Maqolalar 26/01/2025 Qishki "perevod"da kimlar o‘qishini ko‘chira oladi?

  Ko‘pincha talabalarni Qishki perevod bilan bog‘liq turli xil savollar qiynaydi. Shu sababli bugungi maqolamizda ko‘pchilikni qiziqtirgan savollarga batafsil javob berishga harakat qildik.   Qishki perevod uchun arizalar har yili 20-dekabrdan 20-yanvarga qadar (o‘sha kuni ham) qabul qilinadi.

  Qishki “perevod”ga barcha talabalar ham hujjat topshirolmaydi. Faqat 2 ta uzrli sababi borlarga ruxsat.

Quyidagilar uzrli sabablar hisoblanadi:

1-talaba oila qurishi munosabati bilan turmush o‘rtog‘i doimiy yashaydigan hududdagi OTMga o‘qishini ko‘chirish uchun;

2-davlat organlarining xodimlari ish joyi o‘zgargan taqdirda uning turmush o‘rtog‘i yoki voyaga yetmagan farzandi o‘qishini ko‘chirish uchun (tegishli vazirlik (idora) rahbarining tavsiyasi asosida).

Hududiy ishchi guruhlarga quyidagi hujjatlar taqdim etiladi:

  • o‘qishni ko‘chirish bo‘yicha ariza (ariza blankasi hududiy ishchi guruhi tomonidan beriladi va talaba tomonidan joyida to‘ldiriladi);
  • talabaning reyting daftarchasi yoki belgilangan shakldagi akademik ma’lumotnoma yoki transkript nusxalari (bittasi bo‘lsa yetarli);
  • pasport nusxasi;
  • yuqorida qayd etilgan uzrli sabablarni asoslovchi tegishli hujjatlar.

  O‘qishni qayta tiklash bo‘yicha (ko‘chirib tiklash bundan mustasno) arizalar talabaning chetlatilganligiga necha yil bo‘lganligidan qat’iy nazar bevosita o‘zi tahsil olgan OTMga taqdim etiladi.

  Bu muddatda xorijiy xususiy OTMdan o‘qishni ko‘chirish uchun arizalar qabul qilinmaydi.

 Qishki perevodda arizalar onlayn shaklda sayt orqali to‘ldirilmaydi. Kerakli hujjatlar har bir OTMda tashkil etilgan ishchi guruhga talaba yoki uning yaqin qarindoshlari tomonidan shaxsan topshirilishi shart. 

Eslatib o‘tamiz, qishki perevod imtihonlarsiz, ariza asosida amalga oshiriladi.

  Arizalar 20-yanvargacha qabul qilinsa, o‘qishini ko‘chirish bo‘yicha arizani ko‘rib chiqib, qaror qabul qilish — har yili 25-yanvardan 15-fevralga qadar amalga oshiriladi. Ushbu muddat 393-sonli Vazirlar Mahkamasining qarorida ko‘rsatib o‘tilgan.

  Ya’ni qishki perevod uchun hujjat topshirgan talaba uzog‘i 15-fevralga qadar natijani bilib olishi kerak. Agarda, talabaning arizasi ijobiy qanoatlantirilgan bo‘lsa, u 25-fevralga qadar darslarga qo‘yilishi lozim.

Keyingi jarayon qanday bo‘ladi?

   Tegishli vazirlik (idora) yoki Davlat komissiyasining xati asosida oliy ta’lim muassasasi rektorining buyrug‘i bilan o‘qishi ko‘chirilayotgan talaba darslarga qo‘yiladi. OTM tomonidan talaba ilgari ta’lim olgan OTMga uning shaxsiy yig‘ma jildini jo‘natish uchun so‘rovnoma yuboriladi.

  So‘rovnoma olingandan so‘ng, talaba ilgari ta’lim olgan oliy ta’lim muassasasi rektorining talabalar safidan chetlashtirish haqida buyrug‘i asosida uch kun muddatda talabaning shaxsiy yig‘ma jildi (ro‘yxati bilan) uni o‘qishga qabul qilgan oliy ta’lim muassasasiga jo‘natiladi yoki ariza bilan o‘qishi ko‘chirilgan talabaga beriladi.

