Vazirlar Mahkamasining tegishli qaroriga muvofiq, xalqaro darajada tan olingan milliy ta’lim dasturlarini ishlab chiqish va joriy etish bo‘yicha birinchi navbatdagi choralar tasdiqlandi.
Xabarga ko‘ra, Strategik islohotlar agentligi tashabbusi bilan, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi hamda xalqaro “IQF – Integrated Qualifications Framework” kompaniyasi hamkorligida Xalqaro malakalar va baholash markazi tashkil etilmoqda.
Markazning asosiy vazifalari – xalqaro standartlar asosida integratsiyalashgan dasturlarni ishlab chiqish, jumladan qurilish, muhandislik, axborot texnologiyalari, transport va logistika, turizm, mehmonxona xizmati va biznes boshqaruvi yo‘nalishlarida xalqaro ta’lim dasturlarini bosqichma-bosqich joriy etish, shuningdek, kasbiy malakalarni belgilash va mehnat bozoriga mos milliy malaka sertifikatlar tizimini yaratishdan iborat.
Dastlabki bosqichda markaz kasbiy va oliy ta’limning integratsiyalashgan dasturlari asosida tahsil olgan talabalar kreditlari va o‘qish natijalarini “Chartered Management Institute” xalqaro tashkiloti hamda Buyuk Britaniyaning yetakchi oliy o‘quv yurtlari (Gloucestershire, Hertfordshire, QA Higher Education, Northumbria, Ulster, West London, Central Lancashire, Wolverhampton) tomonidan tan olinishini ta’minlaydi.
Ta’kidlanishicha, markaz faoliyati mahalliy va xalqaro mutaxassislar ishtirokida yo‘lga qo‘yiladi va O‘zbekiston ta’lim tizimini xalqaro maydonga integratsiya qilishda muhim bo‘g‘inga aylanadi.
#Maqola