Maqolalar 24/05/2025 Sessiya azobi: Talabani qiynaydigan ustozlar yoxud talabalar huquqlari qanday himoyalanadi?

O‘zbekiston talabalarining taxminan to‘rtdan bir qismi sessiya paytida turli bahonalar bilan baho qo‘yishni kechiktiradigan o‘qituvchilar muammosiga duch kelishadi. Bu holat talabalarning ma’naviy va moddiy zarar ko‘rishiga olib keladi. Ushbu maqolada bu muammoning ildizlari, oqibatlari va yechimlariga to‘xtalib o‘tamiz.

Sessiya…

Sessiya – talabalar uchun eng mas’uliyatli va stressli davr. Bu paytda baholarni o‘z vaqtida olish muhim, chunki bu talabaning kelajagi va o‘qishga bo‘lgan motivatsiyasiga ta’sir qiladi. Afsuski, ayrim o‘qituvchilar turli sabablarga ko‘ra, baho qo‘yishni kechiktiradilar, ba’zan esa talabalardan “minnatdorchilik” kutishadi. Bu kabi harakatlar korrupsiyaning bir ko‘rinishi bo‘lib, talabalar uchun adolatsizlik hissini uyg‘otadi.Ayniqsa yozning issiq kunlarida imtihon topshirishda talabalar “oltin davr”ning eng qiyin pallalarini boshdan o‘tkazishadi. To‘g‘ri, sessiya barcha tolibi-ilmlar uchun qiyinchilik tug‘dirmaydi. Ammo talabalar fikri bilan qiziqqanimizda, har to‘rt nafar talabadan biri bu yilgi sessiyada “O‘qituvchi baho qo‘yib bermay, bir hafta yugurtirdi”, “Bahomni qo‘yib bergani yo‘q”, “Darsda tortishganim uchun baho olishim qiyin bo‘ldi”, “Guruhimiz bilan yiqitdi” qabilidagi javoblar oldik.

Muammoning ildizi nimada?

Bu muammoning bir necha sabablari bor:

Tan olish kerak, so‘nggi yillarda OTMlarda sessiya paytidagi korrupsion holatlarga deyarli chek qo‘yilgan, Bundan 6-7 yil ilgari studentlar duch keladigan korrupsiya haqida onda-sonda eshitmasak, bunday noxush holatlar juda kam uchraydi. Ammo o‘qituvchilarning mas’uliyatsizligi bilan bog‘liq adolatsizlikka ko‘z yumib bo‘lmaydi. Ayrim o‘qituvchilar o‘z vazifalariga sovuqqonlik bilan yondashadilar, baholash jarayonini kechiktiradilar va talabalarning vaqtini qadrlamaydilar.

Bu esa tizimda nazoratning sustligi bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. Oliy ta’lim muassasalarida o‘qituvchilar faoliyatini nazorat qilish tizimi yetarli emasligi ham bu muammoning kuchayishiga sabab bo‘ladi. HEMIS tizimidagi kamchiliklar: HEMIS tizimining ayrim kamchiliklar muammoning bir qismi desak xato bo‘lmaydi, bu baholarni o‘z vaqtida kiritish va monitoring qilishni qiyinlashtiradi. Ba’zi o‘qituvchilar bu tizimdagi texnik nosozliklardan foydalanib, baholarni kechiktirishga urinadilar. Bu haqda ismi oshkor etilishini istamagan talaba shunday deydi: -” HEMIS tizimining ayrim kamchiliklar uchramoqdaki, o‘qituvchi xohlaganiday baholarni o‘zgartira oladi. Bu esa shaffoflikka o‘z ta’sirini ko‘rsatadi. Professor-o‘qituvchilarni Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi nazoratini qiladigan alohida tizim yaratilsa yaxshi bo‘lardi. Sessiyada qiynalmasdik ” Talaba ham “oppoq” emas. Albatta, muammoning bir tomoni o‘qituvchilarda bo‘lsa, ikkinchi tomoni talabalardadir. Biz bu masalada faqat talaba fikri bilan xulosa qilmoqchi emasmiz! Professor-o‘qituvchilarning mulohazalarini ham inobatga oldik. Tahlillarga ko‘ra, talabalarning ko‘pchiligi darslarga to‘liq qatnashmaydi, ayrimlari esa o‘zlashtirishda yetarli bilimga ega emas. Bu holat esa o‘qituvchilarda talabalarga nisbatan salbiy fikr uyg‘otadi. Yana bir jihat, baholarning kechiktirilishi talabalarga jiddiy ma’naviy va moddiy zarar yetkazadi: · Stress va depressiya: Noaniqlik talabalarda stress va depressiyani keltirib chiqaradi. · Ishtiyoqning yo‘qolishi: Adolatsizlik hissi talabalarning o‘qishga bo‘lgan qiziqishini so‘ndiradi. · Moddiy zarar: Talabalar baho olish uchun o‘qituvchilarga “minnatdorchilik” ko‘rsatishga majbur bo‘lishadi.

O‘qituvchi baholarning o‘z vaqtida qo‘ymasa, qanday javobgarlik bor? O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 313-moddasi uchinchi qismida intizomiy jazo chorasini qo‘llashda sodir etilgan qilmishning og‘ir-yengilligi, uning sodir etilishi holatlari, xodimning avvalgi ishi va xulq-atvori hisobga olinishi belgilangan. Shunga ko‘ra, o‘qituvchi baholarning o‘z vaqtida qo‘yilmasligi, bu mehnat intizomini buzish hisoblanishi mumkin. Intizomiy ta’sir chorasi xodim haqiqatda o‘z mehnat majburiyatlarini bajarmaganda qo‘llaniladi. Mehnat kodeksining 312-moddasiga muvofiq mehnat intizomini buzganligi uchun ish beruvchi xodimga quyidagi intizomiy jazo choralarini qo‘llashga haqli: · Hayfsan; · O‘rtacha oylik ish haqining o‘ttiz foizidan ko‘p bo‘lmagan miqdorda jarima. · Mehnat shartnomasini bekor qilish. Pedagogdan birinchi galda tushuntirish xati olinishi kerak. Agar o‘qituvchi tushuntirish xati yozishdan bosh tortsa, holat bo‘yicha dalolatnoma rasmiylashtirilishi kerak bo‘ladi. Muammoning yechimi bo‘yicha takliflar Ushbu muammoni hal qilish uchun quyidagi choralarni ko‘rish zarur: · Shaffof baholash tizimi: Baholash mezonlari aniq va shaffof bo‘lishi kerak. · Nazoratni kuchaytirish: Oliy ta’lim muassasalarida o‘qituvchilar faoliyatini nazorat qilish tizimini kuchaytirish lozim. · Talabalarning huquqlarini himoya qilish: Vazirlik Talabalarning huquqlarini himoya qiladigan va shikoyatlarini ko‘rib chiqishga alohida e’tibor qaratishi lozim · O‘qituvchilarning mas’uliyatini oshirish va ularga nisbatan intizomiy choralar qo‘llash mexanizmini yaratish zarur. · Talabalar bilimini oshirish: Talabalarning bilim darajasini oshirish, darslarga qatnashishini ta’minlash. · Hemisni yanada mukammallashtirish lozim Xulosa Sessiya paytida talabalarga nisbatan adolatsizlikning oldini olish uchun barcha manfaatdor tomonlar birgalikda harakat qilishlari zarur. Shaffoflik, nazorat, mas’uliyat va qonunchilik asosida ish olib borish orqali adolatli va sog‘lom ta’lim muhitini yaratish mumkin.

#Maqola  
So'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Bizning Telegram-kanalimizga obuna bo'ling