  Shaxsiy yig‘ma jild jo‘natilishi mumkin bo‘lmagan hollarda (yopiq yo‘nalishlar va mutaxassisliklar bo‘yicha kadrlar tayyorlash) oliy ta’lim muassasasi rektori tomonidan imzolangan va gerbli muhr bilan tasdiqlangan akademik ma’lumotnoma talabani o‘qishga qabul qilgan oliy ta’lim muassasasiga jo‘natiladi.

Eslatma: agar talaba maqsadli qabul doirasida ta’lim olayotgan bo‘lsa, unga o‘qishni ko‘chirishga ruxsat berilmaydi.

Grantda o‘qiyotgan talaba grant bilan o‘qishini ko‘chira oladimi?

  O‘qishning barcha shakllari bo‘yicha oliy ta’limning mos va turdosh yo‘nalishlari hamda mos mutaxassisliklari bo‘yicha davlat grantlari o‘rinlariga ko‘chirishga faqat davlat grantlari asosida tahsil olgan talabalar arizasiga ko‘ra oliy ta’lim muassasalarida tegishli o‘quv yilidagi qabul qilish kvotalarida belgilangan davlat grantlarining soni doirasida ruxsat etiladi.

    Ya’ni agar OTM yo‘nalishlari uchun ajratilgan grant o‘rin bo‘lsa, ta’lim muassasasidagi vaziyatdan kelib chiqib, talabaga grant asosida o‘qishni ko‘chirishga ruxsat berilishi mumkin.

   Ko‘zi ojiz va nogironligi bor talabalarga grant asosida o‘qishni ko‘chirishga ruxsat beriladi. 

UMUMIY JARAYON QUYIDAGICHA:

  • 20-dekabrdan 20-yanvargacha - Qishki perevod qabul jarayoni;
  • 25-yanvardan 15-fevralga qadar natijalar e’lon qilinadi;
  • 15-fevraldan 25-fevralga qadar - arizasi qanoatlantirilgan talaba darslarga qo‘yiladi;
  • 1-mart sanasiga qadar - talabaga buyruq chiqariladi.

   Uzrli sabablar bilan o‘qishni ko‘chirish uchun topshirilgan arizalar natija (javob)lari yuqorida aytilganidek, 15-fevralga qadar aniq bo‘ladi.

Xo‘sh, talaba "perevod natijasini" qayerdan bilib olsa bo‘ladi?

 Odatda negadir "qishki perevod" natijalari OAVda e’lon qilinmaydi, bu holat kuzatilmagan desak ham bo‘ladi. Talaba o‘zi yugurib-yelib bilib olishi kerak.

   Gap shunda-ki, VM-393 sonli qarorida 15 fevralga qadar talaba ariza natijasi bilan xabardor qilinishi aytilgan, qanday usuldaligi esa yozilmagan. Demak, OAV da natijalarni e’lon qilmaslik noqonuniy holat emas, talabaga har qanday usul bilan ma’lumot yetkazilsa bo‘lgani.

Talaba natijalarni quyidagi usulda bilib olishi mumkin:

  • OAV, vazirlik ijtimoiy sahifalaridagi e’lonlari orqali;
  • Ishchi guruh tomonidan unga qo‘ng‘iroq qilish orqali;
  • Hujjat topshirgan ishchi guruh mas’uli orqali;
  • O‘qishini ko‘chirmoqchi bo‘lgan oliygoh bilan bog‘lanish orqali. 

  Bizdagi ma’lumotlarga ko‘ra, talabalarga ariza natijalari haqida xabar berish boshlangan.

Ma’mura To‘rayeva tayyorladi

 

 

#Maqola  
So'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Bizning Telegram-kanalimizga obuna bo'ling