O‘zbekiston Fanlar akademiyasi, Wonder Women xalqaro hamjamiyati hamkorligida Osiyo taraqqiyot banki ko‘magi bilan birinchi marta “O‘zbekiston olima ayollari” sayti yaratildi.
“Saytning asosiy maqsadi o‘zbek ilm-fanida o‘ziga xos maktablar yaratgan olimalarni, zamonaviy fanda yangiliklar qilayotgan iste’dodli, ilmli ayollar faoliyatini jahonga tanitish, shu bilan birga, mamlakatimiz fani rivoji uchun hissa qo‘shib kelayotgan o‘tmish va hozirgi zamon olimalarimizni bugungi kun qahramonlari sifatida namoyish etishdir”, deyiladi xabarda.
Platforma fizika-matematika, kimyo-biologiya va tibbiyot, ijtimoiy-gumanitar fanlarda zamonaviy tadqiqotlar bilan shug‘ullanayotgan fan doktorlari va professor olimalar haqida to‘liq ma’lumot beradi. Xabarga ko‘ra, kelgusida ham ushbu ma’lumotlar mazmun va son jihatdan yanada boyitib boriladi.
“Saytning jamiyat va fan hayotidagi ahamiyati ham mavjud. Ushbu platforma mazmunan ilmga hayajon va hayrat bilan kirib kelayotgan xotin-qizlarga ulkan ilmiy izlanishlari bilan tanilgan olimalar hayoti o‘rnak, namuna, bir so‘z bilan aytganda, model vazifasini o‘taydi”,-deyiladi Fanlar akademiyasi xabarida.
Ta’kidlanishicha, bunday tashabbusdan ko‘zlangan asosiy maqsad o‘zbek olimalari va ular olib borayotgan sermahsul izlanishlarni dunyoga ko‘rsatish, shuningdek, ilmli, ma’rifatli olima qizlarni jamiyatga, ilm-fanga tayyorlab berishdir.
#Yangiliklar