Maqolalar 22/06/2025 Hech qachon kech emas: turkiyalik ayol 71 yoshida grafik dizayn bo‘yicha diplom oladi

Turkiyaning Kutahya shahrida yashovchi 71 yoshli uy bekasi Selma Shahin 2-yil avval boshlagan universitet ta’limini muvaffaqiyatli tugatdi, deb xabar beradi Milliyet nashri.

Yoshligida oiladagi moddiy qiyinchiliklar tufayli o‘rta maktabni tark etishga majbur bo‘lgan ikki nafar farzand va to‘rt nafar nabiraning onasi o‘rta maktab va litseyni ochiq holda tugatgach, universitetga kirish imtihonlarida yetarli ball to‘plab, Kütahya Dumlupınar (DPÜ) universitetining Tasviriy san’at kasb-hunar oliy maktabida ta’lim ola boshlaydi.

Shahinning nashrga bergan ma’lumotlariga ko‘ra, u rasm chizishni yaxshi ko‘rgani va san’atga qiziqqani uchun aynan shu yo‘nalishni tanlagan. U boshqa o‘quvchilar bilan ahil bo‘lib, umuman dars qoldirmagan. Ta’kidlashicha, kursdosh o‘quvchilar Shahinga barcha masalada, xususan, kompyuter darslarida yaqindan yordam bergan.

71 yoshli bitiruvchi shuningdek, uy bekasi bo‘lish uning ta’limiga hech qanday xalal bermagani, hunarmand turmush o‘rtog‘i bo‘lsa uni ta’lim borasida maksimal qo‘llab-quvvatlaganini aytadi.

Biroq unga bu yo‘lda to‘sqinlik qilmoqchi bo‘lganlar ham topilgan. Ba’zilar “Bu yoshda uyda qol, o‘qib nima qilasan?” degan. Bu fikrlar onaxonni biroz ranjitsa-da u o‘qishdan voz kechmaganini aytadi.

“... Chunki o‘qib, o‘rganish uchun yosh chegarasi yo‘q. Men juda baxtliman va holatimdan mamnunman. Otam moliyaviy qiyinchilik tufayli meni o‘qitolmadi, shuning uchun o‘rta maktabdan ketishga majbur bo‘ldim. Ta’lim olish mening ichimda orzu bo‘lib qolgandi. Kattaroq yoshda o‘qish imkoniyatiga ega bo‘ldim. Ham yoshlarga hamda men kabi yoshi kattalarga namuna bo‘lsam, xursand bo‘lardim”, – deydi u.

Qayd etilishicha, ikki yillik grafik dizayn kursini muvaffaqiyatli tamomlagan Shahin 27-iyun kuni bo‘lib o‘tadigan bitiruv marosimida mutaxassislik diplomini qo‘lga kiritadi.

#Maqola  
So'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Bizning Telegram-kanalimizga obuna bo'ling