yuqori – 1600 ball to‘pladi. Prezidentimiz uni ushbu natija bilan qizg‘in tabriklab, ota-onasi va o‘qituvchilariga minnatdorlik bildirdi.
Yana bir ibratli misol – “Kitobsevar millat” g‘oyasi asosida yoshlarda mutolaa madaniyatini shakllantirish umummilliy harakatga aylandi. An’anaviy tarzda o‘tkazilayotgan “Yosh kitobxon” tanlovidagi ishtirokchilar soni 6 karra oshib, 3 million nafarga yetdi. Bir guruh faol yoshlar tomonidan yaratilgan “Mutolaa” loyihasi orqali 1 milliondan ortiq yoshlar kitobxonlar qatoriga kirdi.
Hozirgi tezkor axborot almashinuvi davrida yosh avlod, ayniqsa, bolajonlarimiz uchun milliy kontentlarni yaratish dolzarb vazifadir. Bunday kontentni bog‘cha va maktabdagi ta’lim jarayonlarida namoyish etish orqali yanada ommalashtirish zarurligi ta’kidlandi.
Prezident imzolagan uchinchi hujjatga ko‘ra, “Aloqabank” yoshlarning biznes loyihalarini qo‘llab-quvvatlovchi tayanch “yoshlar banki”ga aylantirilib, bunga 200 million dollar ajratildi. Bank o‘zini o‘zi band qilgan yoshlar loyihalari uchun 100 million so‘mgacha 7 yil muddatga imtiyozli mikroqarz ajratadi.
Shuningdek, yakka tartibdagi tadbirkor bo‘lgan, kamida 20 nafar yoshni ishga olib, kichik korxona ochgan va o‘quv markazi tashkil qilgan yosh tadbirkorlarga 7 yil muddatga 5 milliard so‘mgacha imtiyozli kredit beriladi. Bank kreditlarining kamida 30 foizi xotin-qizlar tadbirkorligi uchun yo‘naltiriladi.
Hududlarda “yoshlar biznes inkubatori” tashkil qilinib, yoshlar g‘oyalari startapga aylantiriladi, 6 oydan 3 yilgacha qo‘llab-quvvatlanadi, tayyor biznes, korxona darajasiga olib chiqiladi.
“Aloqa venchur” jamg‘armasi orqali startaplarga 50 mingdan 1 million dollargacha sarmoya kiritilib, mahsulot va xizmatlarni ichki va xalqaro bozorlarda sotish, biznes hamkor topish, qo‘shimcha investitsiyalar jalb qilishga ko‘maklashiladi.
2025-yilda O‘zbekistonda yoshlar ishsizligiga barham berish ishlari yangi bosqichga ko‘tarilishi ta’kidlandi. Rahbarlar yoshlar ishsizligining salbiy oqibatlaridan, o‘z vaqtida band bo‘lmagan yoshlar bilib-bilmay nomaqbul ishlarga qo‘l urishi, diniy radikalizm ta’siriga tushib qolishi, jinoyat ko‘chasiga kirishi mumkinligidan ogohlantirildi.
Yoshlarni kasb va tilga o‘qitib, yuqori daromadli ishlarga joylashtirish maqsadida bu yil bandlik bo‘yicha katta dastur qabul qilindi. Buning uchun jami 126 trillion so‘m yo‘naltirilmoqda. Unga ko‘ra, mahallalarda 378 mingta mikroloyiha amalga oshiriladi, mahalla bankirlari yangi kredit mahsulotlari hisobiga 250 ming nafar odamni daromadli qiladi.
Prezidentimiz yoshlar bilan bo‘lib o‘tgan suhbat davomida yoshlarga juda ko‘plab imkoniyatlar eshigini ochganlari yolg‘on emas. Bu imkoniyatlardan foydalangan holda bundan so‘ngra yoshlar buyuk marralarni zabt etishlariga ishonamiz.
#Ta'lim telekanali #Yangiliklar