Maqolalar 05/06/2025 Oliy ta’lim muassasalariga qabul bilan bog‘liq eng muhim ma’lumotlar

 Oliy ta’lim muassasalariga qabul Prezidentning PF–81-son Farmoniga  muvofiq “avval test, so‘ng tanlov” tamoyili asosida amalga oshiriladi.

Bunda abituriyentlarni ro‘yxatga olish my.uzbmb.uz sayti orqali ikki bosqichda amalga oshiriladi.

✅ 1-bosqichda (5-iyundan 25-iyunga qadar) quyidagilar tanlanadi:

➖ fanlar majmuasi (barcha uchun);

➖ ta’lim tili (barcha uchun);

➖ test topshirish alifbosi (ta’lim tili sifatida o‘zbek tili tanlansa);

➖ test topshirish hududi (barcha uchun).

➖ kasbiy (ijodiy) imtihon topshiriladigan OTM (alohida iqtidor talab etiladigan yo‘nalish tanlansa).

Bunda fanlar majmuasini aniqlash uchun tanlangan ta’lim yo‘nalishi abituriyent mazkur ta’lim yo‘nalishiga ro‘yxatdan o‘tganini anglatmaydi (ta’lim yo‘nalishi test sinovlaridan so‘ng tanlanadi). Bu fanlar majmuasini aniqlash uchun abituriyentlarga qulaylik yaratish maqsadida yo‘lga qo‘yilgan.

 Abituriyent alohida iqtidor talab etiladigan ta’lim yo‘nalishini tanlasa, kasbiy (ijodiy) imtihonni topshirish uchun o‘ziga qulay bo‘lgan OTMni tanlashi mumkin (test topshirish hududini tanlagani kabi). Bu abituriyent mazkur OTMga hujjat topshirganini anglatmaydi.

❗️ Joriy yildan boshlab fanlar majmuasida chet tili birinchi fan sifatida belgilangan ta’lim yo‘nalishlariga qabul xorijiy tilni bilish darajasini belgilovchi milliy yoki xalqaro sertifikat asosida amalga oshiriladi.

✅ Shu sababli chet tilini 1-fan sifatida tanlamoqchi bo‘lgan abituriyentlarda chet tilidan B2 va undan yuqori darajadagi milliy yoki xalqaro sertifikat bo‘lishi lozim.

Test sinovlarining o‘tkazilish sanalari abituriyentlarni ro‘yxatga olishning 1-bosqichi to‘liq yakunlangandan so‘ng Davlat komissiyasi tomonidan belgilanadi.

✅2-bosqichda (test sinovlari to‘liq yakunlanganidan so‘ng 15 kun davomida) quyidagilar tanlanadi:

➖ oliy ta’lim muassasasi (test sinovi topshirgan fanlar majmuasiga mos ta’lim yo‘nalishi mavjud OTM);

➖ bakalavriat ta’lim yo‘nalishi (test sinovi topshirgan fanlar majmuasi va ta’lim tiliga mos yo‘nalish);

➖ ta’lim shakli (turli ta’lim shakllarini tanlash mumkin);

➖ tanlov ustuvorligi (“Davlat granti” yoki “Ta’lim yo‘nalishi” ustuvorliklaridan biri).

Abituriyentning test sinovida to‘plagan ballari imtihon o‘tkazilgan kunning ertasiga, mandat natijalari esa ta’lim yo‘nalishlarini tanlash to‘liq yakunlangandan so‘ng bir hafta muddatda my.uzbmb.uz saytida e’lon qilinadi.

✅Texnikumda o‘qish istagini bildirgan abituriyentlar OTMlari uchun mandat natijasi e’lon qilinganidan so‘ng 10 kun muddatda quyidagilarni tanlaydi:

➖ texnikum;

➖ kasb va mutaxassislik;

➖ ta’lim shakli.

 Texnikumlar uchun mandat natijalari bir hafta muddatda my.uzbmb.uz saytida e’lon qilinadi.

#Maqola  
So'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Bizning Telegram-kanalimizga obuna bo'ling