Maqolalar 17/12/2024 Xususiy maktablar bizga qanchalik kerak?

   Jamiyatda ta’lim mavzusi har doim dolzarb hisoblangan, shu sababli ta’limga oid barcha qarorlar, yangiliklar ota-onalarning diqqat markazida bo‘ladi. Har bir ota-ona borki farzandining kuchli bilimga ega bo‘lishini, jamiyatda salohiyatli kadr bo‘lib yetishishini istaydi. Ota-onalarning farzandi taqdiriga befarq emasligiga yana bir misol so‘nggi vaqtlarda ota-onalar o‘z farzandlarini xususiy maktablarga berishga intilmoqda. Maqsad farzandini sifatli ta’lim olishi uchun qulay sharoit yaratib berish.

   Xo‘sh, nima uchun xalqimiz bepul maktablar turib, farzandlarini xususiy maktabga berishga oshiqmoqda? Nodavlat ta’lim muassasalarining davlat maktablaridan farqli jihatlari nimada? Shu kabi savollarga javob tariqasida bugun sizga xususiy maktablarning ijobiy va salbiy jihatlarini tahlil qilamiz.

  Barchamizga ma’lumki xususiy maktablar ham xuddi davlat maktablari kabi davlat ta’lim standartlari (davlat talablari), o‘quv rejalari va o‘quv dasturlariga muvofiq davlat ta’lim normalari shaklida faoliyat yuritadi. Farqli jihati shundaki, nodavlat ta’lim muassasalarida samaradorlikni oshirish uchun xalqaro amaliyotlardan foydalanish mumkin. Bunday maktabni qanday topish mumkin? Agar muassasa nomida «International» so‘zi ishlatilsa, unda siz bu yerda chet ellik mutaxassislar ishlashi yoki xalqaro ta’lim tajribasi qo‘llanilishiga amin bo‘lishingiz mumkin. Ushbu shakl, albatta, ta’lim oluvchilar uchun manfaatli bo‘ladi bo‘ladi. Nodavlat ta’limda xalqaro tajribalardan o‘tgan ta’lim dasturi bo‘lishi yaxshi, ammo, bu davlat maktablaridan ustunlik beradi deb ayta olmaymiz. Chunki, ta’limda muassasa shakli emas, balki pedagog katta rol o‘ynaydi. Maktabdagi zamonaviy jihozlar bolaning ta’limga bo‘lgan qiziqishini o‘stirishga turtki bo‘ladi.

  Xususiy sektorda moddiy bazaning imkoniyatlari ancha kengroq, shuning uchun yaxshi jihozlangan xonalar, zamonaviy texnologiyalar va texnikadan foydalanish ilg‘or, sifatli ta’lim bilan birga kechadi. Biroq bu omil barcha xususiy maktablarda mavjud emas. Jihozlanish ko‘lamini qandayligini aniqlash uchun NTM (nodavlat ta’lim muassasasi)dagi oylik to‘lov miqdoriga e’tibor bering. Pul qanchalik yuqori bo‘lsa, maktab shuncha ko‘proq jihozlangan bo‘ladi. Xususiy maktabning afzalliklaridan yana biri shuki xususiy maktab sinflarida o‘rtacha 15-20 nafar bola ta’lim oladi. Bu o‘qituvchiga sinfdagi har bir bolaga e’tibor berish imkonini yaratadi.

  Ota-onalarning fikricha xususiy maktablarda baholar faqat ijobiy bo‘lishi kerak. Bu maktab shakliga uncha bog‘liq bo‘lmagan omil. Chunki, ta’limdagi muvaffaqiyat maktab nomi va ota-onaning puliga emas, balki o‘quvchi hamda pedagogning o‘ziga bog‘liq. Agar bola davlat maktabidan xususiy maktabga o‘tkazilsa, bu uning natijalari yaxshilanishiga kafolat bermaydi.

   Xususiy maktabning yana bir qulayligi u yerda xavfsizlik ta’minlangan. Qo‘riqlash xizmati yaxshi shakllantirilganligi sababli hududga begonalar kira olmaydi.

  Barchamizga sir emas, NTMda bolani o‘qitish baribir cho‘ntakka ancha qimmatga tushadi. Xususiy sektorda o‘qitishning qiymati jihozlar va muassasaning mashhurligiga qarab belgilanadi. Innovatsion va yaxshi jihozlangan maktabda ta’lim narxi o‘rtacha oyiga 2 milliondan 5 million so‘mgacha bo‘ladi. Mamlakatdagi o‘rtacha ish haqi hisobga olinsa, bunday maktablar ko‘pchilik uchun ancha qimmatlik qiladi. Faqatgina ijtimoiy qo‘llab-quvvatlovga muhtoj oilalarning iste’dodli va iqtidorli bolalari uchun NTMda bepul ta’lim olish imkoniyati mavjud. Bunday bolalar tanlov asosida va jami o‘quvchilar umumiy sonining 10 foizidan kam bo‘lmagan chegarada olinadi.

 Albatta, muassasani tanlash ota-onalar ixtiyorida, lekin o‘quvchining xohish-istaklari haqida unutish kerak emas. Maktabda siz emas, balki farzandingiz o‘qiydi! Maktab binosi, jihozlar va mashhur nomga e’tibor berib, inson omili haqida ham unutmang.

 

                          Ma’mura To’rayeva tayyorladi       

 

 

#Maqola  
So'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Bizning Telegram-kanalimizga obuna bo'ling