Yangiliklar 06/05/2025 O‘zbekistonda bir vaqtning o‘zida ikkita oliygohda o‘qish imkoniyati yaratilishi mumkin

So‘nggi yillarda O‘zbekistonda oliy ta’lim sohasi jadal rivojlanmoqda. 2017-yilda mamlakatda  77 ta oliy ta’lim muassasasi faoliyat yuritgan bo‘lsa, bugungi kunda ularning soni 203 taga yetgan. Talabalarni qamrab olish darajasi ham 9 foizdan 42 foizga oshgani kuzatilmoqda. Shuningdek, nodavlat oliy ta’lim muassasalari soni ortib, hozirda 69 ta nodavlat OTMda 170 mingdan ortiq yoshlar tahsil oladi.

Shu bilan birga, sohaga oid ba’zi tartib va cheklovlar bo‘yicha aholining murojaatlari ham ko‘paygan. Jumladan, fuqarolar bir vaqtning o‘zida davlat va nodavlat OTMlarda — masalan, kunduzgi va masofaviy yoki kechki va sirtqi shakllarda tahsil olish imkoniyatining cheklangani yuzasidan norozilik bildirmoqda.

Mazkur masalaga aniqlik kiritish maqsadida Oliy Majlis Senatining Fan, ta’lim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasi raisi Baxrom Abdullayev tomonidan Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov nomiga senator so‘rovi yuborildi.

So‘rovida senator amaldagi tartiblar, xususan, Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 20-iyundagi 393-son qaroriga asosan abituriyent faqat bir OTMga hujjat topshirishi va HEMIS tizimida bir marta ro‘yxatdan o‘tgan talaba boshqa muassasaga qayta ro‘yxatdan o‘ta olmasligi haqida tanqidiy fikr bildirgan. Bu holat yoshlarning bir nechta yo‘nalishda o‘qish istagini cheklab qo‘yayotgani aytilgan.

Senatorning ta’kidlashicha, xorijiy davlatlar tajribasida — xususan AQSH, Yevropa mamlakatlari, Rossiya va Qozog‘istonda — talabalar bir vaqtning o‘zida bir necha OTMda tahsil olib, ikki va undan ortiq diplomga ega bo‘lish imkoniyatiga ega.

Shu bois, senator Sharipovdan ushbu cheklovlarga aniqlik kiritish va fuqarolarga ikki OTMda bir vaqtda tahsil olish imkoniyatlarini qonunchilik nuqtayi nazaridan qayta ko‘rib chiqish zarurligini bildirgan.

#Yangiliklar  
So'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Bizning Telegram-kanalimizga obuna bo'ling