Yangiliklar 02/05/2025 Xususiy OTMlarni litsenziyalash va nazorat qilish bilan shug‘ullanuvchi mustaqil alohida tashkilot tuziladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 30-aprel kuni nodavlat ta’lim xizmatlari tizimini takomillashtirish, oliy va kasbiy ta’limda sifatni oshirish chora-tadbirlari taqdimoti bilan tanishdi.

So‘nggi yillarda ta’lim sohasida xususiy sektorga berilgan imkoniyatlar tufayli 71 ta xususiy oliygoh va 51 ta xususiy texnikum tashkil etilib, ularda 500 ming nafarga yaqin talaba va o‘quvchilar tahsil olmoqda. Buning natijasida mamlakatda oliy ta’lim bilan qamrov 9 foizdan 42 foizga oshgan.

Taqdimot davomida nodavlat ta’lim tashkilotlarida qabul parametrlari, ta’lim dasturlari, o‘quv jarayonlari hamda ilmiy salohiyatni sifat jihatidan yaxshilash, ularni zamonaviy mehnat bozori ehtiyojlariga moslashtirish eng asosiy masalalardan biri ekanligi ham ta’kidlab o‘tildi.

Shu bois nodavlat ta’lim xizmatlarini ko‘rsatishni tartibga solish, litsenziyalash tizimini takomillashtirish hamda davlat akkreditatsiyasidan o‘tkazish bo‘yicha yangi tizimni joriy etishga qaratilgan takliflar muhokama qilindi.

Bu borada xorijiy tajribalar asosida ikki bosqichli litsenziyalash tizimiga o‘tish, ta’lim dasturlarini maxsus akkreditatsiyadan o‘tkazish hamda har besh yilda kompleks davlat akkreditatsiyasini tashkil etish bo‘yicha takliflar bildirildi.

Shuningdek, taqdimotda rivojlangan davlatlarning eng ilg‘or tajribasidan kelib chiqqan holda, ta’lim sifatini tashqi baholash bilan shug‘ullanuvchi alohida mustaqil tuzilma tashkil etish hamda sifat nazoratining shaffof, xolis va adolatli tizimini joriy qilish tashabbusi ham ilgari surildi.

#Yangiliklar  
So'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Bizning Telegram-kanalimizga obuna bo'ling