Maqolalar 18/05/2025 Baholarni o‘z vaqtida qo‘ymaydigan o‘qituvchilarga qanday chora ko‘rish mumkin?

Mehnat kodeksining 313-moddasi uchinchi qismida intizomiy jazo chorasini qo‘llashda sodir etilgan qilmishning og‘ir-yengilligi, uning sodir etilishi holatlari, xodimning avvalgi ishi va xulq-atvori hisobga olinishi belgilangan. 

Shunga ko‘ra, o‘qituvchi baholarning o‘z vaqtida qo‘yilmasligi, bu mehnat intizomini buzish hisoblanishi mumkin. Intizomiy ta’sir chorasi xodim haqiqatda o‘z mehnat majburiyatlarini bajarmaganda qo‘llaniladi.  

Bunda Mehnat kodeksining 312-moddasiga muvofiq mehnat intizomini buzganligi uchun ish beruvchi xodimga quyidagi intizomiy jazo choralarini qo‘llashga haqli: 

  • – hayfsan; 
  • – o‘rtacha oylik ish haqining o‘ttiz foizidan ko‘p bo‘lmagan miqdorda jarima. Ichki mehnat tartibi qoidalarida xodimga o‘rtacha oylik ish haqining ellik foizidan ko‘p bo‘lmagan miqdorda jarima solinishi hollari nazarda tutilishi mumkin. 
  • – mehnat shartnomasini bekor qilish. 

Ya’ni xodim mehnat intizomini buzganda unga yuqoridagi ta’sir choralaridan biri qo‘llaniladi. Bunda xodim sodir etgan qilmish uchun faqat bitta intizomiy ta’sir chorasi qo‘llashi mumkin. 

Aytish kerakki, bunda xodimga yuqoridagi intizomiy ta’sir choralari navbatma-navbat qo‘llanilmaydi. Mehnat intizomini buzishning darajasiga qarab ish beruvchi yuqoridagi choralardan birini tanlashga haqli. 

Bundan tashqari, xodim bunday holatda birinchi marta ogohlantirilishi talab etilmaydi. Bunda ushbu kodeks 313-moddasi qoidalariga rioya qilish talab etiladi. 

Ya’ni ish beruvchi xodimdan intizomiy jazo chorasi qo‘llanilguniga qadar yozma tushuntirishni talab qilishi, shu jumladan, agar intizomiy qilmish xizmat tekshiruvi natijalariga ko‘ra aniqlangan bo‘lsa, talab qilishi shart. 

Xodimning yozma tushuntirish taqdim etishni rad etganligi intizomiy jazo chorasi qo‘llanilishi uchun monelik qilmaydi va hozir bo‘lgan guvohlar ko‘rsatilgan holda dalolatnoma bilan rasmiylashtiriladi. 

Qoidaning mazmuniga ko‘ra, pedagogdan birinchi galda tushuntirish xati olinishi kerak. Agar o‘qituvchi tushuntirish xati yozishdan bosh tortsa, holat bo‘yicha dalolatnoma rasmiylashtirilishi kerak bo‘ladi. 

Shundan so‘ng ish beruvchining xodimga nisbatan intizomiy jazo chorasini qo‘llash to‘g‘risidagi buyrug‘i qabul qilingan kundan e’tiboran uch ish kuni ichida, xodim ishda bo‘lmagan vaqt hisobga olinmasdan, unga jazoning sabablari ko‘rsatilgan holda imzo qo‘ydirib e’lon qilinadi. 

Agar bu qoidalarga rioya qilinmagan bo‘lsa, unda intizomiy ta’sir chorasi noto‘g‘ri qo‘llanilgan bo‘ladi. Bunda xodim tuman adliya bo‘limiga shikoyat qilishi mumkin.

#Maqola  
So'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Bizning Telegram-kanalimizga obuna bo'ling