Maqolalar 03/12/2024 O‘quvchilar darsga o‘z vaqtida kelmasa kim javobgar?


Bunday holat kuzatilsa, ota-onalarga nisbatan ma’muriy javobgarlik chorasi qo‘llaniladi

Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks  47-moddasiga asosan ota-onalar yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar tomonidan voyaga yetmagan bolalarni tarbiyalash va ularga ta’lim berish borasidagi majburiyatlarni bajarmaslik, shu jumladan voyaga yetmagan bolalarning ma’muriy huquqbuzarlik sodir etishiga olib kelishi:
— bazaviy hisoblash miqdorining bir baravaridan besh baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Shunga ko‘ra bolasini maktabda yubormagan ota-onalarga yuqoridagi modda bilan jarima qo‘llaniladi.

Maktabgacha va maktab ta’limi vazirining 27.06.2023-yildagi 190-sonli buyrug‘i bilan tasdiqlangan umumiy o‘rta ta’lim muassasasi sinf rahbarining yo‘riqnomasiga muvofiq, sinf rahbari sinfdagi davomatni nazorat qilishi, bu haqida ota-onalar bilan bog‘lanib, kelmaganlik sabablarini aniqlashi va maktab rahbariyatiga axborot kiritishi kerak.

Ushbu buyruqning 1-ilovasiga asosan MMIBDO‘ning lavozim majburiyatlaridan biri bu sinf rahbarlarining faoliyatini tashkil etish, o‘quvchilarining davomatlarini nazorat qilish hisoblanadi.

Shunga ko‘ra, agar sinf rahbar yuqoridagi majburiyatni bajarmagan bo‘lsa, unda sinf rahbarga Mehnat kodeksi 312-moddasiga asosan intizomiy ta’sir chorasi qo‘llaniladi. 

Biroq, sinf rahbar davomat masalasida o‘z majburiyatini bajarganda bu javobgarlik MMIBDO‘ga nisbatan qo‘llaniladi.

Mehnat kodeksi 312-moddasiga muvofiq xodimga mehnat intizomini buzganligi uchun ish beruvchi quyidagi intizomiy jazo choralarini qo‘llashga haqli:
1) hayfsan;
2) o‘rtacha oylik ish haqining o‘ttiz foizidan ortiq bo‘lmagan miqdorda jarima. 
3) mehnat shartnomasini bekor qilish (100-modda ikkinchi qismining 3 va 4-bandlari).
Ushbu kodeks 313-moddasiga ko‘ra yuqoridagi jazo turlari faqat uni qo‘llashga vakolatli shaxslar tomonidan berilishi mumkin. Xodimga intizomiy ta’sir chorasi qo‘llashga ish beruvchi haqli.

#Maqola   #Oʻquvchi   #Tartib qoida  
So'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Bizning Telegram-kanalimizga obuna bo'ling