Kecha, 29-aprel kuni Prezidentga kambag‘al oilalarni qo‘llab-quvvatlash, nogironligi bo‘lgan shaxslarning bandligini ta’minlash, ijtimoiy xizmatlar qamrovi va turlarini kengaytirish chora-tadbirlari bo‘yicha axborot berildi.
Xabarga ko‘ra, kambag‘al oilalarni ularning ijtimoiy-iqtisodiy holatiga qarab, uch toifada qo‘llab-quvvatlash taklif qilingan.
Ta’kidlanishicha, bunday oilalarga 100 dan ortiq turdagi ijtimoiy xizmat, yordam va imtiyozlar taqdim etiladi.
“Kambag‘al oilalar reestri”ga kiritish tartib-taomillari esa qonunchilik hujjati darajasida belgilanadi. Ularni kambag‘allikdan chiqarish bo‘yicha individual rejalar tasdiqlanib, manzilli xizmat va yordamlar ko‘rsatiladi. Bunday insonlar bandligini cheklovchi omillar bartaraf etilib, muayyan daromad topishiga sharoit yaratiladi.
Kambag‘al oila farzandlarining ta’lim olishi uchun ham bir qator moliyaviy qo‘llab-quvvatlash choralari ko‘riladi. Jumladan, bunday oiladan chiqqan bolalar maktabdagi uzaytirilgan kun guruhlari uchun to‘lovdan ozod qilinadi. A’lo bahoga o‘qiganlari esa oromgohlarda bepul dam olishi mumkin bo‘ladi.
Kambag‘al oiladan chiqqan a’lochi talaba-qizlarga bo‘lsa bazaviy stipendiyaning 2 baravari miqdorida maxsus stipendiya to‘lanadi.
Taqdimotda nogironligi bo‘lgan shaxslarning bandligini ta’minlash choralari haqida ham axborot berilgan.
Unga ko‘ra, nogironligi bor insonlarni ishga olgan yengil sanoat korxonalariga soliq imtiyozlari berish, bunday xodimlar uchun ijtimoiy soliq stavkasini pasaytirish, tadbirkorlarga Ijtimoiy himoya davlat jamg‘armasi hisobidan 500 million so‘mgacha subsidiya ajratish kabi rag‘batlar ko‘zda tutilmoqda.
Shuningdek, elektron savdo maydonchasi orqali nogironligi bor shaxslarga tegishli tovar va xizmatlarni xarid qilish miqdori oshiriladi. Ularga kasb-hunar o‘rgatish uchun texnikumlarda inklyuziv ta’lim guruhlari tashkil etiladi.
O‘zgalar parvarishiga muhtoj shaxslarga ijtimoiy xizmatlar qamrovi va turlarini kengaytirish maqsadida “Faol hayotga qadam” dasturi joriy etiladi. Bunday insonlarga kunduzgi qatnov asosida yoki uyda qarab turish, maishiy yumushlarda ko‘maklashish, yo‘qotilgan harakat faolligini qayta tiklash, kasalliklarning oldini olish kabi tibbiy-ijtimoiy xizmatlar yo‘lga qo‘yiladi.
Davlat rahbari takliflarni ma’qullab, ularni tizimli yo‘lga qo‘yish va bajarilishini nazorat qilish bo‘yicha ko‘rsatmalar bergan.
#Yangiliklar