Maktablar 18/02/2025 Qorako‘l ixtisoslashtirilgan maktab-internati

   Buxoroning olis tumani, Qorako‘l tumanida, joylashgan ushbu maktab yaqin-yaqingacha zamonaviy  sharoit, qulay imkoniyatlarga ega emas edi. Ammo bu yerda yo‘lga qo‘yilgan o‘ziga xos ta’lim uslubi, metodikasi oddiy bir qishloq maktabini respublika darajasidagi mashhur ta’lim dargohiga aylantirdi.

    Maktab 2009-yilda ayrim fanlar chuqur o‘rganiladigan davlat ixtisoslashtirilgan umumta’lim maktabi ko‘rinishida tashkil etilgan. 2014-yildan viloyat xalq ta’limi boshqarmasi tasaffuridagi 1-son ayrim fanlar chuqur o‘rganiladigan ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktab-internatiga aylantirildi. Vazirlar mahkamasining 2019-yil 9-avgustdagi “Buxoro viloyati Qorako‘l tumanida “Xalqaro matematika maktabi”ni tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori bilan Xalqaro matematika maktabi sifatida qayta tashkil etildi.

   Davlat rahbarining Buxoro viloyatiga 2019-yilgi tashrifi chog‘ida shahardagi Sanoat kasb-hunar kolleji binosini maktab ixtiyoriga o‘tkazib, to‘liq ta'mirlash vazifasi belgilangan edi. Shundan so‘ng bu yerda ulkan qurilish-ta’mirlash ishlari amalga oshirildi. Jumladan, Prezident tomonidan 44,7 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltirilib, maktab binosi ta’mirlandi, hududi obodonlashtirildi.

   Binoda barcha sharoitlar yaratilgan, zamonaviy jihozlangan  64 ta sinf xona, faollar va sport zallari, kutubxona mavjud. Kutubxona jahon standartlariga javob beradigan tarzda ta’mirdan chiqqan bo‘lib, o‘quvchilar o‘zlariga kerak bo‘lgan elektron va an’anaviy kitoblardan bemalol foydalana olishadi. Shuningdek, maktabda o‘quvchilar uchun yotoqxona ham mavjud.

  Xalqaro matematika maktabida har yili iyul oyida 3 ta ta’lim yo‘nalishi - iqtisodiyot, texnika va tabiiy fanlar bo‘yicha Davlat test markazi tomonidan imtihon asosida 7-sinfdan o‘quvchilar qabul qilinadi.

   Maktab o‘quvchilari qisqa muddat ichida ma’lum yutuqlarga erishdi. Jumladan, xalqaro fan olimpiadalarida 24 ta oltin, 15 ta kumush va 17 ta bronza medaliga sazavor bo‘lgan. Boshqa xalqaro va respublika fan olimpiadalarida 100 dan ortiq medallarni qo‘lga kiritgan.

   Maktab o‘quvchilari orasida Ostonova Sevara Zulfiya nomidagi davlat mukofoti, Ismoilov Doniyor, Rajabboyev Lazizbek va Rahmatov Anvar “Mard o‘g‘lon” davlat mukofoti, Olimov Olimjon "O'zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 30 yilligi" esdalik ko'krak nishoni  bilan munosib taqdirlangan.

   Ta’lim borasida ko‘rsatgan fidoyiliklari, o’quvchilar va o‘qituvchilarning yuqori natijalarga erishishiga qo‘shgan munosib hissasi uchun 2019-yil 1-oktyabr kuni o‘qituvchi va murabbiylar bayrami munosabati bilan xalqaro maktab direktori Temir Ro‘ziyev Rajabovich “Mehnat Shuhrati” ordeni bilan taqdirlangan.

   Xalqaro matematika maktabining tajribasini ommalashtirish, hududlarda filiallarini tashkil etishga doir loyihalar yuzasidan davlat rahbariga ma’lumot berilgan. Shundan so‘ng Navoiy, Sirdaryo hamda Toshkent viloyatlarida ushbu maktabning filliallari tashkil etilgan.

   2022-yil Sh.Mirziyoyevning qaroriga binoan Xalqaro matematika maktabi Prezident ta’lim muassasalari agentligi tasarrufiga o‘tkazilgan va maktabga Prezident ta’lim muassasalari tasarrufidagi Qorako‘l ixtisoslashtirilgan maktab-internati nomi berilgan.

   Hozirgi kunda bu yerda 60 nafardan ortiq malakali o‘qituvchilar 470 nafar o‘quvchiga ta’lim bermoqda. Dars jarayonlari umumta’lim maktablaridan ko‘ra chuqurlashtirilgan tartibda o‘tiladi. Har chorakda 2 ta BSB va chorak oxirida 1 ta ChSB imtihoni agentlik tomonidan olinib, o‘quvchilar bilimi tekshiriladi. Dars soatlaridan tashqari qo‘shimcha to‘garaklar yo‘lga qo‘yilgan. O‘quvchilar xohishidan kelib chiqqan holda xohlagan to‘garaklariga qatnashishlari mumkin.

   Chuqurlashtirilgan ta’limdagi yoshlarning madaniy hordiq olishlari uchun maktabda turli xil bayram tadbirlari va suhbatlar uyushtiriladi. 2022-yilda yurtimizdagi maktablar orasida ilk marotaba maktabning ingliz tili o‘qituvchisi Feruza Bebutova o’quvchilari tomonidan Ted Talks (global mavzular bo‘yicha ingliz tilida suhbat) uyushtirilgan.

https://telegra.ph/file/db351c5257263faae05a1.jpg   Bundan tashqari maktabda Konsalting xizmati ham yo‘lga qo‘yilgan bo’lib, o‘quvchilarga mahalliy oliygohlar va xalqaro tanlovlar, grantlar va  stipendiyalar haqida ma’lumot berib boriladi. Bunday imkoniyatlardan foydalangan yoshlar misolida, Jumaqulov Mirfayz, Narmuratov Shohjahon, Oltmishov Javohir, Askarov Farruh, Yusupov Ruslan, Hamroyev Behzod, Mehmonova Shahrizoda kabi bitiruvchilarning top reytingdagi xalqaro universitet stpendiatlari bo‘lganliklarini aytishimiz mumkin.

   So‘nggi yillarda maktab bitiruvchilarining oliy ta’limga qabul qilish ko‘rsatkichlari yuqori bo‘lgani va xalqaro olimpiadalarda eng ko‘p medal olib kelayotgani sababli ham mamlakatimizning barcha hududlaridan, hatto poytaxtdan ham ota-onalar o‘z farzandini Qorako‘lga olib borib, o‘qitishmoqda.

   Maktabning erishgan yutuqlari va ta’lim uslubi haqida yanada ko’proq ma’lumot olish uchun quyidagi manzillarga murojaat qilishingiz mumkin:

Telegram: @PTMA_QORAKUL_IMI_UZ

Email: ims_karakul@umail.uz

Manzil: Buxoro v, Qorako'l t, Do‘stlik m, Ulug‘bek k, 102-uy

Telefon raqam: (99) 379-56-33

Sevinch Tolibjonova tayyorladi

#Maqola   #Maktab  
So'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Bizning Telegram-kanalimizga obuna bo'ling