Maktablar 16/10/2026 Toshkentda xususiy ta’lim markazlari davlat maktablari bilan hamkorlik qiladi

Foto: Daryo.uz

Toshkent shahrida xususiy ta’lim markazlarining davlat maktablari bilan hamkorligi yo‘lga qo‘yiladi. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev tanishgan poytaxtdagi ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish loyihalari taqdimotida ma’lum qilindi.

Rejaga ko‘ra, bu hamkorlik orqali o‘quvchilar maktabning o‘zida oliy ta’lim muassasalariga kirishga tayyorlanishi va yangi tillarni o‘rganishi uchun sharoit yaratiladi. Ya’ni, qo‘shimcha tayyorgarlikni bevosita ta’lim muassasasi doirasida olish imkoniyati paydo bo‘ladi.

Yangi maktab loyihalari

Taqdimotda maktablarning namunaviy loyihalarini takomillashtirish masalasi ham ko‘rib chiqildi. Xususan, 2026–2027-o‘quv yili uchun jami 38 ming o‘rinli 24 ta yangi maktab loyihasi tayyorlangan. Bu loyihalarga 17 ta qo‘shimcha imkoniyat kiritilmoqda, jumladan:

  • qo‘shimcha o‘quv maydonlari;
  • kutubxonalar;
  • sport va madaniy tadbirlar uchun moslashuvchan zallar;
  • o‘qituvchilar xonalari;
  • inklyuziv ta’lim uchun zarur sharoitlar.

O‘quvchi o‘rinlari tanqisligi

Taqdimotda Toshkentda 2025–2026-o‘quv yilida maktablardagi o‘quvchi o‘rinlari tanqisligi 141 ming tani tashkil etgani eslatildi. Bu ko‘rsatkich 2030–2031-o‘quv yiliga borib 212 ming taga yetishi mumkin.

Shu sababli 2030-yilgacha respublika va mahalliy byudjetlar hisobidan jami 126 ming qo‘shimcha o‘quvchi o‘rni yaratish rejalashtirilgan. Bu rejalar amalga oshsa, poytaxtda maktabga joy topish masalasi ancha yengillashishi kutilmoqda.

Manba: Daryo.uz

#Yangiliklar   #Maktab  
So'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Bizning Telegram-kanalimizga obuna bo'ling