So‘nggi yillarda jamiyatimizda ta’lim sohasiga qiziqish ortib bormoqda, xalqimiz orasida farzandini o‘qimishli bo‘lishini istovchi insonlar soni anchayin ko‘paygan. Bu o‘z navbatida ming yillar avval ota-bobolarimiz boshlagan va yaqin 100 yilda jadidlarimiz o‘z jonlarini tikib davom ettirgan ilm-u ma’rifat g‘oyalarining mevasidir.
Ajdodlarimiz qoldirgan ilmiy me’rosni avlodlarga yetkazish va jadidlarimizning oliy maqsadlarini amalga oshirish uchun bel bog‘lagan Registon ta’limi loyihasi o‘z faoliyatini boshlaganiga endigina 10 yil bo‘lgan bo‘lsada, 25.000ga yaqin yoshlarga ilm berdi, yurtimiz bo‘ylab 38 ta filial, 2 ta maktab, 2 ta texnikum va 1 ta nashriyot ochishga ulgurdi. 2000 ziyod insonlarni ish bilan ta’minladi.
Joriy yilning 14-dekabr kuni yoshlarning tom ma’noda suyanchig‘iga aylangan Registon o‘quv markazi tashkil topganligining 10 yillik shodiyonasi munosabati bilan, Alisher Navoiy nomidagi muhtasham kinochilar san’at saroyida Registon ta’lim konferensiyasi tashkil etildi. Statistika bo‘yicha, 80% o‘quv markazlar birinchi ikki yil ichida kasodga uchrashi, 95% o‘quv markazlar 10 yil ichida yopilib ketishi, har 100 tadan 5 tagina o‘quv markaz saqlanib qolishi va Registon ta’lim loyihasi ushbu 5’likka kirgani tashrif buyurgan mehmonlar tomonidan e’tirof etildi.
Mazkur tadbir avvalgilaridan farqli ravishda Odam Ato va Momo Havoning yerga tushirilishi, Imom Buxoriy, Amir Temur, Alisher Navoiy va Mahmudxo‘ja Behbudiylarning O‘QING va O‘QITING deb baralla chaqiriqlari bilan boshlandi. Shubhasiz-ki, ushbu chaqiriq barcha kuzatuvchilarni yanada ruhlantirdi.
Tadbirda Registon ta’limi loyihasining 10 yillik faoliyati davomida erishgan yutuqlari, bosib o‘tgan yo‘llari to‘g‘risidagi hujjatli film hamda, tadbir ishtirokchilariga loyiha tarixi aks ettirilgan albom sovg‘a qilindi. Filmda o‘quv markazi tashkil etish g‘oyasi paydo bo‘lishidan boshlab, hozirgi kunga qadar zabt etilgan marralar bayon etildi, loyihaning asosiy maqsadi ta’lim orqali jamiyatni rivojlantirish va jadidlarimizning orzularini amalga oshirish ekanligi ta’kidlandi.
Loyiha rahbari Avazbek Tulovov Yangi Milliy Uyg‘onish davri adabiyotining buyuk vakillaridan bo‘lgan Abdurauf Fitratning quyidagi she’riy misralarini yodga oldi va yoshlarning shijoatini yanada yuksaltirdi:
Og‘ir yigit, sening go‘zal, nurli ko‘zingda
Bu millatning saodatin, baxtin o‘qudim.
O‘ylashingda, turishingda hamda o‘zungda
Bu yurt uchun qutulishning borlig‘in ko‘rdim.
Turma - yugur, tinma - tirish, bukilma - yuksal,
Hurkma - kirish, qo‘rqma - yopish, yo‘rilma - qo‘zg‘al!
Yel yo‘lini to‘sib turgan eski bulutlarni
Yondirib qo‘y, yirtib tashla, barchasin yo‘q et.
Qilolmasang shu ishlarni,
Sening uchun xo‘rlikdir bu...
Yiqil, yo‘qol, ket!
Shundan so‘ng, xalqimiz sevgan san’atkorlar, Baxtiyor Rahmonov, Yorqinxo‘ja Umarov, Shohrux Ergashev, Sardor Toirov, Valijon Shamsiyev hamda Elmurod Haqnazarov o‘z chiqishlari bilan barcha qatnashchilarga xushkayfiyat ulashdi. Namoyish etilgan Lazerlar shousi tadbirga noodatiylik bag‘ishlabgina qolmay, har bir tomoshabin uchun esda qolarli namoyish bo‘ldi.
Tadbir dasturida Registon o‘quv markazi tomonidan e’lon qilingan tanlov g‘oliblarini taqdirlash marosimi ham bo‘lib o‘tdi.
Eng yaxshi hikoya nominatsiyasi bo‘yicha
1-o‘rin Tursunova Farangiz
2-o‘rin Axrorjonova Shahnoza
3-o‘rin Qoraboboyeva Gulnoza
G‘oliblar Nuriman Abdulhasanov hamda, Sherzod Beknazarov tomonlaridan taqdirlandi.
Eng yaxshi fotosurat nominatsiyasi bo‘yicha
1-o‘rin Ma’rufjon Omonov
2-o‘rin Bekzod Hasanov
3-o‘rin Nilufar Bo‘riyeva
G‘oliblarni "Yuksalish maktabi" asoschisi Muhammadali Eshonqulov taqdirladi.
Eng yaxshi videorolik nominatsiyasi bo‘yicha
1-o‘rin Hojiyaxon Aminova
2-o‘rin Marjona Jo‘rayeva
3-o‘rin Dilmurod Xudoyqulov
Sovrindorlarni MFaktor loyihasi asoschilaridan biri Hasan Mamasaidov taqdirladi va farzandi ilm olishi uchun sarflangan pul xarajat emas, balki kelajakka kiritilgan investitsiya ekanini yana bir bor ta’kidlab o‘tdi.
Kechaning eng kulminatsion nuqtasi esa Registon jamoasi o‘z rahbari Avazbek Tulovov hamda u kishining turmush o‘rtog‘i Shohida Davlatovnaga ta’lim yo‘lidagi qilgan xizmatlari uchun Umra safariga yo‘llanma sovg‘a qilishdi.
Registon o‘quv markazi jamoasi shunchaki jamoa emas, sizning va bizning farzandlarimizning taqdirini o‘zgartirishga harakat qilayotgan - oila!
Mohlaroyim Sherzodbek qizi