Maqolalar 30/05/2025 Endilikda maktablar “qizil”, “sariq” va “yashil” toifalarga ajratiladi

O‘quvchilar davomatini yuritish, ta’limga jalb qilish ishlarini nazorat qilish va umumiy o‘rta ta’lim maktablarida huquqbuzarliklar holati yuzasidan toifalarga ajratish to‘g‘risida nizom tasdiqlandi.

Nizomga ko‘ra, umumiy o‘rta ta’lim maktablarida davomatni yuritish, o‘quvchilarning dars mashg‘ulotlariga muntazam qatnashishini nazorat qilish, maktablarni huquqbuzarlik holatidan kelib chiqqan holda, “qizil”, “sariq”, “yashil” toifaga ajratiladi.

“Yashil” toifali maktab – hisobot davrida maktab o‘quvchilari tomonidan hech qanday jinoyat sodir etilmagan bo‘lsa.

“Sariq” toifali maktab – hisobot davrida maktab o‘quvchilari tomonidan bittadan ko‘p, lekin uchtadan ortiq bo‘lmagan jinoyat sodir etilgan bo‘lsa.

“Qizil” toifali maktabda – hisobot davrida maktab o‘quvchilari tomonidan uchtadan ortiq jinoyat sodir etilgan bo‘lsa.

O‘quvchilarning davomati sinf miqyosida fan o‘qituvchilari va sinf rahbarlari tomonidan “e-maktab” platformasi orqali har kun belgilanib boriladi.

Umumiy o‘rta ta’lim maktablarida o‘quvchilar davomatini yuritish, kunlik nazorat qilish ushbu Nizomning 1-ilovasiga muvofiq sxema asosida amalga oshiriladi.

Ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari sababsiz darsga kelmagan o‘quvchilar ro‘yxatini inspektor-psixologlarga ushbu Nizomning 2-ilovasida keltirilgan bildirishnomaga asosan kunlik taqdim etadi.

Direktor, ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari, sinf rahbari, fan o‘qituvchisi tomonidan o‘quvchilarning darsda ishtiroklari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni o‘z muddatida belgilamaslik hamda statistik hisobotlarni haqqoniy yuritmaslik holatlari aniqlangan taqdirda belgilangan tartibda intizomiy jazo chorasini qo‘llashga sabab bo‘ladi.

Noqonuniy diniy ta’lim olayotgan, xorijga chiqib ketgan, darslarga muntazam qatnashmayotgan o‘quvchilar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni uch kun ichida inspektor-psixolog va tuman-shahar Ichki ishlar bo‘linmalariga xabar berishga maktab direktorlari shaxsan mas’ul ekanligi belgilandi.

#Maqola  
So'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Bizning Telegram-kanalimizga obuna bo'ling